Logo

«Titanik» kemasiga tegishli noyob buyumlar rekord darajadagi narxlarda sotildi

Бугун 22:392 дақиқа

Britaniyada o‘tkazilgan auksionda kema bilan bog‘liq 100 dan ortiq buyum pullandi. Savdoga qo‘yilgan buyumlar orasida cho‘ntak soati, olmos uzuk, kema halokatida vafot etgan yo‘lovchining xati hamda radioaloqa operatori fojiadan to‘rt kun oldin singlisiga yozgan «otkritka»si bor edi.

«Titanik» kemasiga tegishli noyob buyumlar rekord darajadagi narxlarda sotildi © Foto: BBC

«Titanik» yo‘lovchilariga tegishli noyob buyumlar auksionda rekord darajadagi narxlarda sotildi. Bu haqda Britaniyaning «Henry Aldridge & Son» auksion uyi ma’lumotlarida keltirilgan.

Auksiondagi eng qimmat buyum uchinchi toifa yo‘lovchisi bo‘lgan 32 yoshli Meri Manganning cho‘ntak soati bo‘ldi. Halokatdan keyin uning jasadi topilganda soat ham aniqlangan. Keyinchalik ushbu soat ayolning oilasiga boshqa shaxsiy buyumlari bilan birga qaytarilgan. Soat 250 ming funt sterlingga sotildi. Yaqinda u bir necha hafta davomida «Titanic Belfast» muzeyida namoyish etilgan edi.

«Titanik» yo‘lovchisi Daff Gordon taqqan olmos uzuk ham auksionga qo‘yilib, 140 ming funt sterlingga sotildi.

Savdoga qo‘yilgan boshqa buyumlar orasida birinchi toifa yo‘lovchisi Ramon Artagavaytiya Gomesning xati ham bor edi. U xatni ispan tilida, «Titanik»ning rasmiy blankiga yozib, akasiga yo‘llagan. Unda kema haqida, jumladan, uning hajmi, ichki ko‘rinishi, havo harorati va bortidagi odamlar soni haqida batafsil ma’lumot bergan.

rsam


Suvda qolib ketgani sababli shikastlangan ushbu xat Gomesning jasadi suvdan olib chiqilganida paltosining cho‘ntagidan topilgan. Xat auksionda 80 ming funt sterlingga sotildi.

Yana bir qimmatli buyum kema bosh radioaloqa operatori Jek Fillipsning «otkritka»si bo‘ldi. U 1912-yil 6-aprel kuni «Titanik» Sautgempton portida turgan paytda singlisi Elzaga ushbu «otkritka»ni yozgan. Kema halokatga uchragan vaqtda Fillips o‘z ish joyini tark etmay, radioto‘lqinlar orqali yordam so‘rab signallar yuborishda davom etgan. «Otkritka» qariyb 32 ming funt sterlingga sotildi.

Auksionda sug‘urta hujjati 27 ming funtga, noyob chipta esa 45,5 ming funt sterlingga sotilgan.

Auksion tashkilotchisi Endryu Olrijning ta’kidlashicha, Meri Manganning cho‘ntak soati uchinchi toifa yo‘lovchilariga tegishli buyumlar orasida eng yuqori narxda sotilgani bilan rekord o‘rnatgan. Daff Gordonning uzugi esa «Titanik» bilan bog‘liq auksionlarda sotilgan eng qimmat zargarlik buyumiga aylangan.

«Bu tarixga qiziqish butun dunyo bo‘ylab mavjud. Mijozlarim turli mamlakatlardan keladi. Menimcha, buyumlarning bunday yuqori narxlarda sotilishi ushbu mavzuga bo‘lgan qiziqish hali ham kuchli ekanini ko‘rsatadi. Biz bu buyumlar bilan ishlash orqali muayyan insonlar haqidagi xotiralarni saqlab qolishga yordam beramiz», — dedi u.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Van Gogning «Gullayotgan kashtanlar» kartinasi autsionda rekord — 190,4 mln dollarga sotilgandi.

Теглар

Мавзуга оид