Logo

So‘nggi 5 yil ichida elektr va gaz tariflari qanchaga oshdi?

Бугун 20:267 дақиқа

1-iyundan O‘zbekistonda elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflari yana oshdi. Umuman, so‘nggi 5 yil davomida O‘zbekistonda energetika tizimi bir necha bosqichda qayta ko‘rib chiqildi. Vaqt.uz bugungi tarif tizimi qanday shakllangani va narxlar qanday o‘zgarganini teskari xronologiya asosida tahlil qiladi.

So‘nggi 5 yil ichida elektr va gaz tariflari qanchaga oshdi?

2022-2026 yillar oralig‘ida aholi uchun elektr energiyasining bazaviy narxi ikki baravardan ko‘proqqa, tabiiy gaz tarifi esa qariyb uch barobarga oshdi. Bu yillarda mamlakatda elektr va gazga bo‘lgan talab ortib bordi. Shu bilan birga, eskirgan elektr tarmoqlarini yangilash, yangi elektr stansiyalarini qurish va sohaga investitsiyalarni jalb etish zarurati ham kuchaydi. Shu sababli, hukumat energetika sohasidagi tariflarni bosqichma-bosqich qayta ko‘rib chiqmoqda.

Tariflar besh yilda qanday o‘zgardi?

2026 yil 1-iyundan O‘zbekistonda elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflari o‘zgardi. Hukumat qaroriga ko‘ra, aholi va yuridik shaxslar uchun tariflar o‘rtacha 9,9 foizga oshirildi.

Bu o‘zgarish 2025 yilda qabul qilingan qarorning davomi bo‘ldi. Unga ko‘ra, 2026 yildan boshlab elektr va gaz tariflari har yili inflatsiya darajasidan kelib chiqib, biroq 10 foizdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda indeksatsiya qilinadi.

Yangi tariflarga ko‘ra, aholi uchun elektr energiyasi narxi bo‘yicha o‘rtacha 9,35 foizga, tabiiy gaz esa 9,72 foizga oshdi. Yuridik shaxslar uchun elektr energiyasi narxi 10 foizga, tabiiy gaz esa 11,1 foizga ko‘tarilgan.

2026 yilda tariflar inflatsiya darajasiga bog‘langan bo‘lsa, bu qarorning asosi bir yil avval joriy qilingandi. Xususan, shu yilning iyun oyida inflatsiya eng yuqori ulushi  aynan elektr energiya va tabiiy gazning narxi oshgani bilan bo‘liq bo‘ldi. Bunda tarmoq gazi narxi o‘rtacha 10,7 foizga qimmatlashib, umumiy inflatsiyaga 0,16 foiz band ta’sir ko‘rsatgan. Demak, iyun oyidagi inflatsiyaning qariyb 0,4 foiz bandi aynan elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflarining oshishi hissasiga to‘g‘ri keldi.

Elektr energiyasi narxlari

Oylik iste'mol

2025-yil 1-apreldan

2026-yil 1-iyundan

200 kWh gacha

600 so‘m

650 so‘m

201–500 kWh

800 so‘m

900 so‘m

501–1000 kWh

1000 so‘m

1100 so‘m

1001–5000 kWh

1500 so‘m

1600 so‘m

5001–10 000 kWh

1750 so‘m

1900 so‘m

10 000 kWh dan yuqori

2000 so‘m

2200 so‘m

Tabiiy gaz narxlariTabiiy gaz narxlari

Iste'mol hajmi

2025-yil 1-apreldan

2026-yil 1-iyundan

100 m³ gacha

1000 so‘m

1100 so‘m

501–2500 m³

1800 so‘m

2000 so‘m

2501–5000 m³

2100 so‘m

2300 so‘m

5001–10 000 m³

2500 so‘m

2700 so‘m

10 000 m³ dan yuqori

3000 so‘m

3300 so‘m

2025 yil 1-apreldan esa elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflari Vazirlar Mahkamasining 204-son qarori bilan navbatdagi bosqichda qayta ko‘rib chiqildi.

1-apreldan elektr energiyasining bazaviy tarifi (200 kWh) 450 so‘mdan 600 so‘mga yetdi. Tabiiy gazning bazaviy tarifi (500 m³) esa 650 so‘mdan 1000 so‘mgacha, ya’ni bir yarim  baravarga oshirilgan.  Elektr energiyasi bo‘yicha yuqori iste’mol pog‘onalarida o‘sish 11,1 foizni tashkil etgan bo‘lsa, ayrim pog‘onalarda tariflar o‘zgarishsiz qoldi. Tabiiy gaz bo‘yicha esa yuqori pog‘onalardagi tariflar 16,7–20 foiz oralig‘ida oshirilgan.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2025-yilgi tariflar o‘zgarishi umumiy inflatsiya darajasini 1,8–1,9 foiz punktga oshishiga sabab bo‘lgan. Shu bilan birga, energetika sohasiga ajratilayotgan davlat subsidiyalarini bosqichma-bosqich qisqartirish rejasi ham e’lon qilindi.

