Toshkent yetakchi, Andijonda rekord: «Uzbekistan Airports» yo‘lovchilar va reyslar statistikasini e’lon qildi
Joriy yilning o‘tgan to‘qqiz oyida mamlakat havo bandargohlari orqali 100 mingdan ortiq reys amalga oshirilib, xizmat ko‘rsatilgan yo‘lovchilar soni qariyb 13 millionga yaqinlashdi.

O‘zbekiston aeroportlarida 2026 yilning yanvar-sentabr oylarida yo‘lovchilar oqimi 13 foizga oshib, 12,6 milliondan ortiq kishini tashkil etdi. Bu haqda «Uzbekistan Airports» kompaniyasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
9 oy davomida mamlakat aeroportlari 102 836 ta aviareysga xizmat ko‘rsatgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 10 foizga ko‘pdir. Jumladan, parvozlarning 71 625 tasi xalqaro yo‘nalishlar (+8 foiz), 31 211 tasi esa ichki yo‘nalishlar (+17 foiz hissasiga to‘g‘ri kelgan.
«Jami yo‘lovchilar oqimi 12 662 922 kishini tashkil etib, 2025 yilning shu davriga nisbatan 13 foizga oshdi. Xalqaro yo‘nalishlarda 10 361 150 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatildi. Ichki reyslarda esa 2 301 772 yo‘lovchi tashilib, o‘sish 15 foizni tashkil etdi», — deyiladi xabarda.
Toshkent yetakchilikni saqlab qoldi, hududlarda esa turlicha dinamika
Mamlakatning eng yirik aviatsiya markazi bo‘lgan Toshkent aeroporti 8 489 320 yo‘lovchiga va 62 482 ta reysga xizmat ko‘rsatgan. Poytaxtda yo‘lovchilar oqimi 16 foizga, reyslar soni esa 7 foizga oshgan.
Hududiy aeroportlar orasida eng yuqori yo‘lovchi tashish ko‘rsatkichlari quyidagicha taqsimlandi:
— Samarqand — 1,11 million yo‘lovchi;
— Urganch — 724,4 ming yo‘lovchi;
— Farg‘ona — 511 ming yo‘lovchi;
— Namangan — 497,6 ming yo‘lovchi.
Eng yuqori o‘sish sur’atlari Andijon shahrida qayd etilib, bu yerda yo‘lovchilar oqimi 8,7 barobarga oshgan va 161,4 ming kishiga yetgan.
Shuningdek, xizmat ko‘rsatilgan yo‘lovchilar soni Termizda 48 foizga, Urganchda 18 foizga va Nukusda 17 foizga oshgan.
Ayrim aeroportlardagi pasayish
Shu bilan birga, ayrim hududlarda manfiy ko‘rsatkichlar kuzatilgan. Xususan, Namanganda yo‘lovchilar oqimi 16 foizga, Qarshida esa 22 foizga kamaydi. Ushbu holat aviakompaniyalar tomonidan geosiyosiy vaziyatni hisobga olgan holda parvozlar jadvaliga o‘zgartirishlar kiritilgani va ayrim yo‘nalishlarda talabning o‘zgargani bilan bog‘liqligi aytilmoqda.
Navoiy aeroporti ko‘rsatkichlarida yuk tashish ixtisoslashuvining kuchayishi aks etgan. Yo‘lovchi reyslari soni qisqarib, yo‘lovchilar oqimi 22 foizga kamaygan bo‘lsa-da, xizmat ko‘rsatilgan reyslarning umumiy soni 14 foizga oshgan. Asosiy o‘zgarishlar aeroportning yuk tashish aviatsiya markazi sifatida rivojlanishiga to‘g‘ri keladi.
Buxoro aeroportida esa yo‘lovchilar oqimi 407,4 ming kishini tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 1 foizga kamaygan.
Yuk va pochta tashish hajmi 27 foizga oshdi
Yuk segmentida ham ijobiy dinamika kuzatilgan. To‘qqiz oy davomida mamlakat aeroportlari 84,8 ming tonna yuk va pochtani qayta ishlagan, bu 2025 yilning mos davriga nisbatan 27 foizga ko‘p. Ushbu hajmning mutlaq katta qismi — 78 867,9 tonnasi Toshkent aeroporti hissasiga to‘g‘ri kelgan.





