So‘mdagi omonatlar daromadliligi pasayishda davom etmoqda
Oktyabr oyida so‘mdagi omonatlar daromadliligi 17,1 foizgacha pasaydi. Pasayish aholi omonatlarida kuchliroq sezildi, biznes segmentida esa stavkalar oshdi.
© Foto: SputnikOktyabr oyida milliy valutadagi omonatlar bo‘yicha foiz stavkalari yana pasayib, o‘rtacha 17,1 foizni tashkil etdi. Bu haqda Markaziy bank ma’lum qildi.
So‘mdagi omonatlar daromadliligi avvalgi oyga nisbatan 0,1 foiz punktiga, so‘nggi bir yil ichida esa 1,9 foiz punktiga kamaygan. Xususan, bir yilgacha bo‘lgan muddatli omonatlar bo‘yicha foiz stavkalari sentabrga nisbatan 1 foiz punktiga oshib, 15,2 foizga yetdi, biroq o‘tgan yilgi darajadan 2,4 foiz punktiga pastligicha qolmoqda.
Uzoq muddatli omonatlar daromadliligi esa bir oyda 0,4 foiz punktiga, yillik hisobda 1,8 foiz punktiga kamayib, 17,7 foizni tashkil etdi.
Aholi uchun omonatlar daromadliligi ketma-ket uchinchi oy 18,4 foiz darajasida saqlanib qolmoqda (yillik hisobda 2,5 foiz punktiga pasaygan).
Bunda qisqa muddatli depozitlar bo‘yicha stavkalar bir oyda 1,8 foiz punktiga oshib, 17,4 foizga yetgan, uzoq muddatli depozitlar esa 0,2 foiz punktiga pasayib, 18,6 foizni tashkil etgan.
Inflyatsion kutilmalar chegirib tashlangan real foiz stavkasi sentabrga nisbatan 0,4 foiz punktiga pasayib, 8,5 foizga tushdi, ammo o‘tgan yilgi darajadan 0,3 foiz punktiga yuqoriligicha qolmoqda.
Biznes va valutadagi omonatlar
Yuridik shaxslar uchun so‘mdagi omonatlar o‘rtacha 15,7 foiz stavkada taklif etilmoqda — bu o‘tgan oyga nisbatan 0,7 foiz punktiga ko‘p, o‘tgan yilga nisbatan esa 1,4 foiz punktiga kam.
Bir yilgacha bo‘lgan muddatli depozitlar daromadliligi 14,2 foizni (+0,9 foiz punkti), bir yildan ortiq muddatli depozitlarniki esa 16,5 foizni (+0,4 foiz punkti) tashkil etdi. Har ikki ko‘rsatkich 2025 yil oktabr oyidagi darajadan mos ravishda 2,1 va 1 foiz punktiga pastligicha qolmoqda.
Kutilayotgan inflatsiyaning pasayishi hisobiga biznes uchun omonatlarning real foiz stavkasi sentabrga nisbatan 1,3 foiz punktiga oshib, rekord daraja — 6,6 foizga yetdi.
Valutadagi omonatlar segmentida foiz stavkalari sentabr oyidagi pasayishning bir qismini tiklab, 4,9 foizni tashkil etdi (o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan 0,2 foiz punktiga past). Qisqa muddatli hisobvaraqlar bo‘yicha o‘rtacha stavka 3 foizga yetdi.
Jismoniy shaxslar uchun valutadagi omonatlarning o‘rtacha daromadliligi bir oyda 0,1 foiz punktiga pasayib, 5,3 foizga teng bo‘ldi. Bunga uzoq muddatli omonatlar segmentida foiz stavkalarining 5,6 foizgacha tushishi sabab bo‘ldi. Biznes uchun mo‘ljallangan valuta omonatlari stavkalari esa sentabrga nisbatan 1,5 foiz punktiga oshib, 4,3 foizni tashkil etdi.







