Shavkat Mirziyoyev ham Tinchlik kengashining birinchi yig‘ilishida qatnashishi kutilmoqda
Uchrashuv Vashingtondagi Donald Tramp nomidagi Tinchlik institutida bo‘lib o‘tadi va unda 20 dan ortiq davlat delegatsiyalari, jumladan davlat rahbarlari ishtirok etadi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19-fevral kuni Vashingtondagi Donald Tramp nomidagi Tinchlik institutida bo‘lib o‘tadigan Tinchlik kengashining birinchi yig‘ilishida ishtirok etishi kutilmoqda. Bu haqda «O‘zbekiston 24» telekanali xabar berdi.
Uchrashuvda 20 dan ortiq davlat delegatsiyalari, jumladan davlat rahbarlari ishtirok etishi kutilmoqda.
Kengash tashkil etilishi BMT Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyasi bilan ma’qullangan bo‘lib, u Tramp ma’muriyatining Isroil va HAMAS o‘rtasidagi urushni yakunlash rejasining bir qismi hisoblanadi.
Isroil va HAMAS o‘tgan yili mazkur rejaga rozilik bildirgan, rasmiy o‘t ochishni to‘xtatish rejimi esa oktabrda kuchga kirgan. Biroq har ikki tomon bir-birini bir necha bor sulhni buzishda ayblab kelmoqda. G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, sulh boshlanganidan beri hududda 590 nafardan ortiq falastinlik Isroil harbiylari tomonidan o‘ldirilgan. Isroil esa shu davrda to‘rt nafar askari HAMAS tomonidan o‘ldirilganini bildirgan.
Mintaqadagi Turkiya, Misr, Saudiya Arabistoni, Qatar va Isroil kabi davlatlar, shuningdek, Indoneziya singari rivojlanayotgan mamlakatlar kengashga qo‘shilgan bo‘lsa, yirik jahon davlatlari va AQSHning an’anaviy g‘arb ittifoqchilari nisbatan ehtiyotkor pozitsiyani saqlab qolmoqda. Kengashga qo‘shilganlar orasida Markaziy Osiyodan O‘zbekiston va Qozog‘iston ham bor.
O‘zbekiston kengash asoschilaridan biri
22-yanvar kuni Shveysariyaning Davos shahrida bo‘lib o‘tgan Jahon iqtisodiy forumi doirasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham Tinchlik kengashi nizomini imzoladi. Mazkur hujjatning imzolanishi bilan O‘zbekiston nafaqat tashkilot a’zosiga, balki uning asoschilaridan biriga aylandi.
Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burxonovning Vaqt.uz'ga ma’lum qilishicha, O‘zbekiston Tinchlik kengashiga hech qanday moliyaviy badal to‘lamasdan qo‘shilgan. Tinchlik kengashining qoidalariga ko‘ra, tashkilotga a’zolik dastlab uch yillik muddatni o‘z ichiga oladi. Biroq, agar biror davlat o‘z ixtiyori bilan birinchi yil davomida 1 milliard dollar miqdoridagi badalni to‘lasa, unga kengashda belgilangan muddatdan ko‘proq vaqt davomida qolish imkoniyati taqdim etiladi.
Qozog‘iston ham Tinchlik kengashiga qo‘shilish uchun 1 milliard dollar miqdoridagi ixtiyoriy badal a’zolik sharti hisoblanmasligi, bu har bir ishtirokchining huquqi ekanini aytib, mamlakat ushbu kengashga a’zolik badalisiz qo‘shilganini ma’lum qilgandi.





