Rossiya urush boshlanganidan beri 177 mingdan ortiq harbiy yo‘qotgan

Ma’lumotlarga ko‘ra, frontda halok bo‘lganlar asosan Rossiyaning kambag‘al va chekka hududlari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Rossiya urush boshlanganidan beri 177 mingdan ortiq harbiy yo‘qotgan

Rossiyada urush boshlanganidan (2022 yil 24-fevraldan 2026 yil 11-fevralga qadar) beri kamida 177 433 nafar harbiyning halok bo‘lgani rasman tasdiqlandi. Bu ma’lumotlar «Mediazona», «Bi-bi-si» rus xizmati va ko‘ngillilar jamoasi tomonidan davlat reyestrlari hamda rasmiy manbalar asosida shakllantirilgan. Ro‘yxatga kiritilgan har bir ism faqat Rossiya tomonidan tasdiqlanganidan so‘ng qo‘shilgan.

rasm



Tahlil natijalari shuni ko‘rsatmoqdaki, urush yo‘qotishlari Rossiya hududlari bo‘yicha mutanosib taqsimlanmagan. Aksincha, yo‘qotishlar asosan iqtisodiy jihatdan zaif va chekka hududlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. «Thye Bell» nashri «Mediazona», «Bi-bi-si» rus xizmati va ko‘ngillilar jamoasi ma’lumotlarini o‘rganib, shunday xulosaga kelgan: urush — kambag‘al provinsiyalar aholisi uchun og‘ir yuk.

Rossiya qonunchiligiga ko‘ra, 2026 yil 1-yanvardan kambag‘allik chegarasi oyiga 18 939 rubl etib belgilangan. Daromadi shu ko‘rsatkichdan past bo‘lganlar rasman kambag‘al hisoblanadi. Tadqiqotda ko‘plab hududlarda halok bo‘lganlar ulushi kambag‘allik darajasi bilan bevosita bog‘liq ekani aniqlangan. Ya’ni, hududda kambag‘allar qancha ko‘p bo‘lsa, u yerdagi yo‘qotishlar shuncha yuqori.

Tiva va Chukotka fenomeni

Ayrim hududlarda farq juda keskin. Masalan, Tiva va Chukotka aholisining frontda halok bo‘lish ehtimoli moskvaliklarga nisbatan 25 baravar yuqori. Rasmiy statistikaga ko‘ra, Chukotkada kambag‘allik darajasi Tivaga nisbatan pastroq. Shunga qaramay, harbiy yo‘qotishlar yuqori.

Mutaxassislar buni Shimoliy hududlarda urushga jalb etish kampaniyalari faol olib borilgani bilan izohlamoqda. Ayniqsa, Krayniy Shimolda yashovchi mahalliy xalqlar orasida harbiy xizmatga jalb qilish kuchaygani qayd etilmoqda. Iqtisodiy imkoniyatlar cheklangan sharoitda harbiy shartnomalar ko‘pchilik uchun daromad manbai sifatida qabul qilingan.

Shimoliy Kavkazda «teskari» manzara

Biroq barcha hududlarda ham bu qonuniyat ishlamaydi. Masalan, Qorachay-Cherkesiya va Ingushetiyada kambag‘allik darajasi mamlakat o‘rtacha ko‘rsatkichidan yuqori. Shunga qaramay, u yerdagi harbiy yo‘qotishlar Moskva va Sankt-Peterburg bilan taqqoslaganda juda past.

Tahlilchilar bu holatni siyosiy omillar bilan bog‘lamoqda. Shimoliy Kavkaz respublikalarida ijtimoiy barqarorlik nozik masala hisoblanadi. Shu bois markaziy hokimiyat bu hududlarda harbiy safarbarlik bo‘yicha yuqori ko‘rsatkichlar talab qilmasligi mumkin. Bu esa yo‘qotishlar statistikasida aks etmoqda.

Qaysi toifa eng ko‘p halok bo‘ldi?

Urush davomida halok bo‘lganlar tarkibi ham vaqt o‘tishi bilan o‘zgargan. 2022 yil qish va bahor oylarida eng katta yo‘qotishlar desant qo‘shinlari va motostrelk qismlari hissasiga to‘g‘ri kelgan. Yoz oylaridan kuz o‘rtalarigacha esa ko‘ngillilar asosiy toifaga aylangan.

2022 yil oxiri va 2023 yil boshida mahkumlar orasidagi yo‘qotishlar keskin oshgan. Ular «CHVK Vagner» orqali jalb qilinib, ayniqsa Baxmut atrofidagi hujumlarda qatnashgan.

2023 yil mart oyida mahkumlar urushda halok bo‘lganlar orasida eng yirik toifaga aylangan.

Keyinchalik qamoqxonalarda urushga jalb etish kamaygan. Yangi umumiy mobilizatsiya e’lon qilinmagani holda, ko‘ngillilar oqimi davom etgan. 2024 yil sentabriga kelib, yana ko‘ngillilar halok bo‘lganlar orasida eng katta ulushni tashkil etgan.

Ofitserlar va generallar yo‘qotishlari

13-fevral holatiga ko‘ra, 6,4 mingdan ortiq ofitserning halok bo‘lgani tasdiqlangan. Vaqt o‘tishi bilan ofitserlar ulushi umumiy yo‘qotishlarda kamayib bormoqda. Urush boshida shartnoma asosida xizmat qilgan armiya asosiy kuch bo‘lgani sababli ofitserlar ulushi 10 foizgacha yetgan.

2024 yil noyabriga kelib bu ko‘rsatkich 2–3 foizga tushgan.

Bu o‘zgarish harbiy harakatlar xarakteri va ko‘ngillilar sonining oshishi bilan izohlanadi. Oddiy askarlar va ko‘ngillilar yuqori xavfli vazifalarni bajarayotgani sababli ular orasidagi yo‘qotishlar ko‘proq.

Rasman 13 nafar generalning halok bo‘lgani tasdiqlangan. Ular orasida general-leytenantlar va general-mayorlar bor. Ayrim holatlarda ular front chizig‘ida, boshqa holatlarda esa portlash yoki hujumlar natijasida halok bo‘lgan.
Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, Rossiyada urush yuki iqtisodiy jihatdan zaif va chekka hududlar zimmasiga tushgan. Kambag‘allik darajasi yuqori bo‘lgan mintaqalarda harbiy yo‘qotishlar ham ko‘proq. Ayrim hududlarda esa siyosiy va ijtimoiy omillar statistikaga ta’sir ko‘rsatgan bo‘lishi mumkin.

Raqamlar ortida minglab inson taqdiri turibdi. Rasmiy ma’lumotlar asosida shakllantirilgan ro‘yxat hali ham to‘liq emas. Biroq mavjud ma’lumotlar ham urushning hududlar bo‘yicha qanday taqsimlanganini va qaysi qatlamlar eng katta yo‘qotishlarga uchraganini yaqqol ko‘rsatib turibdi.

Теглар

Мавзуга оид