Logo

Sankt-Peterburg forumi Putinning dunyo bilan iqtisodiy aloqalari ko‘zgusimi?

Forumda bu yil siyosatchilar, milliarderlar va media yulduzlari bir sahnada jam bo‘lmoqda. Anjuman mehmonlari orasida Gerxard Shryoder, Stiven Sigal hamda faoliyati turli bahs-munozaralarga sabab bo‘lib kelayotgan shov-shuvli blogerlar — Endryu va Tristan Teytlar ham bor.

Sankt-Peterburg forumi Putinning dunyo bilan iqtisodiy aloqalari ko‘zgusimi?

Ko‘pincha «Rossiya Davosi» deb ataluvchi va uch kun davom etadigan Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida (PMEF) 130 dan ortiq mamlakatdan qariyb 20 ming mehmon ishtirok etishi kutilmoqda.

Bu yilgi anjuman 3-may kuni, Ukrainadagi urush va Rossiyaning G‘arb dunyosidan uzoq vaqt mobaynida yakkalanib qolayotgani fonida o‘z ishini boshladi. Rossiya va Ukraina rasmiylarining qayd etishicha, delegatlar shaharga yetib kelishidan bir necha soat oldin Ukraina dronlari Sankt-Peterburg va uning atrofidagi energetika inshootlariga zarba bergan. Forum o‘tkazilayotgan joydan taxminan 16 km uzoqlikda sodir bo‘lgan ushbu hujumlar shahar aeroporti ishining vaqtincha to‘xtatilishiga sabab bo‘ldi. Shunga qaramay, konferensiya rejaga muvofiq davom etmoqda.

Bugungi kunda PMEF Moskva uchun shunchaki iqtisodiy tadbir doirasidan chiqib, ancha muhimroq ahamiyat kasb eta boshladi. 2022 yilda Ukraina hududiga bostirib kirilganidan so‘ng G‘arb hukumatlari va ko‘plab transmilliy kompaniyalar Rossiyadan yuz o‘girayotgan bir paytda, mazkur forum Kremlning Global Janub davlatlari bilan aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan urinishlari namoyishiga aylandi.

Rossiya Yevropa va Shimoliy Amerika tomonidan diplomatik jihatdan yakkalatib qo‘yilganiga qaramay, tadbirda ishtirokchilar soni hamon yuqoriligicha qolmoqda. Rasmiylar mazkur yig‘ilishni Moskvaning G‘arbdan tashqarida ham o‘zining xalqaro hamkorlarini saqlab qolayotganining yaqqol dalili sifatida taqdim etmoqda.

Quyida ushbu tadbirning asosiy tafsilotlari bilan yaqindan tanishamiz.

Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi (PMEF) qanaqa tadbir?

Birinchi PMEF 1997 yilning iyun oyida — postsovet Rossiyasi xorijiy sarmoyalarni jalb qilish va jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashishga intilayotgan bir davrda bo‘lib o‘tgan edi. Ushbu yillik forum Sovet Ittifoqi parchalanganidan so‘ng, mamlakatning biznes va hamkorlik uchun ochiqligini dunyoga namoyish etish maqsadida tashkil qilingan.

Qariyb o‘ttiz yil mobaynida u Rossiyaning eng nufuzli xalqaro tadbirlaridan biriga aylandi. Garchi investitsiyalar va biznes asosiy mavzu bo‘lib qolayotgan bo‘lsa-da, forum tobora Moskva uchun global dunyo tartibotiga oid o‘z qarashlarini ilgari surish hamda xorijiy siyosiy aloqalarni mustahkamlash maydoniga aylanib bormoqda.

Tadbir dasturi investitsiyaviy muhokamalar va siyosiy debatlarni o‘zida jamlaydi. Bu yilgi sessiyalar energetika bozorlari va sun’iy intellektdan tortib, axborot urushi hamda media ta’sirigacha bo‘lgan keng ko‘lamli mavzularni qamrab olgan. Xususan, Rossiya Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Mariya Zaxarova ishtirokidagi panellardan biri «So‘zlar o‘qqa aylanganda: Axborot qanday qilib zamonamizning eng qudratli quroliga aylandi» deb nomlandi.

Forumda kimlar ishtirok etmoqda?

Bu yilgi forumning eng diqqatga sazovor jihatlaridan biri shundaki, Ukrainadagi urush boshlanganidan buyon birinchi marta AQSHning rasmiy delegatsiyasi Rossiyadagi yirik investitsiya tadbirida qatnashmoqda. Prezident Donald Tramp AQSH Tasviriy san’at komissiyasi raisi kichik Rodni Mims Kukni ushbu tadbirda o‘z vakili sifatida tayinlagan.

