Suniy intellekt bumi Koreya boyvachchalarining boyligini rekord darajaga ko‘tardi
Janubiy koreyalik milliarderlar bir yil ichida o‘z boyligini qariyb ikki baravar oshirib oldi. «Samsung» rahbari yana birinchilikka qaytdi. Eng qizig‘i, endi Koreyaning eng boy odamlari qatoridan joy olish uchun kamida 1 mlrd dollar kerak. SI texnologiyalari kimlarni «pulga ko‘mib tashlayapti»?

Suniy intellekt bumi tufayli yarim o‘tkazgichlarga bo‘lgan talabning keskin ortishi Janubiy Koreyaning xotira chiplari va chip ishlab chiqarish uskunalari tayyorlaydigan kompaniyalari uchun haqiqiy daromad manbaiga aylandi. Bu haqda «Forbes» ma’lum qildi.
Koreya fond bozori oxirgi 12 oy ichida dunyodagi eng yaxshi ko‘rsatkichlardan birini qayd etdi: «Kospi» asosiy indeksi boyliklar oxirgi marta o‘lchanganidan beri ikki baravardan ko‘proqqa o‘sdi. Bunday jonlanish mamlakatning 50 ta eng boy odamining umumiy boyligini rekord darajadagi 175 milliard dollarga yetkazdi, bu o‘tgan yilgi 99 milliard dollarga nisbatan 77 foizga ko‘pdir.
Boylar
Umuman olganda, 34 nafar milliarder yanada boyidi. Ro‘yxatning boshida «Samsung Electronics» ijroiya raisi Jey I. Li turibdi. U o‘tgan yili pastlagan edi, bu yil esa yana 1-o‘ringa qaytdi. Sotuv hajmi bo‘yicha dunyodagi eng yirik xotira chiplari ishlab chiqaruvchisi bo‘lgan ushbu kompaniya rahbari o‘z boyligiga 13,8 milliard dollar qo‘shib oldi (bu dollar hisobidagi eng katta o‘sishdir) va uning mablag‘i 21,6 milliard dollarga yetdi.
Ikkinchi o‘rinda o‘tgan yilgi reyting yetakchisi, «MBK Partners» xususiy investitsiya giganti asoschisi Maykl Kim 9,9 milliard dollar bilan joylashdi. Uning portfeliga kiruvchi «Homeplus» kompaniyasi sanatsiya jarayoniga topshirilgani bilan bog‘liq muammolarga qaramay, «MBK» oktabr oyida Osiyoga yo‘naltirilgan sotib olish fondi uchun 5,5 milliard dollar yig‘ishga muvaffaq bo‘ldi.
«Celltrion» asoschilaridan biri Seo Jung-jin 8,1 milliard dollar (o‘tgan yili 6,3 milliard edi) bilan uchinchi o‘rinni egalladi va eng ko‘p daromad qilganlar qatoridan joy oldi. Farmatsevtika kompaniyasi aksiyalari kengayish strategiyasi tufayli bir yil ichida 30 foizga o‘sdi. Yanvar oyida Amerikaning «Eli Lilly» gigantidan 330 million dollarga zavod sotib olish bo‘yicha kelishuvdan so‘ng, «Celltrion» mart oyida mahalliy ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish uchun 800 million dollardan ortiq investitsiya kiritish rejalarini e’lon qildi.
«Hanmi Semiconductor» raisi va bosh direktori, milliarder Kvak Dong Shin foiz hisobida eng katta g‘olib bo‘ldi — uning boyligi to‘rt baravardan ko‘proqqa oshib, 5,7 milliard dollarga yetdi. Bu chip ishlab chiqarish uskunalarini ishlab chiqaradigan kompaniyasi aksiyalarining o‘sishi bilan bog‘liq. Natijada u o‘tgan yilgi 22-o‘rindan 11-o‘ringa ko‘tarildi.
Bu yilgi yetti nafar yangi ishtirokchi orasida mamlakatning tez rivojlanayotgan biotexnologiya sektoridan uch vakil bor. Masalan, «ABL Bio» asoschisi va rahbari Li Sang-xun 1,4 milliard dollar bilan ro‘yxatga kirdi. Kompaniya noyabr oyida «Eli Lilly» bilan Alsgeymer va Parkinson kabi kasalliklarni davolash texnologiyalarini ishlab chiqish bo‘yicha 2,6 milliard dollarlik litsenziya va qo‘shma tadqiqot shartnomasini imzolagan edi.
Suni’iy intellekt bumidan naf ko‘rgan yangi milliarderlar qatorida «EO Technics» asoschisi va rahbari Sung Kyu-dong ham bor. Uning kompaniyasi xotira chiplarini ishlab chiqarishda ishlatiladigan lazer uskunalarini tayyorlaydi. Elektrotexnika muhandisi bo‘lgan Sung bu kompaniyaga 1989 yilda Seul janubidagi Anyang shahrida asos solgan. Yana bir yangi milliarder — «ISU Group» raisi Kim Sang-beom bo‘lib, uning tarkibidagi «ISU Petasys» kompaniyasi «Nvidia» va «Microsoft» kabi gigantlarga bosma platalar yetkazib beradi.
Ro‘yxatga qaytgan olti nafar ishtirokchi orasida kripto birja operatori «Dunamu» asoschilaridan biri va vitse-raisi Kim Xyong-nyon (43-o‘rin) ham bor. Noyabr oyida «Naver» internet giganti (rahbari Li Xe-jin, 38-o‘rin) «Dunamu»ni sotib olish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Ushbu kelishuv «Dunamu» raisi Song Chi-xyungning (25-o‘rin) boyligini ham ikki baravardan ko‘proqqa oshirib, 2,3 milliard dollarga yetkazdi.
Ro‘yxatga kirish uchun minimal boylik miqdori endi 1 milliard dollarni tashkil etmoqda (o‘tgan yili 665 million dollar edi).
Metodologiya
Ushbu ro‘yxat oilalar va shaxslardan olingan aksiyalar va moliyaviy ma’lumotlar, fond birjalari, yillik hisobotlar, tahlilchilar va davlat idoralari ma’lumotlari asosida tuzilgan. Boylik miqdori 2026 yil 27-martdagi aksiyalar narxi va ayirboshlash kurslari asosida hisoblangan. Xususiy kompaniyalar bahosi o‘xshash ochiq kompaniyalar bilan taqqoslash orqali aniqlangan.





