Sanoat zonalaridagi 213 gektar yerda loyihalar boshlanmagan

Бугун 18:114 дақиқа

Xorijiy investitsiya ishtirokidagi ayrim korxonalar faqat import bilan cheklanib qolmoqda.

Sanoat zonalaridagi 213 gektar yerda loyihalar boshlanmagan © Президент матбуот хизмати

So‘nggi olti oyda 908 ta tadbirkor 3 milliard 600 million dollarlik shartnoma tuzib, hamkorlarda vaziyat o‘zgargani uchun hali eksportni boshlay olmagani qayd etildi. Ayrim hokimlar ularga yordam berish o‘rniga vaziyatni o‘z holiga tashlab qo‘ygani tanqid qilindi. Bu haqda bugun, 24-aprel kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan birinchi chorak ko‘rsatkichlarini tarmoq va hududlar kesimida tanqidiy tahlil qilish va yilning qolgan davrida qilinadigan ishlar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Oqibatda birinchi chorakda eksport Norin, Kasbi, Sherobod, Yozyovon va Denovda 2 karradan ziyod kamaygan. Shahrisabz, Uchquduq, Parkent, Toshkent tumanlari, Jizzax, Navoiy, Namangan, Angren, Bekobod va Nurafshon shaharlarida esa 70 foizga ham yetmagan. Ushbu tuman hokimlari birinchi yarim yillikda o‘sishni ta’minlamasa, xulosa qattiq bo‘lishi qayd etildi.

Umuman, hozirgi sharoitda eksportchilarni yangi bozor topish, aylanma mablag‘, sertifikat, logistika kabi masalalarini kompleks hal qilish bo‘yicha yagona yondashuv bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi. Bu borada natijaga yo‘naltirilgan yaxlit tizim qilish yuzasidan taklif kiritish topshirildi.

213 gektarda loyiha boshlanmagan

Qayd etilishicha, qaysi hokim «Investorim, loyiham bor, sanoat zonasi uchun yer kerak» desa, infratuzilmasi bilan hal qilib berilmoqda. Lekin budjet hisobidan yo‘l, elektr, suv olib borilgan 226 ta sanoat zonasidagi 213 gektarda loyiha boshlanmagani tanqid qilindi.

Shu bilan birga, 27 ta sanoat zonasida loyihalar joylashtirilgani bilan infratuzilma bormagan. Hokimlarga auksionda yer sotuvidan tushgan puldan tadbirkorlik infratuzilmasiga sarflashga ruxsat berilgan. Mutasaddilarga ushbu mablag‘lar hisobidan birinchi navbatda kommunikatsiya olib boriladigan sanoat zonalari ro‘yxatini shakllantirish va ishni boshlash topshirildi.

Viloyat hokimlarining investitsiya bo‘yicha o‘rinbosarlari oldiga infratuzilma borgan sanoat zonalaridagi bo‘sh yerlarga joylashadigan loyihalar portfelini shakllantirish vazifasi qo‘yildi.

Hamma rahbarlar uchun investitsiya sifati asosiy mezon bo‘lishi shart – prezident

«Takror aytaman, har bir yangi loyiha, har bir dollar sarmoya faqat va faqat qo‘shilgan qiymat, yuqori daromadli ish o‘rni va eksportni ko‘paytirishga xizmat qilishi kerak. Oddiy qilib aytganda, hamma rahbarlar uchun investitsiya sifati asosiy mezon bo‘lishi shart», – dedi Prezident.

Investitsiya loyihalarini ishga tushirilganidan keyin monitoring qilish platformasi yaratilgan. Soliq, bojxona, bandlik, kadastr, kommunal idoralar axborot bazasiga integratsiya qilingan ushbu platforma korxonalar faoliyatini 39 ta ko‘rsatkich bo‘yicha tahlil qilib bermoqda. Masalan, oxirgi uch yilda ishga tushgan 688 ta korxonadan 210 tasi quvvatidan to‘liq foydalanmayotgani aniqlangan. Oqibatda 33 trillion so‘mlik ishlab chiqarish boy berilgan, 23 ming ish o‘rni bo‘sh turibdi.

Bu hokimlarning investitsiya bo‘yicha o‘rinbosarlari faoliyatiga berilgan haqiqiy baho ekani ko‘rsatib o‘tildi. Mutasaddilarga 210 ta korxona kesimida «yo‘l xaritasi»ni tuzib, muammolar yechimi bo‘yicha aniq muddat va mas’ullarni belgilash topshirildi.

Hokimlarning investitsiya bo‘yicha o‘rinbosarlari ushbu korxonalarga borib, ular bilan yaqindan ishlaydi, qaysi korxonada nima ish qilganini platformaga kiritadi. Birinchi yarim yillik yakuni bilan mazkur korxonalarni «oyoqqa turg‘azmasa», lavozimiga loyiqligi ko‘rib chiqilishi haqida ogohlantirildi.

Joriy yilda 53 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilish maqsad qilingan.

«Qachonki rahbarlar birinchi qadamdan boshlab, to‘g‘ri loyiha tanlasa va shunga mos salohiyatli investor topsa, shunda investitsiyada sifat bo‘ladi», – dedi prezident.

Sun’iy intellektdan foydalanish

Iqtisodiyotga katta samara beradigan loyiha, texnologik yechim bo‘yicha eng to‘g‘ri variantlarni tanlashda, loyihani qaysi hududda joylashtirish, qaysi investor bilan ishlash afzalligini aniqlashda sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish muhim. Mutasaddilarga sun’iy intellekt yordamida mavjud quvvatlar, ichki va tashqi bozordagi talabni o‘rganib, qayerda, qanday loyiha qilish bo‘yicha yechim beradigan platformani ishga tushirish topshirildi.

Investor va konsalting kompaniyalariga ushbu platformadan «yagona darcha» tamoyili asosida foydalanish uchun sharoit yaratiladi.

Ishlab chiqarishi bor 526 ta korxona biror marta ham eksport qilmagan

O‘zbekistonda xorijiy investitsiya ishtirokida 18 mingdan ortiq korxona faoliyat yurityapti. Lekin ishlab chiqarishi bor 526 ta korxona biror marta ham eksport qilmagan. Shu bilan birga, yana 767 ta xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxona faqat chetdan tovar olib kelib, sotish bilan shug‘ullanyapti.

«Nega buni aytyapman? Bularning mablag‘i, tadbirkorlik ko‘nikmasi, ichki va tashqi bozorda hamkori, ko‘pchiligida brendi bor», – dedi prezident.

Ushbu korxonalar bilan gaplashib, chetdan o‘z mahsulotini olib kelib sotayotganlariga shu yerning o‘zida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishi uchun loyihalar taklif qilish, ularni mahalliy tadbirkorlar bilan bog‘lab, ehtiyot va butlovchi qismlarni ishlab chiqarish bo‘yicha kooperatsiyani yo‘lga qo‘yish, mahsulotini ichki bozorda sotayotganlariga eksportga chiqish uchun nima yordam kerakligini o‘rganish muhim ekani ta’kidlandi. Mutasaddilarga bu borada alohida dastur ishlab chiqish topshirildi.

Теглар

Мавзуга оид