2024 yil 1-maydan elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflari 2019 yildan buyon ilk bor qayta ko‘rib chiqildi. Shu bilan birga, elektr energiyasi va tabiiy gaz iste’moli uchun “Ijtimoiy norma”, tabaqalashtirilgan tarif tizimi joriy etildi.

«Ijtimoiy norma» va tabaqalashtirilgan tarif tizimi – energetika tariflarini iste’mol hajmiga qarab hisoblash mexanizmidir. Bu tizimda elektr energiyasi va tabiiy gaz ma’lum limitgacha arzonroq tarifda hisoblanadi. Ushbu limitdan ortiq iste’mol qilingan qismi uchun esa yuqoriroq narx qo‘llanadi.

Yangi tartibga ko‘ra, elektr energiyasi uchun oyiga 200 kWh gacha, tabiiy gaz uchun esa mart–oktabr oylarida 100 kub metr, isitish mavsumida 500 kub metrgacha bo‘lgan iste’mol imtiyozli tarif bo‘yicha hisoblanadigan bo‘ldi.

Tariflar ham sezilarli darajada oshirildi. Elektr energiyasining bazaviy tarifi 200 kWh gacha bo‘lgan iste’mol uchun 295 so‘mdan 450 so‘mga, ya’ni 52,5 foizga ko‘tarilgan. Isitish mavsumida tabiiy gazning bazaviy tarifi esa 380 so‘mdan 650 so‘mga yoki 71,1 foizga oshirilgan. Yuqori iste’mol hajmi uchun ham alohida tariflar belgilandi va energiyani ko‘p sarflovchi iste’molchilar bosqichma-bosqich yuqoriroq narxlarda to‘lov qila boshladi.

2023 yilning 1-oktabrdan elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflari o‘zgarishsiz qoldi. Biroq aynan shu yili energetika bozorini liberallashtirish va tariflarni bozor tamoyillariga yaqinlashtirish bo‘yicha islohotlarning faol bosqichi boshlandi.

Joriy yilda aholi uchun elektr energiyasining 1 kWh narxi 295 so‘m, tabiiy gazning 1 kub metri esa 380 so‘m darajasida saqlab qolindi. Biroq yuridik shaxslar uchun elektr energiyasi tarifi 450 so‘mdan 900–1000 so‘mgacha, tabiiy gaz tarifi esa 660 so‘mdan 1500–1800 so‘mgacha oshirilgan.

2023 yilda bu rejalar to‘liq yo‘lga qo‘yilmagan bo‘lsa-da, aynan shu davrda ishlab chiqilgan yondashuvlar 2024 yildan boshlab joriy etilgan “ijtimoiy norma” va tabaqalashtirilgan tarif tizimiga asos bo‘ldi.

2022 yil 15-iyulda energetika sohasini bozor tamoyillariga o‘tkazish bo‘yicha dastlabki amaliy qadamlar tashlandi. Vazirlar Mahkamasining 348-son qaroriga muvofiq, 15-iyuldan elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflari yuridik shaxslar uchun qayta ko‘rib chiqildi, biroq aholi uchun amaldagi narxlar o‘zgarishsiz qoldirildi.

Qarorga ko‘ra, aholi uchun elektr energiyasining bazaviy tarifi 295 so‘m, tabiiy gazning bazaviy tarifi esa 380 so‘m darajasida saqlab qolindi. Shuningdek, yuridik shaxslar uchun elektr energiyasi tarifi 450 so‘mdan 600 so‘mga, ya’ni 33,3 foizga oshirildi. Tabiiy gaz tarifi esa 660 so‘mdan 1100 so‘mga yetdi. Bir yil ichida tabiiy gaz tarifi deyarli 2 barobarga ko‘tarilgan.

Yuqoridagi o‘zgarishlar natijasida bazaviy tariflar besh yil davomida qanday o‘zgarganini quyidagi jadval orqali ko‘rish mumkin.

Bazaviy tarif uchun ( 200 kWh hisobida) :

rasm

So‘nggi besh yilda aholi uchun qo‘llaniladigan bazaviy elektr energiyasi va tabiiy gaz narxlari sezilarli darajada oshdi. 2022 yilda elektr energiyasining bazaviy tarifi 1 kWh uchun 295 so‘m bo‘lsa, 2026 yil 1-iyundan u 650 so‘mga yetdi. Natijada besh yil ichida bazaviy elektr energiyasi narxi 355 so‘mga oshgan.

