Logo

Tashqi savdoda 57 mlrd dollar: O‘zbekistonga nimalar ko‘proq import qilindi?

Sakkiz oyda import hajmi eksportdan ancha yuqori o‘sib, ular  o‘rtasidagi farq 11,7 foizga oshdi. Tashqi savdoning qariyb yarmi Xitoy, Rossiya va Qozog‘iston hisobiga to‘g‘ri kelmoqda.

Tashqi savdoda 57 mlrd dollar: O‘zbekistonga nimalar ko‘proq import qilindi? © AP

Yilning yanvar-avgust oylarida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 57,4 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.

Ko‘rsatkich 2025-yilning shu davriga nisbatan 4 mlrd dollarga, 2024-yilga nisbatan esa 14,5 mlrd dollarga ko‘p. Bunda import hajmi eksportga qaraganda tezroq ko‘paygan. Natijada eksport va import o‘rtasidagi farq 11,7 mlrd dollarga yetgan.

Eng ko‘p sanoat tovarlari eksport qilindi

2026 yilning yanvar-avgust oylarida O‘zbekiston eksporti 22,9 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 3,4 foizga kam. Oltinni hisobga olmaganda, tovarlar eksporti 11,5 mlrd dollarga yetib, bir yil ichida 28,7 foizga oshgan.

Eksport tarkibida tovarlar ulushi 62,6 foizni tashkil qilgan. Ularning ichida sanoat tovarlari eng katta yo‘nalish bo‘lib, 3,4 mlrd dollarlik mahsulot xorijga sotilgan. Bu jami eksportning 14,7 foiziga teng.

1

Jadval Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlari asosida tayyorlandi


Keyingi o‘rinni 2,1 mlrd dollarlik qiymat (jami eksportning 9,1 foizi) bilan turli tayyor mahsulotlari eksporti egallagan. Oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar hamda kimyoviy mahsulotlar eksporti ham qariyb 1,8 mlrd dollar bo‘lgan.

Import 35,7 foizga oshdi

Import hajmi esa, aksincha, tezroq o‘sgan. Avgust holatida O‘zbekiston 34,5 mlrd dollarlik mahsulot va xizmatlarni import qilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 16,3 foizga, 2024 yilning mos davriga nisbatan esa 35,7 foizga oshgan.

2

Jadval Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlari asosida tayyorlandi

Importdagi asosiy mablag‘lar mashina va transport vositalariga yo‘naltirilgan. Bu yo‘nalishda 11,3 mlrd dollarlik mahsulot olib kirilgan bo‘lib, jami importning qariyb uchdan bir qismini egallagan.

Sanoat tovarlari importi 5,1 mlrd dollar, kimyoviy mahsulotlar importi esa 4,2 mlrd dollar bo‘lgan. Ularning ulushi mos ravishda 14,7 va 12,1 foizga teng.

Oziq-ovqat mahsulotlari importi 3,7 mlrd dollarni, mineral yoqilg‘i va moylash materiallari importi esa 2,8 mlrd dollarni tashkil qilgan.

Xitoy O‘zbekistonning eng yirik savdo hamkori

O‘zbekiston yanvar-avgust oylarida 200 dan ortiq davlat bilan savdo qilgan. Ammo umumiy 57,4 mlrd dollarlik tashqi savdoning katta qismi bir nechta yirik mamlakatlar hisobiga to‘g‘ri kelmoqda.

Savdo hajmi bo‘yicha Xitoy yetakchilik qilmoqda. Xususan, ikki davlat o‘rtasidagi savdo balansi 13,2 mlrd dollarga yetgan. Bu O‘zbekistonning jami tashqi savdosining qariyb chorak qismi, ya’ni 23 foizi degani. O‘tgan oy bilan taqqoslaganda, Xitoy bilan savdo hajmi qariyb 1,9 mlrd dollarga oshgan. Avgust oyida Xitoyga eksport 90 foizga, import esa 10 foizga ko‘paygan.

Rossiya bilan savdo esa 9,2 mlrd dollarni tashkil etib, umumiy hajmning 16 foizini egallagan.

Qozog‘iston bilan savdo ham 3,7 mlrd dollarga yetgan. Natijada faqat Xitoy, Rossiya va Qozog‘istonning o‘zi O‘zbekiston tashqi savdosining 45,5 foizini shakllantirgan. Ya’ni har 100 dollarlik tashqi savdoning qariyb 46 dollari shu uch davlat hisobiga to‘g‘ri keladi.

Eksport va import ko‘rsatkichlari qolgan davlatlar kesimida quyidagicha taqsimlangan:

3

Jadval Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlari asosida tayyorlandi

Avvalroq Markaziy bank 2026-yilning yarmida amalga oshirilgan eksport/import ko‘rsatkichlarini e’lon qilgandi. Xususan, eksport 15,4 mlrd dollarni tashkil etib, bir yilga nisbatan 8,6 foizga kamaygan. Bunda oltinsiz tovarlar eksporti 27 foizga, xizmatlar eksporti esa 45 foizga oshgan. Import esa 28,8 mlrd dollarga yetib, 24 foizga ko‘paygan. Natijada tashqi savdo taqchilligi 13,4 mlrd dollarga yetgan.

Теглар

Мавзуга оид