Logo

Xalqaro maydonda «kichik o‘rta kuchlar»ning o‘rni: O‘zbekiston, Qozog‘iston va Ozarboyjon misolida

Global kuchlar o‘rtasidagi raqobatda endi faqat yirik derjavalar emas, balki tranzit yo‘laklari, energiya resurslari va strategik joylashuvga ega davlatlar ham hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda.

Xalqaro maydonda «kichik o‘rta kuchlar»ning o‘rni: O‘zbekiston, Qozog‘iston va Ozarboyjon misolida © Ijtimoiy tarmoqlar

«Carnegie Russia Eurasia Center» tadqiqotchisi Zaur Shiriyevning «Financial Times» (FT) nashrida e’lon qilingan maqolasida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Ozarboyjon kabi davlatlarning mintaqaviy hamda global jarayonlardagi ta’siri tahlil qilindi. Quyida mazkur maqola asosida tayyorlangan sharhni e’tiboringizga havola etamiz.

Shiriyev o‘z maqolasida ta’kidlashicha, joriy yilning yanvar oyida Kanada bosh vaziri Mark Karnining Davosdagi nutqidan so‘ng «o‘rta kuchlar» mavzusi yana kun tartibiga chiqqan. Qoidalarga asoslangan dunyo tartiboti zaiflashayotgan bir paytda Kanada, Hindiston, Braziliya, Janubiy Afrika va Meksika kabi davlatlarning yirik derjavalarni jilovlay olish yoki o‘zaro koalitsiyalar tuza olish salohiyati katta qiziqish uyg‘otmoqda.

«Shu sababli, ko‘plab hukumatlar o‘zlarini «o‘rta kuch» maqomiga munosib ko‘rishga shoshilmoqda», — deyiladi tahlilda.

Muallifning fikricha, xalqaro kun tartibini keng miqyosda belgilay olmasa-da, vaziyatga sezilarli ta’sir ko‘rsata oladigan davlatlar ham bor bo‘lib, ularni «kichik o‘rta kuchlar» deb atash mumkin.

Uning yozishicha, bunday davlatlarning umumiy qudrati cheklangan bo‘lsa-da, ular energetika, transport yo‘laklari, mintaqaviy xavfsizlik, vositachilik, moliya, texnologiya, geografik joylashuv yoxud yirik davlatlar til topisha olmaydigan tomonlar bilan muloqot o‘rnatish kabi bir qator yo‘nalishlarda real ta’sir dastaklariga ega.

Ekspert bu o‘rinda asosiy masala shunchaki bunday ustunliklarga ega bo‘lish emas, balki ulardan oqilona foydalana olish ekanligiga e’tibor qaratgan.

Maqolada keltirilishicha, Qatar va Ummon diplomatik yo‘nalishdagi shunday «kichik o‘rta kuchlar» sanaladi.

Jumladan, Qatar o‘zining tabiiy gaz zaxiralari, ulkan moliyaviy imkoniyatlari hamda murakkab siyosiy o‘yinchilar bilan o‘rnatgan aloqalarini katta diplomatik nufuzga aylantira olgan.

Ummon esa o‘zining vazmin siyosati, strategik joylashuvi va o‘zaro raqib tomonlar o‘rtasida muloqot kanallarini ochiq saqlay olish qobiliyatiga tayanadi. Tahlilchiga ko‘ra, har ikki davlat uchun vositachilik shunchaki diplomatik vazifa emas, balki muhim ta’sir vositasidir.

Zaur Shiriyevning ta’kidlashicha, Ozarboyjon, Qozog‘iston va O‘zbekiston kabi davlatlar ham geografik joylashuvi hamda infratuzilmasi jihatidan xalqaro maydonda muhim ta’sir kuchiga ega.

Qayd etilishicha, Ozarboyjon energiya resurslarining yirik eksportchisi bo‘lishi bilan birga, Sharq va G‘arbni o‘zaro bog‘lovchi strategik savdo yo‘llarida joylashgan. Bu omillar uni Janubiy Kavkaz siyosati va xavfsizligida hal qiluvchi davlatga aylantiradi.

Qozog‘iston o‘zining ulkan neft va uran zaxiralari hamda Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi qulay joylashuvi orqali mintaqadan tashqarida ham o‘z ta’sir doirasini kengaytirish imkoniga ega.

O‘zbekiston esa Markaziy Osiyoning qoq markazidagi tranzit joylashuvi va eng yirik demografik salohiyati tufayli mintaqaviy savdo hamda diplomatiyada tobora katta imkoniyatlarga ega bo‘lib bormoqda.

«FT» maqolasida O‘rta yo‘lak buning yorqin misoli sifatida keltirilgan. Unga ko‘ra, Ozarboyjon va Qozog‘iston Osiyo hamda Yevropani bog‘lovchi yo‘nalishning markazida joylashgan bo‘lsa, O‘zbekiston ushbu transport yo‘lagi bilan o‘zaro aloqalarini tobora mustahkamlab bormoqda.