Tabiiy gaz bo‘yicha o‘sish bundan ham yuqori bo‘ldi. 2022 yilda bazaviy tarif 1 kub metr uchun 380 so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2026 yil 1-iyundan u 1100 so‘m etib belgilandi. Bu esa besh yil davomida bazaviy tabiiy gaz narxi 720 so‘mga yoki qariyb uch baravar oshganini anglatadi.

Biroq bu o‘sish bir maromda kechgani yo‘q. 2022 va 2023 yillarda asosiy o‘zgarishlar yuridik shaxslar tariflariga taalluqli bo‘lgan bo‘lsa, 2024 yildan boshlab o‘zgarishlarning asosiy qismi aholi tariflariga ham tatbiq etildi. Ayniqsa, ijtimoiy norma joriy etilishi bilan iste’mol hajmiga qarab hisoblanadigan yangi tizimga o‘tish o‘zgarishlarning davomi bo‘ldi. 2025 va 2026 yillarda esa tariflar bosqichma-bosqich indeksatsiya qilinadigan bo‘ldi. Bu haqda Energetika vazirligi bosh mutaxassisi Nasibullo Muhammadjonov ma’lum qilgan.

“Tariflar takroran ko‘tarilmayapti. 2026 yildan energiya tariflari inflaytsiya darajasiga qarab indeksatsiya qilindi. Bu degani – inflaytsiya oshgani sari, energiya tariflari ham shunga mos ravishda oshib borishi kerak”, – deya izoh berdi u.

Umuman olganda, besh yil ichida elektr energiyasining bazaviy tarifi 120,3 foizga, tabiiy gazniki esa 189,5 foizga oshdi. Biroq bu ko‘rsatkichlarga to‘liq baho berish uchun O‘zbekiston tariflarini Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari bilan ham taqqoslab ko‘rish juda muhim.

Qo‘shni davlatlarda elektr energiyasi narxlari qanday?

Markaziy Osiyo davlatlarida aholi uchun elektr energiyasi tariflari mamlakatlarning energetika tizimi, elektr ishlab chiqarish xarajatlari va davlat tomonidan beriladigan subsidiyalar darajasiga qarab farq qiladi. O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonda elektr energiyasi narxlari bir xil emas, ayrim davlatlarda tariflar aholining ijtimoiy himoyasini ta’minlash maqsadida past darajada ushlab turiladi.

Qirg‘izistonda aholi uchun elektr energiyasi tariflari mintaqadagi eng past ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi.Mamlakatda 1 kWh  elektr energiyasi narxi 1,64 qirg‘iz somini tashkil etib, bu taxminan 230 so‘mga teng. Past tariflar asosan mamlakat energetika tizimida gidroenergetika ulushining yuqoriligi va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash siyosati bilan izohlanadi.

Tojikistonda 2026 yil 1-fevraldan boshlab aholi uchun elektr energiyasi tarifi qariyb 0,05 dollar etib belgilangan. Bu taxminan 480–490 so‘mga teng. Biroq elektr energiyasi iste’moli belgilangan hajmdan oshgan taqdirda, ortiqcha qism uchun yuqoriroq — 0,10 dollarni yoki qariyb 1 100 so‘m  tarif qo‘llaniladi.

Qozog‘istonda elektr energiyasi tariflari hududlar va iste’mol hajmiga qarab shakllanadi. Aholi uchun o‘rtacha narxlar taxminan 600–780 so‘mga teng. Mamlakatda tariflarning farqlanishiga elektr ishlab chiqarish va hududiy taqsimot xarajatlari ta’sir qiladi.

O‘zbekistonda aholi uchun elektr energiyasi tariflari  ijtimoiy norma doirasida 1 kWh elektr energiyasi narxi 650 so‘mga ko‘tarilgan. Bu ko‘rsatkich Qirg‘izistondagi tarifdan qariyb 2,8 baravar yuqori, Tojikistondagi narxdan esa taxminan 30–35 foizga qimmatroq. Qozog‘istondagi o‘rtacha tariflar bilan solishtirganda esa O‘zbekistondagi narx hudud va iste’mol hajmiga qarab yuqori yoki pastroq narxda bo‘lishi mumkin.

Biroq ushbu narxlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqqoslash har doim ham to‘liq manzarani aks ettirmaydi. Sababi, Markaziy Osiyo davlatlarida elektr energiyasi tariflarini hisoblash tizimi turlicha. O‘zbekistonda olti pog‘onali ijtimoiy norma tizimi amal qilsa, Qirg‘iziston va Tojikistonda asosan ikki pog‘onali, Qozog‘istonda esa hudud va iste’mol hajmiga qarab o‘zgaradi.

Eslatib o‘tamiz, mamlakatlar o‘rtasidagi taqqoslashda aholi uchun bazaviy va  o‘rtacha tariflar asos qilib olindi.

Теглар

Мавзуга оид