Logo

Rossiya hukumati pul izlamoqda: Putin boylarni ko‘proq soliqqa tortmoqchi

Кеча 22:105 дақиқа

Rossiyada budjet taqchilligi kuchayishi va harbiy xarajatlar ortishi fonida hukumat boy fuqarolar, sarmoyadorlar va yirik kompaniyalar uchun yangi soliqlarni joriy qilishni taklif etmoqda.

Rossiya hukumati pul izlamoqda: Putin boylarni ko‘proq soliqqa tortmoqchi

Vladimir Putin boshchiligidagi Rossiya hukumati mamlakat budjetiga qo‘shimcha daromad jalb qilish maqsadida soliq yukini oshirishni rejalashtirmoqda. Bu yangi choralar birinchi navbatda investitsiyalaridan daromad oladigan fuqarolar, konchilik va metallurgiya kompaniyalari, shuningdek, xorijiy onlayn savdo platformalari orqali amalga oshiriladigan xaridlarni qamrab oladi. Mazkur o‘zgarishlar Rossiyaning 2027–2029 yillarga mo‘ljallangan yangi budjet loyihasi doirasida ishlab chiqilgan.

Associated Press (AP) agentligining xabar berishicha, Rossiya federal budjeti taqchilligi 2026 yilning yanvar–avgust oylarida 5,8 trln rublga yetgan. Bu o‘tgan yilning mos davridagi ko‘rsatkichdan qariyb 50 foiz ko‘p.

Rossiya Moliya vazirligining keyingi ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar–sentabr oylarida budjet taqchilligi 5,186 trln rublni yoki YAIMning 2,2 foizini tashkil etgan. Sentyabr oyida budjetda qariyb 609 mlrd rubllik profitsit yuzaga kelgani sababli to‘qqiz oylik taqchillik sakkiz oylik ko‘rsatkichdan kam bo‘lgan.

 «Kiyev iqtisodiyot maktabi» («KSE») hisob-kitoblariga ko‘ra, sakkiz oylik taqchillik hukumatning 2026 yil uchun qayta ko‘rib chiqqan 4,8 trillion rubllik yillik rejasidan ham 21 foizga oshib ketgan.

Rossiya Moliya vazirligi ma’lumotlari ham budjetdagi jiddiy bosimni tasdiqlaydi. 2026 yilning yanvar–sentabr oylarida federal budjet daromadlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 10 foizga o‘sib, 29,6 trillion rublni tashkil etgan. Biroq xarajatlar ham 14,5 foizga ko‘payib, 34,8 trillion rublga yetgan.

Ayniqsa, neft-gaz sohasidan keladigan daromadlarning kamayishi budjet uchun qo‘shimcha bosh og‘rig‘i bo‘lmoqda. To‘qqiz oy davomida ushbu manbadan tushgan tushum 17,2 foizga qisqarib, 5,47 trillion rublni tashkil etgan. Neft-gazdan tashqari bo‘lgan boshqa daromadlar esa 18,8 foizga o‘sgan. Lekin bu o‘sishga qaramay, xarajatlarning o‘sish sur’ati daromadlarnikidan yuqoriligicha qolmoqda.

Shu sababli Moliya vazirligi 2026 yil uchun budjet taqchilligi prognozini avvalgi 3,786 trillion rubldan keskin oshirib, 7,345 trillion rublgacha chiqardi. Bu mamlakat YAIMning 3,2 foiziga teng. Holbuki, ilgari yillik taqchillik YAIMning atigi 1,6 foizi darajasida bo‘lishi rejalashtirilgan edi.

29-oktabr kuni Davlat dumasi 2027–2029 yillarga mo‘ljallangan budjet loyihasini birinchi o‘qishda ma’qulladi. Unga ko‘ra, 2027 yilda federal budjetning daromadlari 43,3 trillion rubl, xarajatlari esa 48,74 trillion rubl bo‘lishi kutilmoqda. Taqchillik 5,44 trillion rubl yoki YAIMning 2,2 foizi darajasida rejalashtirilgan. 2028 yilda taqchillik 5,12 trillion, 2029 yilda esa 5,25 trillion rubl bo‘lishi prognoz qilingan.

Boy fuqarolar va sarmoyadorlarning daromadiga soliq oshadi

Yangi soliq paketining eng asosiy yo‘nalishlaridan biri — jismoniy shaxslarning investitsiya va mol-mulkdan oladigan daromadlarini umumiy soliq bazasiga kiritishdir. Hozirgi vaqtda Rossiyada faqat mehnat daromadlari uchungina progressiv soliq shkalasi mavjud. Biroq dividendlar, qimmatli qog‘ozlar bilan operatsiyalar hamda mol-mulk sotishdan tushgan daromadlarning ayrim turlari alohida, pastroq stavkada soliqqa tortiladi.

Hukumatning taklifiga ko‘ra , 2027 yil 1-yanvardan boshlab ushbu daromadlarning aksariyati xuddi ish haqi kabi yagona soliq bazasida hisoblanishi mumkin. Natijada ularga ham 13 foizdan to 22 foizgacha bo‘lgan progressiv stavkalar qo‘llaniladi.

Taklif etilayotgan shkala quyidagicha:

·         Yillik soliq solinadigan daromadning 2,4 million rublgacha bo‘lgan qismiga — 13 foiz;

·         2,4 million rubldan 5 million rublgacha bo‘lgan qismiga — 15 foiz;

·         5 million rubldan 20 million rublgacha bo‘lgan qismiga — 18 foiz;

·         20 million rubldan 50 million rublgacha bo‘lgan qismiga — 20 foiz;

·         50 million rubldan yuqori qismiga esa — 22 foiz.

