Logo

«Uklon» taksi xizmati O‘zbekistonda ustun mavqega ega raqamli platforma deb topildi

Бугун 11:152 дақиқа

Ustun mavqega ega bo‘lgan korxonalar o‘z xohishiga ko‘ra raqobatchilardan mustaqil ravishda bozor qoidalarini, narxlarni va shartlarni o‘zgartirish hamda boshqa kompaniyalarning bozorga kirishiga yoki erkin faoliyat yuritishiga to‘sqinlik qila olishi mumkin.

«Uklon» taksi xizmati O‘zbekistonda ustun mavqega ega raqamli platforma deb topildi © yandexmaps

O‘zbekiston Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining tegishli buyrug‘iga asosan, «Uklon UB» MCHJ xorijiy korxonasi yo‘lovchilarni tashish (taksi) uchun buyurtmalarni joylashtirish va taksi xizmatlarini ko‘rsatishga imkon beruvchi vositachilik (agregator) xizmatlari bozorida ustun mavqega ega raqamli platforma operatori deb e’tirof etildi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati ma’lum qildi.

Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, platforma operatori faoliyatida raqobat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilishi hamda ustun mavqeni suiiste’mol qilish holatlarining oldini olish maqsad qilingan. Shu munosabat bilan, «Uklon» kompaniyasiga majburiy tartibda Monopoliyaga qarshi komplayens tizimi joriy etiladi.

Shuningdek, vakolatli organ tomonidan ushbu raqamli platforma operatorining faoliyati ustidan tegishli tartibda doimiy monitoring o‘tkazib borilishi qayd etilgan.

Ma’lumot o‘rnida, ushbu maqom kompaniyaning raqobatchisi «Yandex» platformasiga 2024 yilda berilgan.

Iqtisodchi e’tirozi

Iqtisodchi Otabek Bakirov Qo‘mitaning mazkur qarori qanday mezonlarga asoslanganini so‘roq ostiga olib, bozordagi real holat va boshqa yirik o‘yinchilar haqida fikr bildirdi.

«Qiziq, o‘n marta urinsang, bir marta zo‘rg‘a taksi ushlasa bo‘ladigan «Uklon» bozor ulushi qancha ekan? Qaysi mezon bo‘yicha «Uklon» ustun mavqega ega deb topilgan? Tushum miqdori (100 000 BHM+)mi? Foydalanuvchilar soni (50 ming +)mi?» — deya savollarni o‘rtaga tashlagan iqtisodchi.

Shuningdek, Bakirov taksi bozoridagi boshqa agregatorlar harakatiga ham to‘xtalib o‘tgan:

«Darvoqe, bozorga oshkora demping bilan kirgan va «Yandex»da muammolar yuzaga kelgach, narxlarni karrasiga oshirgan pushti-siyohrang (WB taksi nazarda tutilgan) operator qachon monopolist deb topiladi?» — deydi u.

Ma’lumot uchun, 2010-yilda tashkil etilgan «Uklon» — Ukrainadagi eng yirik onlayn taksi va yetkazib berish xizmati hisoblanadi. Ilovaning asosiy xususiyati yo‘lovchiga safar narxini mustaqil sozlash imkonini berishidir («inDrive»dagi kabi). O‘zbekistondagi faoliyatini 2023-yilning iyun oyida Toshkent shahrida boshlagan platforma so‘nggi oylarda Farg‘ona vodiysining beshta shahri — Farg‘ona, Marg‘ilon, Qo‘qon, Namangan va Andijonda ham o‘z xizmatlarini yo‘lga qo‘ydi.

Теглар

Мавзуга оид

«Uklon» taksi xizmati O‘zbekistonda ustun mavqega ega raqamli platforma deb topildi | Vaqt.uz