add

AQSHsiz ssenariy: Ukraina xavfsizlik modelini qabul qildi

16.12.2025 | 22:5819002 daqiqa

Berlindagi uchrashuvdan keyin Ukraina bir qancha yon berishlarga rozi bo‘ldi.

AQSHsiz ssenariy: Ukraina xavfsizlik modelini qabul qildi

Ukraina, AQSH va Yevropa ittifoqchilarining Berlindagi uch kunlik muzokaralari hududlar bo‘yicha jiddiy siljishga olib kelmadi, lekin Kiyevning xavfsizlik kafolatlari evaziga bo‘lishi mumkin bo‘lgan yon berishlarni belgilab berdi. Muhokamalar natijalari shuni ko‘rsatadi: Ukraina urushni tugatishga yaqinlashish uchun yon berishga tayyor, ammo eng keskin masala – Donbass maqomi – bo‘yicha Kiyev qat’iy rad javobini bermoqda.

Ukraina rozi bo‘lgan yon berishlar:

NATOdan voz kechish. Kiyev amalda voz kechgan asosiy narsa – harbiy alyansga tezkor va so‘zsiz kirish istagi. Ukraina delegatsiyasi alyansga a’zolik endi tinchlik kelishuvining majburiy sharti sifatida qaralmasligini aniq aytdi. Buning o‘rniga, Ukraina NATOning 5-moddasi modeli bo‘yicha, lekin blokka rasman qo‘shilmagan holda, muqobil xavfsizlik kafolatlarini muhokama qilishga tayyor. Bu urush davrida Kiyev pozitsiyasidagi eng muhim o‘zgarishdir. CNN xabar berishicha, AQSH bu masalada Ukraina shartlariga rozi bo‘lishga tayyor.

Armiyani qisqartirish. The Guardian xabar berishicha, Kiyev Qurolli kuchlar sonini 800 ming kishigacha qisqartirishga tayyor. Bu katta yon berish emas – hozirda Qurolli kuchlar safida 900 mingga yaqin kishi xizmat qilmoqda. Rossiya Ukrainadan armiyani ikki barobar qisqartirishni talab qilgandi.

O‘t ochishni to‘xtatishni nazorat qilish formati. Ukraina AQSH rahbarligida Yevropa davlatlari va mojarodagi barcha tomonlar vakillari ishtirokida yarashuvni xalqaro monitoring qilish mexanizmini muhokama qilishga rozi bo‘ldi. Ilgari Kiyev sheriklarning aniq majburiyatlarisiz urushni muzlatib qo‘yishi mumkin bo‘lgan har qanday sxemalarga ehtiyotkorlik bilan yondashardi.

Amerika qo‘shinlarisiz xavfsizlik modeli. Kiyev kelajakdagi xavfsizlik arxitekturasi AQSH quruqlik qo‘shinlarining ishtirokisiz shakllanishini qabul qildi. Vashington Ukrainaga o‘z harbiylarini yuborish masalasini umuman ko‘rib chiqmayotganini ochiq bildirdi va Kiyev bu pozitsiyani muzokaralardagi asosiy voqelik sifatida qabul qildi. Shu bilan birga, Yevropadagi «xohlovchilar koalitsiyasi» Ukrainada ehtimoliy o‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga rioya etilishini ta’minlash uchun «ko‘p millatli kuchlar»ni jo‘natishga tayyor ekanini ma’lum qildi.

Shu bilan birga, Ukraina murosa chegaralarini qat’iy belgilab qo‘ydi. Kiyev Qurolli kuchlarni Donbassdan olib chiqishga rozi bo‘lmadi, tashqi boshqaruv ostidagi demilitarizatsiya qilingan yoki «erkin iqtisodiy zona» g‘oyalarini qabul qilmadi va Slavyansk hamda Kramatorskni topshirishni muhokama qilishdan bosh tortdi. Ukraina hududiy yon berishlarni istisno qildi.

Parallel ravishda taqdim etilgan Yevropa kafolatlari rejasi ehtimoliy murosa doirasini kengaytiradi, lekin xavflarni ham keltirib chiqaradi. Kiyev havo va dengiz hududini himoya qilish uchun Yevropa davlatlarining ko‘p millatli ishtiroki g‘oyasini qo‘llab-quvvatladi, biroq bu band deyarli aniq Moskvaning keskin qarshiligiga uchrashini tushunadi.

Teglar

Mavzuga oid