Qozog‘istonda «Burger King» va «Starbucks» brendlari atrofida mojarolar

22.02.2026 | 08:572 дақиқа

Qozog‘istonda «Burger King» va «Starbucks» jamoatchilik tanqidi markaziga tushdi. Inklyuzivlik va diniy hassoslik masalalari biznes uchun jiddiy imtihonga aylanmoqda.

Qozog‘istonda «Burger King» va «Starbucks» brendlari atrofida mojarolar

Qozog‘istonda xalqaro fastfud va kofe tarmoqlari atrofida ikki alohida mojaro yuzaga keldi. «Burger King Kazakhstan» autist xodim bilan bog‘liq holat sabab tekshiruv boshladi va ikki hududiy rahbar — Sergey hamda Anastasiya kompaniyani tark etdi. Shu bilan bir vaqtda, «Starbucks» Ramazon oyiga bag‘ishlangan aksiyasi ortidan tanqidlarga uchradi.

 

Autist xodimning bo‘shatilishi

Mojaro Janat Qaratayning «Threads» ijtimoiy tarmog‘idagi posti orqali ommalashdi. Uning aytishicha, o‘g‘li Alibek Qaratay «Burger King»da to‘rt yildan beri ishlab kelgan, biroq rahbariyatga rossiyalik ekspatlar kelgach, ish muhiti o‘zgargan va uni ishdan bo‘shatishga urinishlar bo‘lgan.

burher star 1

Kompaniya o‘zining dastlabki bayonotida xodim «sobiq» ekanini bildirgan, keyin esa u ishdan bo‘shatilmaganini ma’lum qilib, korporativ standartlar va hurmat tamoyillariga sodiq ekanini, har qanday diskriminatsiyani qabul qilmasligini ta’kidlagan.

Kompaniya versiyasiga ko‘ra, 29-yanvar kuni xodim ta’til olish niyatini bildirgan va shundan keyin ishga chiqmagan. 6-fevral kuni esa onasi tomonidan yozilgan ishdan bo‘shash arizasi taqdim etilgan. Shu bilan birga, xodimni boshqa restoranga o‘tkazish taklifi berilgani aytildi.

Qozog‘iston Mehnat vazirligi holat nazoratga olinganini ma’lum qildi.

 

Ramazon aksiyasi bahsi

Ayni paytda «Starbucks» Ramazon munosabati bilan «ikkita kofe — bitta narxda» aksiyasini e’lon qildi. Biroq aksiya 12:00–14:00 oralig‘ida amal qilgani foydalanuvchilar tanqidiga sabab bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoqlarda bu vaqt ro‘za tutuvchilar uchun noqulay ekani, taklif amalda ular uchun mavjud emasligi ta’kidlandi.

burher star 2

Ayrim foydalanuvchilar buni diniy his-tuyg‘ularga nisbatan hurmatsizlik sifatida baholadi. Shuningdek, kompaniya nomi G‘azodagi harbiy harakatlar fonida Isroilni qo‘llab-quvvatlash ayblovlari sabab ayrim davlatlarda boykot ro‘yxatlarida ekani eslatildi. Norozilik to‘lqinidan so‘ng reklama posti barcha sahifalardan o‘chirilgan, biroq rasmiy izoh berilmagan.

 

Korporativ xatarlar

Ikki holat biznes uchun ijtimoiy mas’uliyat va reputatsiya xavflari qanchalik ahamiyatli ekanini ko‘rsatdi. Inklyuzivlik, mehnat huquqlari va madaniy hassoslikka oid xatolar global brendlar uchun bozordagi mavqega ta’sir qilishi yana o‘z isbotini topdi. Mutaxassislarning fikricha, jamoatchilik bilan kommunikatsiya shaffof va tezkor bo‘lishi shart.

Hozircha har ikki holat bo‘yicha tekshiruv va kompaniyalar pozitsiyasi to‘liq yakunlanmagan.

Теглар

Мавзуга оид