Xitoyda kompaniya rahbari xodimlariga 26 mln dollar pul tarqatdi

26.02.2026 | 11:512 дақиқа

U korparativ kechada kompaniyaning 2025 yilgi foydasining qariyb 70 foizini 7 ming nafar xodim o‘rtasida taqsimlagan.

Xitoyda kompaniya rahbari xodimlariga 26 mln dollar pul tarqatdi

Xitoy ijtimoiy tarmoqlarida bir kompaniya va uning rahbari virusli tarzda ommalashdi. Bunga sabab, kompaniya 270 million yuan sof foydasidan 180 million yuanni (26 million dollar) yil yakuni bo‘yicha mukofot sifatida taqsimlagani bo‘ldi. Bu holat internet foydalanuvchilari orasida umumiy havas va hasad uyg‘otgan, deb yozadi «South China Morning Post».

Pulli ziyofat

13-fevral kuni «Henan Kuangshan Crane Co.» kompaniyasi yillik korporativ gala-kechasini o‘tkazdi. Unda 60 million yuandan (8,7 million dollar) ortiq naqd pul mukofotlari tarqatildi. Tadbirda taxminan 7 ming nafar ishtirokchini joylashtirish uchun 800 ta banket stoli o‘rnatildi.

6046492a-fb3e-4859-8cb1-745806e1fff4_4e7f387d

Xodimlar sahnaga chaqirilib, o‘z mukofotlarini qabul qildi. Boshqa interaktiv tadbirlarda esa ular pullarni o‘zlari sanashdi – qancha miqdorni sanashsa, o‘sha summani uyiga olib ketishdi.

Internetda tarqalgan videolarga ko‘ra, xodimlar uzun stollar ustiga yoyib qo‘yilgan naqd pullarni sanagan, boshqalar esa sahnaga banknot bog‘lamlarini ko‘tarib chiqqan, ayrimlari esa pulni zo‘rg‘a ushlab turgan.

Gala-kecha davomida kompaniya rahbari Suy Peijun sahnadan turib moliya bo‘limiga murojaat qilib shunday degan:

«Nega biz kir yuvish mashinalari sovg‘a qilyapmiz? Oltin narxi oshgan deb o‘ylaysizmi? Oldingi yillarda biz marjonlar va uzuklar berganmiz. Naqd pul olib keling va har bir xodimga yana 20 000 yuan (2 800 dollar) bering».

Onlayn tarzda taqsimlangan bonuslarni ham qo‘shganda, yil yakuni bo‘yicha umumiy to‘lovlar 180 million yuandan oshgan.

Kompaniyaning 2025 yil uchun foydasi 270 million yuanni tashkil etgan. Bu esa foydaning qariyb 70 foizi 7 ming nafar xodim o‘rtasida taqsimlanganini anglatadi.

Kompaniya haqida nima ma’lum?

«Henan Kuangshan Crane Co.» 2002 yil sentabrda tashkil etilgan. U kranlar va materiallar tashish uskunalari sohasida ishlab chiqaruvchi hamda xizmat ko‘rsatuvchi korxona bo‘lib, faoliyati dunyoning 130 dan ortiq mamlakatiga yoyilgan. Suy kompaniya aksiyalarining taxminan 98,88 foiziga egalik qiladi.

2024 yilda kompaniya 260 million yuan (38 million AQSH dollari) miqdorida sof foyda qayd etgan. Uning 170 million yuani xodimlar o‘rtasida taqsimlangan.

O‘tgan yil mart oyida, Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan, kompaniya 2000 nafar ayol xodima o‘rtasida qariyb 1,6 million yuan (230 ming AQSH dollari) mukofot taqsimlagan.

Xodimlarga tez-tez pul mukofotlari va imtiyozlar berilishi natijasida internet foydalanuvchilari Suyni «pul tarqatishni eng yaxshi ko‘radigan boss» deb atamoqda.

Теглар

Мавзуга оид