add

AQSH razvedkasi Putin qarorgohiga dronlar hujumni tasdiqlamadi

Kecha 21:552 daqiqa

AQSH razvedkasi Ukraina Qurolli kuchlari Putin rezidensiyasini nishonga olmagani va hujum haqidagi Rossiya da’volariga birorta dalil yo‘qligini ma’lum qildi.

AQSH razvedkasi Putin qarorgohiga dronlar hujumni tasdiqlamadi

AQSH maxsus xizmatlari 29-dekabr kuni Ukraina Qurolli kuchlari Rossiya prezidenti Vladimir Putin rezidensiyasiga hujum qilmagan, degan xulosaga keldi. Bu haqda Amerika rasmiylarga tayangan holda The Wall Street Journal xabar bermoqda.

Manbalarga ko‘ra, Ukraina tomoni Novgorod oblastida joylashgan harbiy ob’ektni nishonga olgan bo‘lib, mazkur obyekt Valdaydagi prezident rezidensiyasi yaqinida joylashmagan. AQSH razvedkasida Putinni o‘ldirish yoki uning qarorgohini nishonga olish rejasi haqida ma’lumotlar yo‘q.

31-dekabr kuni AQSH prezidenti Donald Tramp ijtimoiy tarmoqda Rossiyaning «hujum» haqidagi bayonotlari tinchlik jarayoniga to‘sqinlik qilayotgani haqidagi maqolaga ishora qildi. WSJ manbasining aytishicha, bu post Markaziy razvedka boshqarmasi rahbari Jon Retkliff Trampga razvedka xulosalarini taqdim etganidan so‘ng e’lon qilingan.

Kreml avvalroq hujumga oid dalillarni taqdim etishdan bosh tortgan edi. Keyinroq Rossiya Mudofaa vazirligi AQSH tomoniga texnik ekspertiza materiallari yuborilishini ma’lum qildi va dronlardan biri prezident rezidensiyasi ob’ektini nishonga olganini da’vo qildi.

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov birinchi bo‘lib Valday qarorgohiga hujum qilingani haqida bayonot berib, Moskva muzokaralardagi pozitsiyasini qayta ko‘rib chiqishini aytgan edi. Uning ta’kidlashicha, hujumda go‘yoki 91 ta dron qatnashgan.

Biroq Rossiya Mudofaa vazirligining o‘sha kungi rasmiy hisobotlarida Novgorod oblasti ustida 41 ta dron yo‘q qilingani aytilgan. Keyinroq qolgan dronlar Bryansk va Smolensk oblastlari uzra urib tushirilgani ma’lum qilindi, holbuki bu hududlar Novgorod oblastlari bilan chegaradosh emas.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy hamda TIV rahbari Andriy Sibiga Rossiyaning bayonotlarini uydirma deb atab, Moskva bu orqali Kiyevga zarbalarni oqlash va tinchlik muzokaralariga putur yetkazishni ko‘zlayotganini bildirgan.

Teglar

Mavzuga oid