Tramp Zelenskiyga yordam so‘rab murojaat qildi

Бугун 09:004 дақиқа

Kiyev o‘tgan yilning avgust oyida Eron dronlari keltirib chiqaradigan xatarlardan ogohlantirgan edi, biroq Vashington bunga quloq solmadi. Bu loqaydlik oqibatida 7 nafar amerikalik harbiy halok bo‘ldi, «Patriot» raketalarining bir yillik zaxirasi esa tezda sarflab yuborildi.

Tramp Zelenskiyga yordam so‘rab murojaat qildi

Donald Tramp o‘tgan yil davomida butun dunyoni, ayniqsa Zelenskiyning o‘zini Ukraina prezidentining «qo‘lida hech qanday qarta yo‘qligiga» izchil ishontirib keldi. Bu iddao o‘ziga xos «mantra»ga aylandi: Tramp har bir qulay fursatda — intervyularda, ijtimoiy tarmoqlarda va Oq uydagi suhbatlarda buni qayta-qayta ta’kidladi.

«Sizda hech qanday qarta yo‘q. Endi unda qartalar yanada kamaydi», — degan edi Amerika prezidenti shu hafta «Politico» nashriga.

Biroq Eron bilan urush boshlanganidan atigi bir hafta o‘tib, Pentagon yordam so‘rab Kiyevga qo‘ng‘iroq qilishga majbur bo‘ldi.

1

Ko‘rfaz uzra «Shahed»lar

28-fevral kuni AQSH va Isroil Eronga qarshi «Epik g‘azab» amaliyotini boshlaganida, harbiy strateglar texnologik ustunlikka umid qilishgan edi. Bu hisob-kitob qisman o‘zini oqladi — Eron raketa arsenallari jiddiy talofat ko‘rdi. Ammo Tehron shunday qurol bilan javob berdiki, AQSHning ko‘p milliardlik havo hujumidan mudofaa tizimi iqtisodiy jihatdan ojiz bo‘lib chiqdi.

Bular — «Shahed» dronlaridir.

Ukraina to‘rt yildan beri har kecha aynan mana shu qurilmalardan himoyalanib kelmoqda. Bitta «Shahed» 20–50 ming dollar tursa, uni urib tushiruvchi «Patriot PAC-3» raketasi 3–8 million dollarga baholanadi. Urushning ilk uch kunida 800 dan ortiq «Patriot» raketasi uchirildi — bu ushbu raketalarning dunyo miqyosidagi bir yillik ishlab chiqarish hajmiga tengdir.

Urushning ikkinchi kunida Quvaytdagi Amerika qo‘mondonlik markazi Eron droni tomonidan nishonga olindi — amerikalik harbiylar halok bo‘ldi. Nizoning dastlabki uch kunida Birlashgan Arab Amirliklari 689 ta uchuvchisiz uchish apparati hujumiga uchradi. Iordaniyadagi «THAAD» tizimining radariga shikast yetdi. Pentagon Eron dronlariga berilgan javob «hafsalani pir qilganini» ochiq tan oldi.

2

«Shahed»larga qarshi eng katta tajriba Ukrainada

Ukraina «Shahed»larni urib tushirish borasida dunyodagi eng noyob tajribaga ega. Bu oson bo‘lgani uchun emas, balki 2022-yilning sentabr oyidan beri davom etayotgan tinimsiz hujumlar ostida shakllangan hayotiy zaruratdir. Kiyev katta yo‘qotishlar va sinovlar evaziga dronlarga qarshi kurashning yaxlit ekotizimini yaratdi. Bu tizim arzon tutib oluvchi dronlar, radioelektron kurash vositalari va keng qamrovli operatorlar tarmog‘ini o‘z ichiga oladi. Masalan, Ukrainaning «Octopus» tutib oluvchi droni atigi 3 ming dollar turadi. Fevral oyining o‘zida Ukraina kuchlari 15 mingdan ortiq dronni yo‘q qildi va samaradorlik ko‘rsatkichi 90 foizdan yuqori.