Muallifning fikricha, mazkur yo‘l Rossiya hududi orqali o‘tuvchi shimoliy yo‘nalishga nisbatan murakkabroq hisoblansa-da, hukumatlar va biznes doiralari uchun o‘ta muhim muqobil variantni taqdim etadi.

Shu bilan birga, mazkur uch davlat Markaziy Osiyoning qayta tiklanadigan energiya manbalarini Ozarboyjon orqali Yevropaga yetkazib beruvchi Qora dengiz elektr kabeliga ulash imkonini beruvchi Kaspiy yashil energetika yo‘lagini ham faol rivojlantirayotgani alohida e’tirof etilgan.

Ekspert, shunga qaramay, Janubiy Kavkaz va Markaziy Osiyo atrofidagi muhokamalar hamon faqat Rossiya, Xitoy va G‘arb o‘rtasidagi geosiyosiy raqobat sifatida talqin qilinayotganini bildiradi. Bu holat mintaqadagi aksariyat davlatlarning o‘ziga xos siyosati va sa’y-harakatlarini e’tibordan chetda qoldiradi.

Ta’kidlanishicha, Ozarboyjon, Qozog‘iston va O‘zbekiston ko‘p vektorli munosabatlarni saqlab qolishga intilmoqda. Sababi, geografiya, savdo va xavfsizlik bilan bog‘liq omillar faqat bir tomonga moyil bo‘lgan ittifoqchilikni o‘ta xavfli holatga keltirib qo‘yadi.

«Shu tariqa, ular Rossiya, Xitoy, Turkiya, Yevropa Ittifoqi va AQSH bilan birdek hamkorlik qilib, yirik kuchlar o‘rtasida manyovr qilish imkoniyatini saqlab qolishga harakat qilmoqda», — deyiladi maqolada.

Qayd etilishicha, xuddi shunday holatda Qatar va Ummon Vashington bilan xavfsizlik sohasida yaqin aloqalarga ega bo‘lsa-da, AQSHning raqiblari bilan ham muloqot kanallarini ochiq saqlaydi, bu esa ularga har qanday tomondan bo‘ladigan bosimga muvaffaqiyatli qarshi turish imkonini beradi.

Maqolada shuningdek, 2024 yil dekabr oyida yuz bergan holatga ham e’tibor qaratilgan. Shiriyev Rossiyaning havo hujumidan mudofaa tizimlari «Ozarboyjon havo yo‘llari» yo‘lovchi samolyotini urib tushirganidan so‘ng, kuchlar muvozanati teng emasligiga qaramay, Bokuning bunga munosabati kutilganidan-da keskin bo‘lganini eslatadi.

Ma’lum qilinishicha, Boku keng qamrovli o‘zaro munosabatlarga putur yetkazmagan holda, Moskvadan javobgarlikni tan olishni, aybdorlarni jazolashni va tovon puli to‘lashni qat’iy talab qilgan. Natijada Rossiya bu halokatga o‘zining mudofaa tizimlari sabab bo‘lganini tan olgan va tovon puli to‘lashga rozilik bildirgan.

Shiriyevning ta’kidlashicha, «kichik o‘rta kuchlar»ning ta’sir doirasi ular nazorat qiladigan resurslarga boshqalarning ehtiyoji ortgan paytda eng yuqori cho‘qqiga chiqadi. U xaridorlar muqobil ta’minot manbalarini izlayotgan bugungi sharoitda Ozarboyjonning nefti va gazi yanada muhim ahamiyat kasb etayotganini bildiradi.

Bundan tashqari, Rossiya orqali o‘tuvchi savdo yo‘llarining izdan chiqishi ortidan O‘rta yo‘lakning ahamiyati sezilarli darajada ortgan. Biroq ushbu yo‘nalishda joylashgan hukumatlar G‘arbning Rossiya bilan savdo aloqalari qayta tiklangudek bo‘lsa, tashilayotgan yuklarning bir qismi yana shimoliy yo‘nalishga qaytishi mumkinligini ham yaxshi anglaydi.

Tahlilchining xulosa qilishicha, Qatar va Ummon kabi mamlakatlarning vositachilik salohiyati tomonlar bir-biri bilan bevosita muloqotdan voz kechgan inqirozli davrlarda ayniqsa qadrli hisoblanadi. Garchi bu davlatlar yangi xalqaro tartib-qoidalarini mustaqil belgilab bermasa-da, dunyo arenasida o‘z ta’sirini o‘tkazishga intilayotgan yirik kuchlar ko‘pincha aynan mana shunday kichik o‘rta davlatlarning tranzit yo‘laklariga, resurslariga va diplomatik imkoniyatlariga tayanib qoladi.

«Endi yirik davlatlar ularning hamkorligisiz muvaffaqiyatga erishishi tobora qiyinlashib bormoqda», — deya yakunlanadi maqola.

Теглар

Мавзуга оид