Senat shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi

Бугун 19:023 дақиқа

Senat renovatsiya qonunini ma’qulladi. Mulkdor huquqlari ustuvorligi, 12 foiz kompensatsiya va ochiq platforma joriy etiladi.

Senat shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi

Senat 14-yalpi majlisida «Shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risida»gi qonun ma’qullandi. Bu haqda yuqori palata matbuot xizmati xabar berdi.

Qonunning asosiy maqsadi aholining yashash sharoitini yaxshilash, seysmik jihatdan xavfli va jismonan eskirgan binolarni bosqichma-bosqich yangilash, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilish hamda shahar muhitini yangi talablar asosida shakllantirishga qaratilgan.

Shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirish jarayonlarining ochiq va shaffof bo‘lishi, renovatsiya dasturi jamoatchilik uchun ochiq bo‘lgan «Shaharsozlik renovatsiyasi» elektron platformasiga joylashtirilishi va OAV hamda vakolatli organlarning rasmiy veb-saytlarida e’lon qilib borilishi alohida belgilanmoqda.

Kompensatsiya va kafolat

Kompensatsiyaning to‘rt xil shakli nazarda tutilmoqda. U renovatsiya hududidagi yangi yoki boshqa joydagi turar va noturar toifadagi obyektni mulk qilib berish, pul mablag‘lari yoxud kelishuv bitimida nazarda tutilgan boshqa shakllar orqali amalga oshiriladi.

Kompensatsiya shakli mulkdor va Shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirish direksiyasi o‘rtasidagi kelishuvga muvofiq ixtiyoriy ravishda tanlanadi. Mulkdorlarga yetkazilgan noqulayliklar uchun kompensatsiya miqdorining 12 foizi miqdorida bir martalik pul mablag‘lari beriladi.

«Eng muhimi, tenglik va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholining huquqlarini himoya qilishning ustuvorligi shaharsozlik renovatsiyasining asosiy tamoyillaridan biri etib belgilanmoqda. Bundan tashqari, ko‘chirish yoki vaqtincha ijaraga chiqish zarurati yuzaga kelganda fuqarolar tayyor hududga, nogironligi bo‘lgan shaxslar esa qulay muhitga ega turar joylarga ko‘chirilishi nazarda tutilmoqda», — deyiladi xabarda.

Qonunda mulkdorlar huquqlarining ustuvorligi tamoyili belgilanib, davlat organlari bilan o‘zaro munosabatlarda yuzaga keladigan barcha ziddiyatlar va noaniqliklar mulkdor foydasiga talqin etilishi kafolatlari mustahkamlanmoqda.

Qonun loyihasining xronologiyasi

«Shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risida»gi qonunning taqdiri parlament va hukumat idoralari o‘rtasidagi tushunarsiz sukutga aylangan edi. Qonun bo‘yicha jarayonlar quyidagicha kechgan:

2025 yil aprel. Prezidentga qonun loyihasi taqdim etildi. Unda renovatsiya dasturlarini uch bosqichda amalga oshirish belgilangan: hududlarni tanlash va loyihalarni tayyorlash, qurilishchilarni tasdiqlash, uy-joylarni qurib topshirish. Mulkdorlarga yangi uy-joy yoki kompensatsiya berish nazarda tutilgan.

Dastlabki bosqichda bir nechta pilot loyihalar amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Adliya vaziri Akbar Toshqulov ushbu sohada «huquqiy bo‘shliq» mavjud bo‘lganini ta’kidlagan.

2025 yil iyul. Qurilish vaziri o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva qonun loyihasi ekspertizada ekanini ma’lum qildi. Uning aytishicha, asosiy muammo — aholi uylarini qimmat baholashi va investorlar bilan kelishuv qiyin kechayotgani.

2025 yil avgust. Qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.

2025 yil 9-sentabr. Qonunchilik palatasi hujjatni ikkinchi va uchinchi o‘qishlarda ma’qullab, Senatga yubordi.

Biroq hujjat matni jamoatchilikka e’lon qilinmadi va ayrim bahsli masalalar ochiq qoldi.

2025 yil 2-oktabr. Senat qo‘mitasida muhokama qilingan qonun keyin «yo‘qoldi». 60 kunlik muddat o‘tgan bo‘lsa-da, rasmiy ma’lumot berilmadi.

2026 yil 2-mart. Vaqt.uz Senat matbuot kotibi Nilufar Abbosxonovaga murojaat qildi. U qonun navbatdagi majlisda ko‘rib chiqilishini aytgan edi.

Nega bu qonun muhim?

Renovatsiya avvalo 40–50 yil oldin qurilgan, talablarga javob bermaydigan uylarda yashovchi mulkdorlarni himoya qilish uchun kerak. Bu insonlarning mulk huquqi daxlsiz bo‘lib, qonun shu huquqlarni kafolatlashi lozim.

Renovatsiya faqat eski uyni buzib, o‘rniga yangi binolar qurish emas. Agar aholi zichligi keskin oshirilsa, infratuzilmaga bosim kuchayadi: elektr, transport, maktab va bog‘chalar muammosi yanada og‘irlashadi. Yashil hududlar qisqaradi.

Shu bois, renovatsiya — bu infratuzilmani yangilash, yashash muhitini yaxshilash va aholi huquqlarini himoya qilish jarayoni bo‘lishi kerak.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq o‘qituvchilarga va’da qilingan, ammo hanuzgacha qarori e’lon qilinmagan imtiyozlar haqida yozgan edik.

Теглар

Мавзуга оид