Shavkat Mirziyoyev milliy terma jamoani himoya qildi, Mirziyoyeva Makron bilan uchrashdi, Qodirov aytgan gapidan qaytdi, Tashiyevga sud hukmi o‘qildi, banklar jarimaga tortildi — hafta dayjesti
O‘tayotgan hafta ichida O‘zbekistonda sodir bo‘lgan eng ahamiyatli va muhokamalarni keltirib chiqargan voqea-hodisalarni Vaqt.uz’da yana bir bor esga olamiz.
«Oq bo‘rilar» qaytdi
Bu hafta ilk bor Jahon chempionatida ishtirok etgan milliy terma jamoamiz Toshkentga qaytib keldi va poytaxt aeroportida tantanali kutib olindi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 30-iyun kuni yoshlar bilan uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston milliy terma jamoasining 2026 yilgi Jahon chempionatidagi ishtirokiga munosabat bildirib, futbolchilarni tanqid qilish emas, aksincha, ularni qo‘llab-quvvatlash muhimligini aytdi.
Turnirda kutilgan natija qayd etilmagan bo‘lsa-da, mamlakatda jamoaning mundialga chiqqanining o‘zi katta yutuq sifatida baholandi. Marosimda hukumat vakillari, jumladan, Bosh vazir Abdulla Aripov ham ishtirok etib, so‘zga chiqdi.
«Omadsiz futbolchilar, divan ekspertlari ko‘p bo‘ladi. Ularni kechirib yuboringlar. Shuni unutmangki, bugungi avlodning jasorati kelgusi avlodlar uchun mustahkam poydevor bo‘ladi. Yangi g‘alabalar, yanada yuksak marralar sari olg‘a!”, dedi Abdulla Aripov o‘z nutqida.
Shuningdek, Davlat xavfsizlik xizmati raisi Bahodir Qurbonov, Sport vaziri Adham Ikromov, Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov va boshqa rasmiylar futbolchilarni kutib olish uchun aeroportda yig‘ildi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi murabbiyi Fabio Kannavaro Jahon chempionatidan so‘ng Toshkentga emas, AQSHdan Italiyaga yo‘l oldi. U ikki oylik mehnatdan keyin jamoaga dam olish kerakligi va keyingi uchrashuv sentabr oyida bo‘lishini ma’lum qildi.
Fabio Cannavaro Jahon chempionatidagi eng qimmat murabbiylar reytingida 5-o‘rinni egallagan. U yiliga taxminan 4 million yevro maosh oladi va bu ko‘rsatkich bilan bir necha top murabbiylar qatorida qayd etilgan.
Milliy terma jamoa sardori Eldor Shomurodov natijadan qat’i nazar, jamoani qo‘llab-quvvatlagan barcha muxlislarga minnatdorlik bildirdi. Uning ta’kidlashicha, Jahon chempionatida ishtirok etish nafaqat futbol, balki butun mamlakatni birlashtirgan muhim voqeaga aylandi.
Shuni ham ta’kidlash kerakki, Eldor Shomurodovning goli JCH guruh bosqichidagi eng yaxshi gol deb topildi.
Qodirov milliy jamoani avval tanqid qilib, keyin maqtadi
O‘tgan hafta Xalq demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirovning milliy terma jamoamiz va futbolchilar haqidagi keskin tanqidlari yodingizda bo‘lsa kerak. Xalqimizda «Aytadi ham, qaytadi ham», degan gap bor. Bu hafta esa aynan shu holatning guvohi bo‘ldik.
Avval tanqidiy munosabati bilan kun tartibiga chiqqan deputat futbolchilarni kutib olish marosimida ulardan faxrlanishini aytdi.
Bu safar o‘z fikrlariga izoh berib, milliy jamoani qo‘llab-quvvatlashini va bildirilgan tanqidlar futbolchilarning o‘ziga emas, o‘zbek futbolining kelajagiga qaratilganini ta’kidladi.
Vaqt.uz jurnalisti Qodirovdan bir mavzuda bildirilgan ikki xil fikrga munosabat so‘raganida u quydagicha javob berdi.
«Ota farzandini yomon ko‘rgani uchun emas, aksincha, unga yaxshilikni ravo ko‘rgani va qattiq mehri sababli tarbiyalaydi. Milliy jamoaga kelsak, ularni yomon ko‘rishning aslo iloji yo‘q. Jamoa natijalarini ba’zida hatto futbolchilarning o‘zidan ham og‘irroq qabul qilishimiz bizni tanqidga undaydi. Lekin bizda boshqa O‘zbekiston, boshqa milliy jamoa yo‘q.
