Logo

Sud tizimida halol va pok ish yuritishni ta’minlash uchun Komplayens nazorati tashkil etiladi

Yangi xizmat korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash, baholash va oldini olish, qonunchilik hamda kasb etikasi talablariga rioya etilishini monitoring qilish bilan shug‘ullanadi.

Sud tizimida halol va pok ish yuritishni ta’minlash uchun Komplayens nazorati tashkil etiladi © crypto.runfyers.com

Prezident Shavkat Mirziyoyev sudlarda komplayens nazorati tizimi samaradorligini oshirishga bag‘ishlangan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Mamlakatda sud-huquq tizimini isloh qilish, odil sudlovga bo‘lgan ishonchni mustahkamlash, sudlar faoliyatida ochiqlik va qonuniylikni ta’minlash bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, sud tizimida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni barvaqt aniqlash, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish va xodimlarning kasbiy mas’uliyatini yuksaltirish muhim vazifa bo‘lib qolmoqda.

Ta’kidlanganishicha, sudyalar bilan bir qatorda qariyb 4,8 ming nafar sud apparati xodimlarining halol va shaffof faoliyat yuritishi ham muhim ahamiyatga ega.

Shu maqsadda Oliy sud tarkibida mustaqil Komplayens nazorati xizmati tashkil etish taklifi ilgari surildi.

Yangi xizmat to‘g‘ridan-to‘g‘ri Oliy sud raisiga bo‘ysunadi hamda hududiy sudlarda ishlovchi komplayens inspektorlaridan iborat bo‘ladi. U korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash, baholash va oldini olish, qonunchilik hamda kasb etikasi talablariga rioya etilishini monitoring qilish bilan shug‘ullanadi.

Raqamlashtirish va nazorat kuchaytiriladi

Taqdimotda sud tizimida korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha qator boshqa choralar ham muhokama qilindi. Xususan, sudlar apparatida xavfi yuqori bo‘lgan lavozimlar ro‘yxati tasdiqlanadi, xavf darajasi yuqori jarayonlarni raqamlashtirish va inson omilini kamaytirish choralari ko‘riladi.

Shuningdek, sudyalar va sud apparati xodimlari uchun manfaatlar to‘qnashuvi, daromad va mol-mulk deklaratsiyalarini taqdim etish hamda tahlil qilishning avtomatlashtirilgan elektron tizimlari joriy etiladi.

Kelgusida korrupsiya va intizom buzilishlariga olib keluvchi xavflarni aniqlovchi maxsus elektron axborot tizimlari ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda.

Korrupsiya haqida xabar bergan xodimlarni himoya qilish va fuqarolar uchun xavfsiz murojaat kanallarini yaratish ham nazarda tutilgan.

Sud apparatiga qabul qilish tartibi o‘zgaradi

Sud apparatiga ishga qabul qilish tizimi ochiq tanlov va meritokratiya tamoyillari asosida qayta tashkil etiladi.

Nomzodlarning kasbiy bilimi, ma’naviy-axloqiy fazilatlari va halolligi zamonaviy baholash mexanizmlari orqali tekshiriladi.

Bundan tashqari, sud tizimi xodimlari uchun tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish yoki xorijda hisobvaraq ochish kabi cheklovlar joriy etilishi mumkin.

Taqdimotda sud apparati xodimlari uchun ixtisoslashgan xizmat kiyimini joriy etish taklifi ham ko‘rib chiqildi.

Prezident sud tizimida halollik va adolat muhitini mustahkamlash aholining sud himoyasiga bo‘lgan ishonchini oshirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Теглар

Мавзуга оид