Rog‘un GES qurilishida avariya: beshdan ortiq ishchi jarohatlangani aytilmoqda
Hodisa yuzasidan rasmiy izoh berilmagan, qurilishdagi mehnat xavfsizligiga oid savollar esa yana dolzarblashdi.
© Foto: https://www.ritmeurasia.ruTojikistondagi Rog‘un gidroelektr stansiyasi qurilish maydonidagi tunnellardan birida tuproq o‘pirilishi yuz berdi. Hodisa 22-oktabr kuni sodir bo‘lgan.
Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, bir nechta kishi tuproq ostida qolgan va beshdan ortiq ishchi jarohatlangan.
Qayd etilishicha, tunnel yaqinidagi qoyali hududda qazish ishlari vaqtida tuproq va toshlar to‘planib qolgan. Keyinchalik yig‘ilgan suv ta’sirida ushbu massa pastga qulagan.
Rog‘un GESi vakillari hozircha voqea yuzasidan hech qanday izoh bermadi.
GES qurilishida avval ham ishchilar halok bo‘lgan
Rog‘un GESi qurilish maydonidagi xavfsizlik masalalari avval ham ko‘tarilgan. 2024 yil 12-noyabrda stansiyada sodir bo‘lgan boshqa bir baxtsiz hodisa oqibatida uch ishchi halok bo‘lgan, yana bir kishi jarohatlangan edi.
2025 yil yanvar oyida mazkur hodisa bo‘yicha tekshiruv natijalari ham ma’lum qilingan.
«Asia-Plus» nashrining xabariga ko‘ra, Tojikistondagi tegishli davlat xizmati rahbari San’at Rahim ishchilar platformani mahkamlashda talab qilingan olti nuqta o‘rniga uch nuqtadan foydalanganini va montaj kamarlarini taqmaganini bildirgan. Og‘ir yuk beqarorlashib siljiganidan keyin arqon uzilib, ishchilar va konstruksiya qulagan. Hodisa yuzasidan mas’ul shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani ham ma’lum qilingan.
Qurilishda 20 mingdan ortiq kishi ishlaydi
Rog‘un GESida mehnat sharoitlari va ishchilar xavfsizligiga oid tartiblar ham yangilangan. «Asia-Plus»ning tahliliga ko‘ra, 2026 yil sentabrida xodimlarni boshqarish, mehnat sharoitlari va xavfsizligini ta’minlash hamda ishchilar huquqlarini himoya qilish tartibining yangi tahriri e’lon qilingan.
Hujjat Tojikiston qonunchiligi va «Jahon banki»ning mehnat munosabatlariga oid ESS2 standarti hisobga olingan holda ishlab chiqilgan.
Hujjat ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yil avgust holatida GES qurilishida 20 563 kishi ishlagan. 2023 yil oxirida bu ko‘rsatkich 14 877 nafarni tashkil etgan. Uch yilga yaqin vaqt ichida qurilishdagi xodimlar soni taxminan 38 foizga oshgan.
«Asia-Plus» avvalgi hujjatlar va tekshiruv natijalarini tahlil qilib, 2023 yilda ayrim pudratchilarda mehnat shartnomalarini rasmiylashtirish, ish vaqti va dam olish tartibi, himoya vositalari, yoritish hamda uskunalar xavfsizligi bo‘yicha kamchiliklar qayd etilganini yozgan.
Rog‘un GESi nima uchun muhim?
Rog‘un GESi Tojikistonning Vaxsh daryosida qurilmoqda. Loyiha tugallanganda to‘g‘on balandligi 335 metrga yetishi va stansiyaning o‘rnatilgan quvvati 3 780 megavattni tashkil etishi rejalashtirilgan.
«Jahon banki» ma’lumotlariga ko‘ra, stansiya yiliga 14 400 gigavatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarishi, Tojikistondagi 10 million kishining arzon va ishonchli elektr energiyasidan foydalanish imkoniyatini yaxshilashi kutilmoqda. Ortiqcha elektr energiyasining bir qismini Qozog‘iston va O‘zbekistonga eksport qilish ham rejalashtirilgan.
2026 yil 30-iyunda «Jahon banki» loyihaning ikkinchi bosqichini moliyalashtirish uchun 300 million dollarlik grantni ma’qullagan. Bu mablag‘ qurilish ishlari, elektr energiyasi ishlab chiqarish uskunalari, sifat nazorati va xavfsizlik choralarini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.
«Jahon banki»ning Rog‘un GESi bo‘yicha loyiha sahifasi bankning umumiy moliyaviy majburiyatlari 650 million dollarga yetganini qayd etgan.