Bugun futbolchilarni kutib olishga chiqdim. Balki, o‘sha tanqidlarimiz yigitlarga ruhan yomon ta’sir qilgandir, balki shu bosim uchun hozir pushaymon ham bo‘layotgandirman. Lekin shuni aniq aytishim mumkinki, men bu jamoaning tanasiga zirapcha kirishini xohlamayman. Yigitlar juda og‘ir zarbani qabul qilishdi, biroq bu zarba aslida o‘zbek futbolining kelgusi rivojlanish yo‘lini ochib berdi. Bu futbolchilarning haqiqiy g‘alabasi shundaki, ular zarbani birinchi bo‘lib o‘zlariga qabul qilib, kelajak sari yo‘l ochdilar», — dedi Qodirov.
Shuningdek, darvozabon o‘zgarishi kerak degan fikrini ham izohlab, tanqidlari darvozabonga emas, ularni o‘yinga tayyorlaydigan mas’ul xodimlarga nisabatan qaratilganini ta’kidladi.
Saida Mirziyoyeva Makron bilan uchrashdi
Bu hafta O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron bilan uchrashdi.
Mirziyoyeva Makronga e’tibor va iliq qabul uchun minnatdorlik bildirishini aytib, uchrashuvda O‘zbekiston Prezidentining samimiy tilaklarini yetkazganini takidladi.
Shuningdek, u davlatlarni eng muhim strategik sohalardagi uzoq muddatli sheriklik munosabatlari bog‘lab turishini qayd etgan. Shu bilan birga, Saida Mirziyoyeva kelgusida har ikki mamlakat uchun manfaatli bo‘lgan yana ko‘plab tashabbuslar va qo‘shma loyihalar amalga oshirilishiga ishonch bildirgan.
Mirziyoyeva Fransiya Hukumatining Yevropa va tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro bilan ham uchrashdi.
Uning qayd etishicha, Fransiya mamlakatning Yevropadagi muhim strategik hamkorlaridan biri bo‘lib qolmoqda. O‘zaro aloqalar energetika, transport, infratuzilma, ta’lim va sog‘liqni saqlash kabi yo‘nalishlarni qamrab olgan.
Shuningdek, O‘zbekiston Markaziy Osiyoda ishonchli va barqaror hamkor sifatidagi mavqeini saqlagan holda, Fransiya va umuman Yevropa bilan sheriklikni izchil ravishda yanada mustahkamlashni maqsad qilgani bildirildi.
Qolaversa, Amir Temur haqidagi opera Parijdagi Versal saroyida ijro etildi. Mirziyoyeva «Tamerlano» operasida ham shaxsan ishtirok etdi.
Xususiy bog‘chada bolalarga nisbatan zo‘ravonlik bo‘ldi
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahridagi xususiy maktabgacha ta’lim tashkilotlaridan birida tarbiyachilar tomonidan bolalarga nisbatan jismoniy tazyiq va shafqatsiz munosabatda bo‘lingani aks etgan videolavhalar tarqalib, keng jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘ldi.
Muhokamalar ortidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar holatni o‘rganishni boshladi.
Xabarlarga ko‘ra, ushbu holat yuzasidan «Rayyan Kids Land» xususiy bog‘cha litsenziyasini bekor qilish bo‘yicha sudga ariza kiritilgan, shuningdek, jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shu bilan birga, «Vaqt.uz» nashri ham vaziyat yuzasidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot xizmati bilan bog‘lanib, rasmiy izoh oldi. Vazirlik holat to‘liq nazoratga olingani va qonun doirasida qat’iy choralar ko‘rilishini bildirdi.
Mutaxassislar va jamoatchilik vakillari esa bunday holatlar takrorlanmasligi uchun nazorat mexanizmlarini kuchaytirish, tarbiyachilarni tanlash va ishga qabul qilish jarayonlarida psixologik tekshiruvlarni joriy etish zarurligini ta’kidlamoqda.
Qamchibek Tashiyev aybdor deb topildi
Bu hafta Qirg‘iziston prezidentining sobiq eng yaqin safdoshi, mamlakat maxsus xizmatlarini boshqargan Qamchibek Tashiyev va boshqa sobiq yuqori martabali mulozimlarga sud hukmi o‘qildi.
