Logo

Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori aniqlandi

Бугун 18:062 дақиқа

Mukofot xalqaro adolatni ta’minlashga hissa qo‘shgan Janubiy Afrikalik huquqshunosga berildi.

Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori aniqlandi

2026-yilgi tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti janubiy afrikalik sudya Navanethem (Navi) Pilleyga berildi. Mukofot «tinchlik va xalqaro huquqni ilgari surishdagi sa’y-harakatlari uchun» berildi, deyiladi qo‘mita saytida.

85 yoshli Pilley xalqaro huquq va inson huquqlari sohasida ko‘p yillardan beri faoliyat yuritib keladi. U Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari lavozimida ishlagan.

Uning faoliyati xalqaro jinoyatlar uchun javobgarlikni ta’minlash, qurbonlar huquqlarini himoya qilish va nizolarni huquqiy yo‘l bilan hal etishga qaratilgan.

Xalqaro sudlardagi faoliyat


Pilley Ruanda bo‘yicha BMT Xalqaro jinoiy tribunalida sudya bo‘lib ishlagan va keyinchalik unga raislik qilgan. U 2003–2008-yillarda Xalqaro jinoyat sudida ham sudyalik qilgan.

2008–2014-yillarda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari lavozimida ishlagan huquqshunos xalqaro miqyosda inson huquqlarini himoya qilish va huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni kuchaytirishga hissa qo‘shgan.

Pilley 2025-yilda Falastin hududlaridagi vaziyatni o‘rgangan BMT komissiyasi faoliyatida ham ishtirok etgan. Hozirgi kunda Pilley BMTning Xalqaro sudida Myanmadagi rohinja musulmonlari genotsidi bo‘yicha ishda sudyalik qilmoqda.

Tramp mukofot ololmadi

Bu yil tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga 287 nafar shaxs va tashkilot nomzod qilib ko‘rsatilgan. Nomzodlar orasida Donald Tramp bor yoki yo‘qligini bilish hozirda imkonsiz. Chunki ro‘yxat 50 yil davomida sir saqlanadi.

AQSH prezidenti bir necha bor tinchlik mukofotiga loyiq ekanini ta’kidlagan. 2025-yilgi mukofot sohibi, venesuelalik muxolifatchi Mariya Korino Machado ham o‘z medalini Trampga topshirganini bildirgan. Biroq Nobel qo‘mitasi qoidalariga ko‘ra, mukofotni boshqa shaxsga o‘tkazib bo‘lmaydi.

Ma’lumot uchun, 2026-yilgi Nobel mukofoti 12 million shved kronasi miqdoridagi pul mukofoti, diplom va oltin medalni o‘z ichiga oladi. Taqdirlash marosimi 10-dekabr kuni o‘tkaziladi.

Теглар

Мавзуга оид

Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori aniqlandi | Vaqt.uz