Urush dengizda ham davom etmoqda: Eron AQSH aviatashuvchisiga ballistik raketalar bilan zarba berdi
Abu Dabidagi AQSH dengiz kuchlari bazasiga esa Eron droni hujum qilgan. BAA kechadan beri zarbalarda uch kishi halok bo‘lganini bildirdi.

Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi AQSHning «USS Abraham Lincoln» aviatashuvchisiga to‘rtta ballistik raketa bilan zarba berdi. Bu haqda Eron davlat ommaviy axborot vositalari xabar qildi.
«USS Abraham Lincoln» AQSH dengiz kuchlari tarkibidagi «Nimitz» toifasidagi beshinchi aviatashuvchi hisoblanadi. U tarkibida dushman radarlaridan qochish qobiliyatiga ega bo‘lgan eng so‘nggi «F-35 Lightning II» stels qiruvchi samolyotlari mavjud.
Ushbu zarba guruhi, shuningdek, «Tomahawk» yer ustiga hujum qiluvchi qanotli raketalar bilan jihozlangan uchta esminetsni o‘z ichiga oladi va odatda xuddi shu turdagi qurolni qo‘llaydigan atom quvvatida ishlaydigan suvosti kemasi hamrohligida harakatlanadi.
AQSH buni rad etdi
AQSH Markaziy qo‘mondonligi (Centcom)ning ma’lum qilishicha, «USS Abraham Lincoln» Eron raketalari bilan urilmagan.
«Uchirilgan raketalar hatto yaqin ham kelmadi», – deyiladi «Centcom» bayonotida.
Shuningdek, mazkur avianosets Eron tomonidan kelib chiqadigan tahdidlarni bartaraf etish orqali «uzluksiz kampaniya» doirasida samolyotlarni uchirishda davom etayotgani qayd etilgan.
BAA: Eron dronlari dengiz bazasiga hujum qildi, yong‘in yuz berdi
BAA Mudofaa vazirligi ma’lum qilishicha, Abu-Dabidagi «Al-Salam Naval Base» hududidagi omborga qaratilgan ikkita Eron droni bilan bog‘liq hodisa bartaraf etilgan. Hujum oqibatida umumiy materiallar saqlangan ikki konteynerda yong‘in chiqqan, ammo qurbonlar yo‘q. Mudofaa vazirligi bu hodisani «ochiqcha tajovuz va milliy suverenitet hamda xalqaro huquqning qo‘pol buzilishi» deb keskin qoraladi.
Eron davlat OAVlari Abu-Dabidagi harbiy bazaga kamida ikki zarba berilganini xabar qilgan, biroq baza nima sababdan nishonga olingani haqida ma’lumot bermagan.
Vazirlik bayonotida aytilishicha, hozirga qadar 167 ta raketa va 541 ta Eron droniga qarshi chora ko‘rilgan. Ushbu dronlardan 35 tasi mamlakat hududiga qulagan, natijada uch kishi halok bo‘lgan, 58 kishi yengil jarohat olgan hamda «moddiy zarar» yetgan. Vazirlik yuqori jangovar shaylik holati saqlanayotganini va har qanday tahdidga javob berishga tayyor ekanini bildirgan.