2025-yilning avgust oyidayoq Ukraina rasmiylari Vashingtonga aniq tahlil va taqdimot bilan kelgan edi. Unda Yaqin Sharq xaritasi va «Eron kamikadze-dronlarini takomillashtirmoqda» degan xavotirli ogohlantirish aks etgandi. Kiyev Turkiya, Iordaniya va Fors ko‘rfazi mamlakatlarida «dronlarga qarshi kurash xablari»ni tashkil etishni taklif qildi. Tramp o‘z jamoasiga masalani o‘rganishni buyursa-da, amalda hech qanday chora ko‘rilmadi.

Oradan yetti oy o‘tib, Eron «Shahed»lari Basra ko‘rfazini qoplagach, Pentagon rasman Kiyevdan yordam so‘radi. Ertasi kuniyoq Ukraina mutaxassislari Iordaniyaga yo‘l oldi.

3

Eron urushida AQSH ittifoqchilari ikkilanmoqda

Ukraina bilan bog‘liq voqealar Eron bilan urush tufayli yuzaga kelgan keng qamrovli geosiyosiy manzaraning bir qismi, xolos.

Buyuk Britaniya AQSHga Eronga zarba berish maqsadida Diyego-Garsiya va Glostershirdagi bazalaridan foydalanish huquqini berishni rad etdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, aynan shu rad javobi Britaniya bosh vaziri Starmerni Chagos orollari masalasida Oq uyning qo‘llovidan mahrum qildi. London yakunda baribir «maxsus mudofaa amaliyotlari»ga ruxsat berdi — 7-mart kuni ertalab Ferford bazasiga uchta «B-1 Lancer» bombardimonchi samolyoti yetib keldi.

Ispaniya vaziyatga yanada qat’iy va murosasiz munosabat bildirdi. Madrid xalqaro huquqiy asoslar mavjud emasligini ro‘kach qilib, Eronga qarshi amaliyotlar uchun Rota va Moron bazalarini taqdim etishdan qat’iy bosh tortdi. Oq uy matbuot kotibi Karolayn Livitt Ispaniya «hamkorlik qilishga rozi bo‘lganini» shoshilinch e’lon qilgan bo‘lsa-da, Ispaniya TIV buni ochiqchasiga rad etdi. Trampning Madrid bilan barcha savdo aloqalarini uzish haqidagi tahdidlariga javoban, bosh vazir Pedro Sanches Ispaniya «shunchaki javob choralaridan qo‘rqib, dunyo uchun salbiy oqibatlarga olib keladigan ishga sherik bo‘lmasligini» aytdi.

Tinchlik davrida qadrlanmaydigan ittifoqchilar urush vaqtida o‘z infratuzilmasini taqdim etishga shoshilmayapti.

4

Oq uy inkor etgan Kiyev yordamga keldi

Donald Tramp jurnalistlarga Zelenskiyning «qo‘lida qartalari yanada kamayganini» uqtirayotgan bir paytda, ukrainalik mutaxassislar Amerika bazalarini himoya qilish uchun allaqachon yo‘lga tushishgan edi. Oq uy Ukraina «hech narsa taklif bera olmaydi» deb dunyoni ishontirayotgan bir vaqtda, Qatar Ukraina mudofaa zavodlariga o‘z delegatsiyasini yubordi. Amerika ma’muriyati yetti oy davomida Kiyevning ogohlantirishlariga e’tibor bermaganining badali esa nihoyatda og‘ir bo‘ldi: 7 nafar amerikalik askar ukrainaliklar avvalroq ogohlantirgan aynan o‘sha dronlar hujumidan halok bo‘ldi.

«Agar urush boshlanishidan oldin biz tomondan taktik xatoga yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa, u aynan mana shu edi», — dedi amerikalik mulozimlardan biri «Axios» nashri bilan suhbatda.

Zelenskiy esa, o‘z navbatida, bu vaziyatdan kesatiq qilish uchun foydalanmadi. U faqatgina AQSHning «Patriot» raketalarini ayovsiz sarflayotganini kuzatib:

 «Ukrainada butun urush davomida bunchalik ko‘p raketa bo‘lmagan», — dedi, xolos.

Теглар

Мавзуга оид