Logo

«Yotoqxonani sotish bilan umumiy yotoqxonalar soni kamayib qolmaydi» — Davaktiv Nizomiy yotoqxonasi sotilishiga izoh berdi

Бугун 11:254 дақиқа

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti yotoqxonasining sotilishiga izoh berdi. Yangi yotoqxona qurilib, talabalar u yerga ko‘chirilmaguncha, mavjud binoda ularning yashashi davom etadi.

«Yotoqxonani sotish bilan umumiy yotoqxonalar soni kamayib qolmaydi» — Davaktiv Nizomiy yotoqxonasi sotilishiga izoh berdi

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Sohibjon Murodov Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti yotoqxonasining sotilishi va talabalar turar joylari bilan bog‘liq vaziyatga izoh berdi. 

Uning aytishicha, yotoqxona yangi turar joy binosi qurilib, talabalar u yerga ko‘chirilganidan keyingina xususiy sektorga o‘tkaziladi. Murodov bu haqda 8-oktabr kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi, deya xabar berdi Vaqt.uz muxbiri.

Yotoqxona faoliyati saqlab qolinadi

Agentlik direktori yotoqxonaning sotilishi talabalar uchun mavjud turar joylar sonining kamayishiga olib kelmasligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yotoqxona faoliyatini saqlab qolish talabi shartnomada ham belgilangan.

«Bu yotoqxonani sotish bilan umumiy yotoqxonalar soni kamayib qolmaydi. Ya’ni faoliyatini saqlab qolish masalasi qo‘yilgan va shartnomaga yozib qo‘yilgan», — dedi Murodov.

Uning qayd etishicha, yangi yotoqxona qurilib, talabalar u yerga ko‘chirilgunga qadar mavjud binoda yashash davom etadi. Hozirda ham savdo jarayoniga qaramay, talabalar yotoqxonada istiqomat qilmoqda.

«Qachonki yangi yotoqxona qurilib, u yerga talabalar ko‘chirilgandan so‘nggina bu yotoqxona xususiy sektorga o‘tkaziladi», — dedi agentlik rahbari.


Talabalar transport bilan bog‘liq qiyinchiliklarga duch kelmoqda

Murodov Toshkent davlat pedagogika universitetining o‘quv korpuslari poytaxtning turli hududlarida joylashgani talabalar uchun qiyinchilik tug‘dirayotganini ta’kidladi. Uning aytishicha, universitetning o‘quv binolari Toshkent shahrining yetti yoki to‘qqizta hududida joylashgan.

«Endi Pedagogika universitetida men bitta qat’iy lokatsiyaga qaratmoqchiman, birinchi navbatda. Toshkent shahrining, adashmasam, yetti yoki to‘qqizta joyida joylashgan. Ya’ni o‘quv korpuslari Toshkent shahrining har bitta joylarida joylashgan», — dedi agentlik direktori.

Uning qayd etishicha, talabalar yotoqxonadan Qo‘yliqdagi o‘quv binosiga yetib borish uchun bir soat yoki bir yarim soat vaqt sarflaydi. Yo‘lda bir nechta yo‘nalishdagi jamoat transportini almashtirishga to‘g‘ri keladi. Bu esa darslarga o‘z vaqtida yetib borish va ta’lim olish jarayoniga ta’sir qilishi mumkin.

«Ertalab talaba yotoqxonadan chiqib, Qo‘yliqdagi binoga borguncha bir soat, bir yarim soat vaqt ketadi. Demak, u yerdagi birinchi darsga kechikadigan bo‘lsa, uning xayoli birinchi navbatda darsga kechikmasdan yetib olishda bo‘ladi. Uning o‘qishga ham diqqati bo‘lmaydi», — dedi Murodov.

Davaktiv2

Agentlik rahbari jamoat transportidagi yuklama ham o‘quv yili boshlanishi bilan ortishini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yoz oylarida transport qatnoviga talab nisbatan kam bo‘lsa, ta’lim muassasalarida darslar boshlangach, vaziyat o‘zgaradi.

«Qolaversa, umumiy ko‘chadagi o‘sha jamoat transporti yuklamasiga qaragan bo‘lsangiz, yoz oylarida unchalik ko‘p emas. Asosiy yuklama ta’lim muassasalarimizda o‘qish boshlangandan keyin boshlanadi. Juda ham katta qiyinchiliklarni biz kuzatyapmiz hozirgi kunda. U bo‘yicha ham chora-tadbirlar amalga oshirilyapti, lekin muammolarimiz bor», — dedi u.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq sobiq Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov 2030 yilgacha hamma talabalar ehtiyojini qondiradigan darajada yotoqxonalar qurib bitkazilishini aytgan edi. 


