Logo

Yangi uylar endi optik internet bilan quriladi

Бугун 17:452 дақиқа

O‘zbekistonda yangi ko‘p qavatli uylar qurilishida internet infratuzilmasi avvaldan hisobga olinadi. Telekommunikatsiya tarmoqlarini loyihalash va qurish bo‘yicha mavjud 2 ta litsenziya turini bittaga birlashtirilib, litsenziya berish muddati 25 ish kunidan 10 ish kuniga qisqartiriladi.

Yangi uylar endi optik internet bilan quriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish va sohada tadbirkorlik muhitini yaxshilash bo‘yicha takliflar bilan tanishdi.

Ma’lum qilinishicha, yangi ko‘p qavatli uylarni yuqori tezlikdagi internetga ulanish texnologiyasi asosida loyihalash va qurish talabi joriy etiladi. Bu optik tolali internet infratuzilmasini qurilish bosqichidanoq hisobga olish imkonini beradi.

Shuningdek, telekommunikatsiya sohasida biznes muhitini yaxshilash maqsadida tarmoqlarni loyihalash va qurish bo‘yicha mavjud 2 ta litsenziya turini bittaga birlashtirish hamda litsenziya berish muddatini 25 ish kunidan 10 ish kuniga qisqartirish taklif qilindi.

Telekommunikatsiya sohasida o‘zgarishlar

So‘nggi yillarda aholi yashash maskanlarini telekommunikatsiya xizmatlari bilan qamrab olish darajasi 41 foizdan 98 foizga yetgan. Umumiy internet o‘tkazish qobiliyati esa 65 barobar oshgan.

Shu bilan birga, taqdimotda mahalliy tadbirkorlar uchun telekommunikatsiya xizmatlari ko‘rsatish hali yetarlicha jozibador emasligi, olis hududlarda simli internetdan foydalanuvchilar ulushi pastligi qayd etildi.

Sohaga yangi tadbirkorlarni jalb qilish maqsadida “Kelajak tadbirkori” dasturi doirasida 2 yil imtiyozli davr bilan 7 yil muddatga 15 foiz stavkada 530 million so‘mgacha kredit ajratish taklif qilinmoqda.

Raqamli infratuzilma rejasi


Olis va chekka hududlarda ishlaydigan tadbirkorlar uchun alohida imtiyozli tarif rejalari ishlab chiqilishi belgilangan. Bu internet xizmatlari qamrovini yanada oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Prezident takliflarni ma’qullab, raqamli xizmatlar sifatini oshirish, kiberxavfsizlik va shaxsiy ma’lumotlar himoyasini ta’minlash hamda xususiy sektor uchun qulay muhit yaratish bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq davlat boshqaruvida yagona integratsiyalashgan raqamli platforma joriy etilishi haqida xabar berilgandi.

Теглар