Zapravkalarda «moment karta» orqali to‘lov joriy etiladi — Markaziy bank

AYQSHlarda kartasiz yoki mablag‘siz holatda ham yoqilg‘i uchun joyida to‘lov qilish imkoniyati yaratiladi.

Zapravkalarda «moment karta» orqali to‘lov joriy etiladi — Markaziy bank

Toshkent shahrida naqdsiz pul aylanmasi tizimini rivojlantirishga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazilmoqda. VAQT.UZ muxbiri xabariga ko‘ra, unda yoqilg‘i quyish shoxobchalarida (AYQSH) haydovchilar kartasi uyda qolib ketgan yoki hisobida mablag‘ yetarli bo‘lmagan holatlarda ham xizmatdan foydalanish imkonini yaratish choralari ko‘rilayotgani ma’lum qilindi.

Markaziy bank raisi birinchi o‘rinbosari Nodirbek Saydullayevning ta’kidlashicha, haydovchi yoqilg‘i quyish uchun kelganda xizmatdan foydalana olmasdan chiqib ketmasligi kerak.

«Haydovchi yoqilg‘i quyish uchun kirganda kartasi uyda qolgan yoki hisobida mablag‘i yetarli bo‘lmasa ham, ishi bitmasdan chiqib ketmasligi kerak», — dedi Saydullayev.

Uning aytishicha, bunday holatlarda muammoni faqat mijoz zimmasiga yuklash to‘g‘ri emas. AYQSHlar va tijorat banklari hamkorlikda yechim ishlab chiqmoqda.

Xususan, «moment karta» — ya’ni lahzali kartalar tizimi joriy etiladi. Bu orqali haydovchi AYQSHning o‘zida qisqa vaqt ichida karta rasmiylashtirib, to‘lovni amalga oshirishi mumkin bo‘ladi.

Bu xizmat ko‘rsatish jarayonining uzluksizligini ta’minlab, haydovchilar uchun qo‘shimcha qulaylik yaratadi. Shu bilan birga, banklar va AYQSHlar uchun ham mijozlar aylanmasini oshirish imkonini beradi.

«Bu muammoni faqat fuqaroning zimmasiga yuklash emas, balki banklar va tadbirkorlar bilan birgalikda hal qilish zarur», — dedi Nodirbek Saydullayev.

Теглар

Мавзуга оид