Logo

Tojikiston Rog‘un va Norak GESlari oralig‘ida yana bir GES qurmoqchi

Бугун 11:353 дақиқа

Uning quvvati 800 MVt bo‘ladi. Loyihaning dastlabki qiymati 2 mlrd 247 mln dollar.

Tojikiston Rog‘un va Norak GESlari oralig‘ida yana bir GES qurmoqchi © Tojikiston Energetika vazirligi

Vaxsh daryosida, Rog‘un va Norak GESlari oralig‘ida yangi gidroelektrostansiya — «Xutalon» quriladi. Tojikiston energetika va suv resurslari vaziri Daler Juma 4-oktabr kuni «Xutalon» («Shurob») GESi qurilishi rejalashtirilayotgan hududga bordi. Bu haqda Tojikiston Energetika va suv resurslari vazirligi xabar berdi.

Vazir bo‘lajak GES to‘g‘oni, mashina zali va stansiyaning boshqa asosiy inshootlari qurilishi rejalashtirilayotgan joylar bilan tanishdi. «Xutalon» GESini Vaxsh daryosida, Rog‘un GESi (yuqori oqimda) va Norak GESi (quyi oqimda) oralig‘ida qurish rejalashtirilmoqda.

Dastlabki texnik-iqtisodiy asoslarga ko‘ra, stansiyaning loyihaviy quvvati 800 MVtni, o‘rtacha yillik elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi esa 2,5 milliard kWhdan ortiqni tashkil etadi.

Tojikiston Energetika va suv resurslari vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, «Xutalon» GESida 6 ta gidroagregat o‘rnatiladi. Stansiya yiliga o‘rtacha 2,684 milliard kWh elektr energiya ishlab chiqaradi. To‘g‘onning balandligi 76 metr, eni 234 metr bo‘ladi. Mashina zali uzunligi 225 metr, eni 45 metr va balandligi 60 metr bo‘lishi rejalashtirilgan. Suvning foydali hajmi 4 million kub metrni tashkil etadi.
GES qurilishi dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 72 oy davom etadi. Loyihaning qiymati esa 2 mlrd 247 mln dollarga baholanmoqda.

«Xutalon» loyihasi Tojikistondagi istiqbolli gidroenergetika loyihalaridan biri bo‘lib, Vaxsh daryosida qurilishi rejalashtirilayotgan GESlar kaskadining bir qismi hisoblanadi.

Rog‘un GES qurilishiga bir paytlar Karimov qarshi chiqqan

Tojikiston – O‘zbekistonning qo‘shnisi. Markaziy Osiyoda joylashgan tog‘li davlat. Ilgari O‘zbekiston kabi SSSR tarkibida bo‘lgan bu mamlakat dengizga chiqish imkoniyatiga ega emas. Hududining 93 foizi tog‘li bo‘lib, foydali qazilmalar zaxiralari mavjud bo‘lsa-da, ularni qazib olish va tashish katta xarajat va mashaqqat talab qiladi. Tojikistonda Markaziy Osiyodagi barcha suv resurslarining qariyb 60 foizi hosil bo‘lishiga qaramay, qishda bu yerda elektr tanqisligi kuchayadi. Chekka hududlar tom ma’noda zulmat ichida qoladi. Ana shu energetik muammolarni hal qilish uchun Tojikiston hukumati Rog‘un GESini barpo etishga kirishgan.

Loyiha Tojikiston uchun katta iqtisodiy ahamiyatga ega, ammo bu ulkan inshoot mintaqadagi boshqa davlatlar, jumladan, o‘zbekistonliklar uchun xavfli sanaladi. Orolning qurishi, kasalliklar, O‘zbekistonning Tojikiston bilan chegara hududida yuzaga keladigan ulkan suv toshqinlari — bularning hammasini birgina Tojikistonning Rog‘un GESi keltirib chiqarishi mumkin.

1991-yildan keyin O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov Rog‘un GES qurilishiga qarshi chiqqan. U seysmik jihatdan xavfli hududda dunyodagi eng baland to‘g‘on paydo bo‘lishidan xavotir bildirgan.

2012-yil Qozog‘istonga tashrif buyurgan Islom Karimov prezident Nursulton Nazarboyev bilan uchrashuvidan so‘ng o‘tkazilgan matbuot anjumanida Tojikistondagi Rog‘un va Qirg‘izistondagi Qambarota GESlari qurilishi borasida alohida to‘xtalgan.

Qozog‘iston matbuotining yozishicha, Islom Karimov Rog‘un va Qambarota gidrostansiyalari loyihalari ustida xalqaro tekshiruv o‘tkazilishi zarurligini ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq moliyalashtirish bo‘yicha shubhalardan so‘ng Rog‘un GES qurilishi yana tezlashgani haqida yozgan edik.

Теглар

Мавзуга оид