Kukning «Rossiya–AQSH: Madaniy muloqot» deb nomlangan sessiyada ishtirok etishi kutilmoqda. Bundan tashqari, Rossiyadagi Amerika savdo palatasi va «Roskongress» jamg‘armasi ikki davlat kompaniyalari o‘rtasidagi ehtimoliy hamkorlikka bag‘ishlangan maxsus biznes-forum ham tashkil etmoqda.

Kremlning tashqi siyosat masalalari bo‘yicha yordamchisi Yuriy Ushakovning ma’lum qilishicha, ishtirokchilar orasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Tanzaniya Prezidenti Samiya Suluhu Hasan va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi o‘rinbosari Xan Chjen ham bor. Xan Chjenning 6-iyun kuni Putin bilan yakkama-yakka uchrashishi kutilmoqda.

Ushakovning ta’kidlashicha, PMEFning bu yilgi faxriy mehmon-davlati — Saudiya Arabistoni. Shu munosabat bilan ushbu davlatdan Energetika vaziri, shahzoda Abdulaziz bin Salmon Al Saud tashrif buyurgan.

Shuningdek, tadbir sobiq dunyo yetakchilari va bahsli media vakillarini ham o‘ziga jalb qilgan. Ishtirokchilar qatoridan quyidagi shaxslar o‘rin olgan:

  • Germaniyaning sobiq kansleri Gerxard Shryoder;

  • Aktyor va Putinning uzoq yillik tarafdori Stiven Sigal;

  • Konservativ amerikalik sharhlovchi Kendis Ouens;

  • Ruminiyada odam savdosi, zo‘rlash va uyushgan jinoyatchilikda ayblanayotgan (shuningdek, Buyuk Britaniyada ham qator ayblovlarga duch kelgan) o‘ta o‘ng qanot ijtimoiy tarmoq blogerlari — Endryu va Tristan Teytlar.

Germaniyaning «Hyperglobus» gipermarketlar tarmog‘i egasi, milliarder Tomas Brux Rossiyadagi nemis sarmoyalariga bag‘ishlangan muhokamalarda qatnashishi kutilmoqda. Forum tashkilotchilarining bildirishicha, Moskva va Berlin o‘rtasidagi munosabatlar yomonlashganiga qaramay, hozirda Rossiyada qariyb 1800 ta Germaniya kompaniyasi o‘z faoliyatini davom ettirmoqda.

Bundan tashqari, Kreml o‘zi yaqin aloqalarni saqlab qolgan davlatlar, jumladan, Belarus, Kuba va Saudiya Arabistoni rahbarlari hamda vazirlarini ham forumga taklif etgan.

Forum nima uchun muhim ahamiyatga ega?

PMEF — Rossiya siyosiy hayotidagi eng diqqat bilan kuzatiladigan yirik tadbirlardan biri. Unda prezident Vladimir Putin deyarli har doim ishtirok etadi va forumning asosiy nutqini so‘zlaydi. Putin ko‘pincha bu imkoniyatdan Rossiyaning iqtisodiy ustuvor yo‘nalishlarini hamda mintaqaviy jarayonlarga nisbatan pozitsiyasini belgilab berish uchun foydalanadi. Bu orqali mamlakatning tashqi siyosiy maqsadlari yaqqol namoyish etiladi.

Odatda mazkur sessiya kengaytirilgan savol-javob qismini ham o‘z ichiga oladi. Bunda yangragan bayonotlar ko‘pincha ommaviy axborot vositalarining bosh sahifalarini band qilib, katta shov-shuvlarga sabab bo‘ladi. Masalan, 2022 yilda, Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan sanoqli oylar o‘tib, Putin PMEF minbaridan G‘arb sanksiyalarini qoralash va Rossiyani yakkalab qo‘yishga qaratilgan urinishlar chippakka chiqqanini ta’kidlash maqsadida foydalangan edi.

Albatta, shov-shuvli xabarlardan tashqari, forum Moskva uchun yanada kengroq iqtisodiy maqsadlarga ham xizmat qiladi. G‘arb sanksiyalari va qator Yevropa bozorlarining yopilishi Rossiyani savdo va investitsiyalarini Osiyo, Afrika va Janubiy Amerikadagi yangi hamkorlarga yo‘naltirishga majbur qildi.

Xorijlik rasmiylar, yirik kompaniyalar rahbarlari va sarmoyadorlarni Rossiyaga jalb qilish orqali Moskva global iqtisodiyotning kattagina qismi bilan integratsiyalashuv davom etayotganini ko‘rsatmoqchi. Qolaversa, Kreml bu orqali G‘arbning siyosiy irodasiga to‘la qaram emasligini butun dunyoga namoyish etishga intilmoqda 

Теглар

Мавзуга оид