Rossiya Markaziy banki 2025-yilni 185 mlrd rubl zarar bilan yakunladi
Rossiya regulyatori bir yil avvalgi rekord darajadagi foydadan so‘ng yana moliyaviy yo‘qotishlarga yuz tutdi: Markaziy bankning 2025-yilgi sof zarari 184,8 mlrd rublni tashkil etdi.

Markaziy bankning yillik hisobotiga ko‘ra, 2024-yildagi 199,5 mlrd rubllik foydadan so‘ng tizimda keskin pasayish kuzatilgan. Bunday yirik zarar oxirgi marta 2022-yilda (720 mlrd rubl) qayd etilgan edi. Regulyatorning tushuntirishicha, salbiy natijaga kredit tashkilotlarini qayta moliyalashtirish hajmining qisqarishi va yuqori stavkali kreditlar ulushining kamayishi sabab bo‘lgan. Oqibatda Markaziy bankning foizli daromadlari uchdan bir qismga kamayib, 801,8 mlrd rublga tushdi, vaholanki 2024-yilda bu ko‘rsatkich 1,2 trln rublni tashkil etgan edi.
Regulyatorning umumiy daromadlari 31,7 foizga qisqarib, 942,2 mlrd rublni tashkil etdi. Xususan, qimmatli qog‘ozlar, xorijiy valuta va qimmatbaho metallar bilan bog‘liq operatsiyalardan tushadigan foyda ham sezilarli darajada kamaygan. Biroq, shu’ba korxonalardagi ishtirokdan olingan daromadlar 2,7 baravarga oshib, 52,9 mlrd rublga yetdi. Bu o‘sishning asosiy qismi Milliy to‘lov kartalari tizimi (NSPK) hissasiga to‘g‘ri keldi — u 46,6 mlrd rubl daromad keltirgan.
Xarajatlar va xodimlar soni
Markaziy bankning umumiy xarajatlari 4,6 foizga kamaygan bo‘lsa-da, xodimlarni saqlash xarajatlari 5,4 foizga oshib, 160,5 mlrd rublni tashkil etdi. Qizig‘i shundaki, xarajatlar oshishi fonida xodimlarning o‘rtacha soni 8 foizga qisqarib, 40,2 ming kishiga tushgan. Ya’ni, xodimlar soni kamaygan bo‘lsa-da, maosh va boshqa ijtimoiy to‘lovlar miqdori oshgan.
Yana bir yangi omil — litsenziyasi qaytarib olingan banklar bo‘yicha 65,3 mlrd rubllik zaxiralar yaratilishi bo‘ldi. 2024-yilda bunday xarajatlar mavjud emas edi, biroq 2025-yilda to‘rtta kredit tashkiloti o‘z litsenziyasidan mahrum bo‘ldi. Bu esa bank tizimidagi ichki tozalash ishlari regulyator uchun qo‘shimcha moliyaviy yuk bo‘lib tushayotganini anglatadi.
Aktivlarning qisqarishi
Bank Rossiya aktivlari yil davomida 2,5 foizga qisqarib, 69,19 trln rublni tashkil etdi. Asosiy kamayish xorijiy valuta va qimmatbaho metallardagi aktivlar hisobiga to‘g‘ri kelgan — ular 2,48 trln rublga kamaygan. Bu jarayon Rossiyaning oltin-valuta zaxiralari tarkibidagi o‘zgarishlar va xalqaro sanksiyalar fonida aktivlarni boshqarish murakkablashayotgani bilan izohlanmoqda.
Ekspertlarning fikricha, Markaziy bankning zarar bilan chiqishi iqtisodiyotdagi inflyatsion bosim va pul-kredit siyosatining qattiqlashuvi bilan bog‘liq. Regulyator likvidlikni tizimdan yig‘ib olish (absorbsiya) uchun katta mablag‘ sarflayotgan bir paytda, daromad keltiruvchi kanallarning torayishi moliyaviy balansga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. 2026-yil uchun prognozlar esa ko‘p jihatdan Yaqin Sharqdagi urush tufayli oshayotgan neft narxlari va rubl kursining barqarorligiga bog‘liq bo‘lib qoladi.





