Qozog‘istonda qo‘y go‘shti narxi rekord darajada oshmoqda

Бугун 20:252 дақиқа

Qozog‘istonda qo‘y go‘shti bir hafta ichida 2,5 foizga qimmatladi. Eksport hajmining keskin o‘sishi narxlarning so‘nggi 15 yildagi eng yuqori sur’atlarda oshishiga olib kelishi mumkin.

Qozog‘istonda qo‘y go‘shti narxi rekord darajada oshmoqda © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

Qozog‘istonda qo‘y go‘shti narxi keskin o‘sishda davom etmoqda. Milliy statistika byurosi ma’lumotlariga ko‘ra, 20–26-may kunlari orasida qo‘y go‘shti narxi 2,5 foizga oshgan. Bu 2026 yil boshidan beri ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlari ro‘yxatiga kiritilgan ushbu mahsulot uchun qayd etilgan eng katta haftalik o‘sish hisoblanadi.

Data Hub tahlilchilari ta’kidlashicha, xuddi shunday o‘sish butun aprel oyi davomida ham kuzatilgan edi. Ya’ni bir haftadagi qimmatlashuv avvalgi bir oylik ko‘rsatkichga teng bo‘ldi.

Eksport ta’siri

May oyi boshidan buyon Qozog‘istonda qo‘y go‘shti narxi umumiy hisobda 4,7 foizga oshgan. Mutaxassislar mavjud tendensiya saqlanib qolsa, may oyi yakunlari bo‘yicha narxlar o‘sishi so‘nggi kamida 15 yildagi eng yuqori darajaga chiqishi mumkinligini aytmoqda.

Shu bilan bir vaqtda mol go‘shti bozorida nisbatan barqarorlik kuzatilmoqda. Hafta davomida suyakli mol go‘shti narxi 0,2 foizga oshgan bo‘lsa, suyaksiz mol go‘shti narxi o‘zgarishsiz qolgan. Aprel oyida esa mol go‘shti o‘rtacha 1,5 foizga qimmatlagan.

O‘zbekiston asosiy xaridor

Tahlilchilar mol go‘shti narxining sekinlashishini 2026 yil boshidan joriy qilingan eksport kvotalari bilan izohlamoqda. Natijada yilning birinchi choragida mol go‘shti eksporti o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 33 foizga qisqargan.

Qo‘y go‘shtiga nisbatan esa bunday cheklovlar qo‘llanilmagan. Natijada 2026 yilning dastlabki uch oyida qo‘y go‘shti eksporti 59 foizga oshgan. 2025 yil yakunlarida ham eksport qariyb ikki baravarga ko‘paygan edi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Qozog‘iston qo‘y go‘shti eksportining 99 foizi O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri keladi.

Теглар

Мавзуга оид