 «The Moscow Times» nashri ma’lumotlariga ko‘ra, bu o‘zgarishlar qariyb 4 million nafar yuqori daromadli Rossiya fuqarosiga taalluqli bo‘lishi kutilmoqda. Hozirda ushbu daromadlarning ayrim turlari yiliga 2,4 million rublgacha bo‘lgan qismi uchun 13 foiz, undan yuqori qismi uchun esa 15 foiz stavkada soliqqa tortilib kelinmoqda.

Harbiy budjet o‘smoqda, iqtisodiyotning boshqa sohalariga mablag‘ kamayadi

Soliq yukining oshirilishi ortida, aslida, Rossiya budjeti xarajatlarining o‘zgarib borayotgan tarkibi turibdi. Mamlakat hukumati 2027 yilda mudofaa uchun rekord darajada — 17,1 trillion rubl ajratishni rejalashtirgan. Bu avvalgi budjet rejasida ko‘zda tutilgan 13,5 trillion rubldan 27 foiz ko‘pdir. «Reuters» agentligining hukumat hujjatlari asosida xabar berishicha, bu 2022 yilda Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urush boshlanganidan beri mudofaa uchun rejalashtirilgan eng katta mablag‘ hisoblanadi.

2027 yilda mudofaa xarajatlari federal budjet umumiy xarajatlarining qariyb 35 foizini tashkil qilishi mumkin. 2027–2029 yillarda mudofaa uchun jami 50 trillion rubl ajratish rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, «Reuters» o‘rgangan budjet hujjatlarida fuqarolik yo‘nalishlarining ayrimlari bo‘yicha avvalgi rejalarga nisbatan qisqarishlar nazarda tutilgani ma’lum bo‘ldi. Xususan, 2027 yilda ijtimoiy siyosat xarajatlari 7 foizga, ta’lim 6 foizga, sog‘liqni saqlash esa 6,8 foizga kamaytirilishi rejalashtirilgan. Yo‘l qurilishi, infratuzilma, qishloq xo‘jaligi subsidiyalari va boshqa sohalarni qamrab oluvchi «milliy iqtisodiyot» yo‘nalishi xarajatlari esa 7,4 foizga qisqarishi kutilmoqda.

Albatta, Rossiya budjeti taqchilligini qoplash uchun faqat soliqlardan foydalanilmaydi. Hukumat ichki bozorda davlat obligatsiyalarini joylashtirish orqali ham faol qarz jalb qilmoqda. «Reuters» ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya 2027 yilda ichki qarz olish hajmini 7,7 trillion rublga yetkazishni rejalashtirgan. Bu 2026 yilgi rejadan 43 foiz ko‘p. Davlat qarzining YAIMga nisbati 2026 yildagi 19,9 foizdan 2027 yilda 21,7 foizgacha ko‘tarilishi kutilmoqda.

Yana bir yirik moliyalashtirish manbai — «Milliy farovonlik jamg‘armasi»dir. Bu jamg‘arma avvaldan to‘plangan neft-gaz daromadlarining bir qismini saqlash uchun tashkil etilgan. Rossiya Moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yil 1-sentabr holatiga uning umumiy hajmi 13,2 trillion rublni yoki prognoz qilinayotgan YAIMning 5,6 foizini tashkil etgan. Ammo sarflash uchun mavjud likvid aktivlar atigi 4 trillion rubl atrofida bo‘lib, bu YAIMning bor-yo‘g‘i 1,7 foiziga teng bo‘lgan, xolos.

«Reuters» va «AP» ma’lumotlariga ko‘ra, xalqaro sanksiyalar Rossiyaning tashqi obligatsiyalar bozoriga chiqish imkoniyatlarini jiddiy cheklab qo‘ygan. Shu sababli mamlakat ichki banklar va investorlardan qarz olishga ko‘proq tayanmoqda. Kiyev iqtisodiyot maktabi tahlilchilari esa agar hozirgi tendensiyalar davom etsa, Rossiyaning moliyaviy zaxiralari 2028 yil boshiga kelib tugashi mumkinligini bildirgan.

Iqtisodchi Kris Viferning «AP» agentligiga bildirishicha, Rossiya 2027 yilda va ehtimol 2028 yilda ham budjet taqchilligini moliyalashtirish imkoniyatiga ega. Biroq buning uchun aholi va biznes zimmasiga tushadigan soliqlar hamda boshqa xarajatlar muqarrar ravishda oshishi mumkin. Uning fikricha, budjet mablag‘larining asosiy qismi harbiy ehtiyojlarga yo‘naltirilishi natijasida infratuzilma va iqtisodiyotning odatiy rivojlanishi uchun juda kam resurs qoladi.

Shunday qilib, Rossiya hukumati budjet taqchilligini soliqlar, ichki qarz va zaxiralar hisobidan qoplashga harakat qilmoqda. Biroq mudofaa xarajatlarining doimiy ustuvorligi, neft-gaz daromadlarining pasayishi va iqtisodiyotning fuqarolik tarmoqlaridagi muammolar davlat moliyasiga bosimni saqlab qolmoqda.

Теглар

Мавзуга оид

Rossiya hukumati pul izlamoqda: Putin boylarni ko‘proq soliqqa tortmoqchi | Vaqt.uz