Sud qaroriga ko‘ra, Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining sobiq raisi Qamchibek Tashiyev, parlamentning sobiq spikeri Nurlanbek Turgunbek o‘g‘li va sobiq deputat Qurmanqul Zulushev hokimiyatni kuch bilan egallab olishga urinish ishi bo‘yicha aybdor deb topildi.
Ularga to‘rt yillik ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, probatsiya qo‘llanilgan holda sud zalidan ozod etildi. Shu bilan birga, sud barcha ayblanuvchilarning mol-mulkini musodara qilish haqida ham qaror chiqardi.
Eng e’tiborlisi, davlat ayblovi oldinroq to‘qqiz yillik qamoq jazosini so‘ragan bo‘lsa-da, sud yakungi hukmda ayrim ayblovlar bo‘yicha oqlov ham chiqardi. Himoya tomoni esa ishda yetarli dalillar yo‘qligini ta’kidlab, ayblovlarni rad etmoqda. Hukm e’lon qilingach, barcha sudlanuvchilar sud zalidan ozod qilindi.
Eslatib o‘tamiz, Tashiyev 30-aprel kuni hokimiyatni kuch bilan egallab olish ishi bo‘yicha figurantga aylandi. Siyosatchiga mansab vakolatini suiiste’mol qilish ayblovi ham ilgari surildi. Ish maxfiylashtirildi va sud muhokamalari may oyining o‘rtalarida boshlandi. Shu tariqa, ish sud tomonidan bir yarim oy ichida ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston mayda oltin sotmadi
Jahon bozorlarida aktivlar narxi tebranayotgan bir paytda, investorlar eng ko‘p ishonadigan «xavfsiz aktiv» - oltin atrofidagi vaziyat so‘nggi oylarda keskin o‘zgarishlar bilan kuzatilmoqda. Ayniqsa, narxlarning bir necha oy ichida ham o‘sishi, ham pasayishi global iqtisodiy kutilmalarni yanada noaniqlashtirdi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston so‘nggi 8 oy davomida oltin sotuvini deyarli to‘xtatgan va bu davrda faqat aprel oyida eksport amalga oshirilgan. Bu paytda eksport 15,5 foizga kamayib ketdi. Natijada eksport hajmida sezilarli pasayish kuzatilib, tashqi savdo balansida salbiy saldo keskin o‘sgan.
Mutaxassislar bu holatni bir tomondan oltinni strategik zaxira sifatida saqlab qolish siyosati, ikkinchi tomondan esa jahon bozoridagi narxlar keskin tebranishlari bilan izohlamoqda. So‘nggi davrda oltin narxlarining yuqori rekordlardan keyin pasayish bosqichiga o‘tishi ham qarorlarga ta’sir qilgan omillardan biri sifatida ko‘rsatilmoqda.
Markaziy bank bir qancha moliya tashkilotlarini jarimaga tortdi
Moliya tizimida shaffoflik va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish masalasi so‘nggi yillarda eng muhim regulyator yo‘nalishlaridan biriga aylangan bir paytda, Markaziy bank tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlari yana bir bor bank sektoridagi ichki nazorat va xizmat ko‘rsatish standartlariga e’tiborni kuchaytirdi.
Regulyator ma’lumotiga ko‘ra, «sirli mijoz» usulida o‘tkazilgan tekshiruvlar hamda 2026 yil birinchi choragidagi monitoringlar natijasida bir qator banklar va mikromoliya tashkilotlarida qonunchilik talablariga rioya etilmagan holatlar aniqlangan. Natijada «Uzum bank», «Ipoteka bank» hamda «Shaffof-moliya», «Tezcoin» kabi moliyaviy tashkilotlar jarimaga tortildi.
Shu bilan birga, keng ko‘lamli tekshiruvlar doirasida jami 14 ta bankka nisbatan 681,5 mln so‘m miqdorida jarima qo‘llanilgani ma’lum qilindi.
Shundan, «Agrobank»ka nisbatan 255 mln so‘m, «Sanoatqurilishbank»ka nisbatan 119,5 mln so‘m jarima belgilandi.
Regulyator bu qarorlarni iste’molchilar bilan munosabatlarda oshkoralik, axborot to‘liqligi va kredit shartnomalaridagi qonunbuzarliklarni bartaraf etish maqsadida qabul qilinganini ta’kidlamoqda.
Теглар