Yangi yotoqxona uchun 50 gektar yer ajratilgan

Murodovning ta’kidlashicha, talabalar uchun qulay sharoit yaratish va o‘quv jarayoni bilan turar joy infratuzilmasini bir hududda jamlash maqsadida Toshkent shahrida 50 gektar yer ajratilgan.

Ushbu hududda yangi o‘quv binosi deyarli qurib bitkazilgan, talabalar turar joyi qurilishi ham boshlangan. Yangi majmua o‘quv binolari va talabalar turar joyini bir hududda jamlash orqali qatnov bilan bog‘liq qiyinchiliklarni kamaytirishga qaratilgan.

Agentlik direktori ta’lim infratuzilmasini bir joyda jamlash talabalar uchun qulay sharoit yaratishdagi muhim yechimlardan biri ekanini ta’kidladi.

Ma’lumot uchun, bir necha kun oldin poytaxtdagi bir nechta oliygoh, xususan Texnika universitetiga viloyatdan kelib o‘qiyotgan 300 nafar talaba yotoqxona uchun pul to‘lagan bo‘lsa-da, bir kun ichida binodan chiqarib yuborilgani haqida xabarlar tarqalgandi. Bu talab huquq idoralari va universitet ma’muriyati tomonidan qo‘yilgan.

Mas’ullar holatni «davlat-xususiy sheriklik asosida qurilgan mazkur talabalar turar joyi hali rasman foydalanishga topshirilmagani» bilan izohlashgandi. Aytilishicha, mazkur obyektga avval joylashtirilgan talabalardan undirilgan to‘lovlar tadbirkor tomonidan 3 kun muddatda to‘liq qaytarib berilishi ma’lum qilingan.

Talabalar yotoqxonasi sotilishi bilan bog‘liq holat

Avvalroq Vaqt.uz 2022-2025 yillarda sotuvga qo‘yilgan talabalar yotoqxonasi bo‘yicha surishtiruv e’lon qilgan edi. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bunga javoban ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilingan ayrim lotlar talabalar yashaydigan xonalar emas, balki talabalar turar joylari tarkibidagi yortola, oshxona, bufet, hovli qismi hamda boshqa yordamchi maydonlardan iborat ekanligini aytgan. 

Shuningdek, vazirlik O‘zbekiston milliy pedagogika universitetiga tegishli obyektlarning ommaviy savdoga chiqarilishi Prezidentning PF–70-son farmoni asosida amalga oshirilayotganini bildirdi. Universitetning mavjud binolari Yangi Toshkentdagi yangi kampus foydalanishga topshirilgandan keyingina bo‘shatilishini ma’lum qilgan. Ammo ayrim savollar ochiq qolgan edi. 

Davaktiv agentligi izoh bergan masalalar

12

• «UzAuto Motors»ni sotib olishga qiziqayotgan үch davlat nomi ochiqlandi. UzAuto Motors va UzAuto Powertrain kompaniyalarini xususiylashtirish jarayoniga AQSH, Janubiy Koreya hamda Xitoy kompaniyalari qiziqish bildirmoqda.

• «O‘zbekiston pochtasi» AJ atrofida «Wildberries» bilan bog‘liq yangi boshqaruv modeli va 100 mlrd so‘mlik kredit masalasi muhokamalarga sabab bo‘ldi. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (Davaktiv) esa kompaniya xususiylashtirilmagani va mazkur qarz olinmaganini ma’lum qildi.

• «Uzbekistan GTL» zavodini xususiylashtirish jarayoni va aksiyalarini birlamchi ommaviy joylashtirish (IPO) bo‘yicha dastlabki bosqichlar boshlandi. Agentlik rahbarining so‘zlariga ko‘ra, ayrim yirik xalqaro moliyaviy tashkilotlar GTL zavodining IPOsida ishtirok etish bo‘yicha agentlikka rasman murojaat bilan chiqqan.

Теглар

Маҳлиё Ҳамидова

Маҳлиё ҲамидоваМақолалар сони: 214

Барчаси

Мавзуга оид

«Yotoqxonani sotish bilan umumiy yotoqxonalar soni kamayib qolmaydi» — Davaktiv Nizomiy yotoqxonasi sotilishiga izoh berdi | Vaqt.uz