Qirg‘iziston BMT Xavfsizlik Kengashiga a’zo bo‘ldi

Qirg‘iziston ilk bor BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy bo‘lmagan a’zosi sifatida saylandi. Mamlakat Osiyo-Tinch okeani mintaqasi uchun ajratilgan o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Qirg‘iziston BMT Xavfsizlik Kengashiga a’zo bo‘ldi © БМТ

Qirg‘iziston Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashiga ilk bor a’zo bo‘ladi. Mamlakat ovoz berishning to‘rtinchi turida 142 ta ovoz to‘plab, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi davlatlari guruhidan ajratilgan bir o‘rin uchun kurashgan Filippinni ortda qoldirdi.

BMT Xavfsizlik Kengashi a’zolari

BMT Xavfsizlik Kengashi 15 ta davlatdan iborat. Ularning beshtasi – Buyuk Britaniya, Xitoy, Rossiya, AQSH va Fransiya – doimiy a’zo bo‘lib, veto huquqiga ega.
Qolgan o‘nta a’zo ikki yillik muddatga saylanadi. 2026-yil oxirida beshta doimiy bo‘lmagan a’zo – Gretsiya, Daniya, Pokiston, Panama va Somalining vakolat muddati tugaydi. Ularning o‘rnini yangi saylangan davlatlar egallaydi.
Qirg‘iziston bilan birga yana quyidagi davlatlar saylandi: Avstriya va Portugaliya (G‘arbiy Yevropa va boshqa davlatlar guruhidan), Trinidad va Tobago (Lotin Amerikasi va Karib havzasi guruhidan) hamda Zimbabve (Afrika davlatlari guruhidan).
Saylanish uchun davlatlar BMTga a’zo mamlakatlarning kamida uchdan ikki qismi ovozini, ya’ni 127 ta ovozni olishi kerak edi.

Теглар

Мавзуга оид