Valuta savdosi: o‘zbekistonliklar banklarga ko‘proq dollar sotmoqda
2026-yil yanvar–fevral oylarida O‘zbekiston ichki valuta bozorida aholi faolligi sezilarli darajada oshgani kuzatildi. Odamlar banklarga sotib olishdan ko‘ra ko‘proq dollar sotmoqda.

2026-yil yanvar–fevral oylarida aholi tomonidan banklarga sotilgan valuta hajmi 3,9 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu haqda Markaziy bank xabar berdi.
Taqqoslash uchun, 2024 yilning shu davrida mazkur ko‘rsatkich 2,1 mlrd dollar bo‘lgan. Shu tariqa, ikki yil ichida aholi tomonidan valuta sotish hajmi qariyb ikki baravarga yaqin oshgani kuzatilmoqda. O‘tgan yilda esa 2 mlrd 651 mln dollarga natija qayd etilgandi.
Shu bilan birga, aholining valuta xaridi ham o‘sish dinamikasini namoyon etgan. Jumladan, 2024 yilda xarid hajmi 1,4 mlrd dollar bo‘lgan, 2025 yilda 1,6 mlrd, 2026 yilda 2 mlrd dollargacha yetgan. Bu aholida valuta operatsiyalariga bo‘lgan faollik ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Aholi tomonidan valuta sotish hajmining oshishini mamlakatga kirib kelayotgan xalqaro pul o‘tkazmalari o‘sishi bilan izohlash mumkin. Xususan, 2025 yilda O‘zbekistonga xorijdan yuborilgan pul o‘tkazmalari hajmi 18,9 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2020 yildagi 6 mlrd dollarga nisbatan qariyb uch baravarga ko‘paygani bilan ahamiyatlidir.
Ushbu dinamika aholi qo‘lidagi xorijiy valuta taklifining ortishiga olib kelib, banklar orqali valuta sotish hajmining o‘sishiga xizmat qilmoqda.
Yuridik shaxslarda valutaga talab yuqori darajada
Yuridik shaxslar kesimida esa vaziyat boshqacha. 2026 yilda kompaniyalar tomonidan banklardan 7,45 mlrd dollar miqdorida valuta xarid qilingan bo‘lsa, sotuv hajmi 4,06 mlrd dollarni tashkil etgan. Natijada, yuridik shaxslar bo‘yicha manfiy saldo 3,38 mlrd dollar darajasida saqlanib qolmoqda.
Bu holat iqtisodiyotda importga bo‘lgan talab yuqori ekanini anglatishi mumkin. Chunki yuridik shaxslar asosan xorijiy valutaga import operatsiyalari uchun ehtiyoj sezadi.

Valuta kursi dinamikasi
Valuta kursi dinamikasida ham ma’lum o‘zgarishlar qayd etilgan. 2025 yil boshida dollar kursi 12 920 so‘m atrofida shakllangan bo‘lsa, yil davomida pasayish tendensiyasi kuzatilib, kuz oylarida 12 000 so‘mdan past darajalargacha tushgan.
2026 yil yanvar–fevral oylarida esa kurs nisbatan barqaror diapazonda — 12 025–12 136 so‘m oralig‘ida shakllangan. Biroq bozordagi tebranuvchanlik oshgani kuzatildi.
Xususan, ikki tomonlama o‘rtacha tebranuvchanlik 32,1 so‘mni yoki 0,27 foizni tashkil etgan. Bu 2025 yilning shu davridagi 12,3 so‘m (0,09 foiz) ko‘rsatkichiga nisbatan ancha yuqori.






