Sifatsiz qurilish materiallari ishlab chiqaradigan korxonalar ro‘yxati e’lon qilindi
O‘zbekistonda xavfli qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi va yetkazib beruvchi 116 ta korxona rasman reyestrga kiritildi.

Sifatsiz qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalar reyestri o‘tgan yil dekabr oyida Prezident tomonidan tasdiqlangan qurilish materiallari sanoatini rivojlantirishga qaratilgan qaror ijrosi doirasida shakllantirilgan. Hujjatga muvofiq, 2026 yil 1-martdan xavfsizligi talablarga javob bermaydigan ishlab chiqaruvchi va yetkazib beruvchilarning elektron reyestri yuritiladi.
Hukumat huzuridagi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan sifatsiz qurilish materiallari yuzasidan kiritilgan taqdimnomalar haqidagi ma’lumotlar e’lon qilindi.
Reyestr Texnik tartibga solish hamda «Shaffof qurilish» axborot tizimlari integratsiyasi asosida shakllantiriladi. Unda sifatsiz mahsulot ishlab chiqargan korxonalar bo‘yicha inspeksiya kiritgan taqdimnomalar haqidagi ma’lumotlar jamlangan.
Qaysi mahsulotlar kiritilgan?
Ro‘yxatga kiritilgan 116 ta korxona tomonidan ishlab chiqarilayotgan asosiy mahsulot turlari ham ochiqlangan. Ular orasida g‘isht, orayopma temir-beton plitalar, beton quduq mahsulotlari bor.
Shuningdek, temir-beton ustunlar, gazoblok va turli beton elementlarini ishlab chiqaruvchi korxonalar ham xavfli mahsulot yetkazib beruvchilar sifatida qayd etilgan.
Mazkur reyestr qurilish bozorida shaffoflikni oshirish, sifat nazoratini kuchaytirish hamda iste’molchilar xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan. Ro‘yxat doimiy ravishda yangilanib borilishi kutilmoqda.





