Logo

Bank ilovalarida bekor qilinadigan yuz nazorati, quruvchisi ma’lum bo‘lgan Toshkent — Samarqand pulli yo‘li va daromadining yarmidan ko‘pini qarzga sarflayotgan o‘zbekistonliklar — 23-iyul dayjesti

Kecha 22:233 daqiqa

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Bank ilovalarida bekor qilinadigan yuz nazorati, quruvchisi ma’lum bo‘lgan Toshkent — Samarqand pulli yo‘li va daromadining yarmidan ko‘pini qarzga sarflayotgan o‘zbekistonliklar — 23-iyul dayjesti

O‘zbekistonda har ikki qarzdordan biri daromadining yarmidan ko‘pini qarzini uzishga sarflamoqda

Markaziy bankning 5,8 ming nafar fuqaro ishtirokida o‘tkazgan so‘roviga ko‘ra, qarzdorlarning 61 foizi kredit to‘lovlarini o‘z vaqtida amalga oshirishda qiynalayotganini bildirgan. Shuningdek, respondentlarning 77 foizida bank yoki boshqa moliyaviy qarz majburiyatlari mavjud bo‘lib, ularning 47 foizi daromadining yarmidan ko‘prog‘ini qarz to‘lovlariga sarflayotgani aniqlangan.

Tadqiqotga ko‘ra, bankdan qarz olganlarning o‘rtacha qarz yuki 51 foizni tashkil etgan. Eng ko‘p kreditlar uy-joy sotib olish yoki ta’mirlash hamda avtomobil xaridi uchun rasmiylashtirilgan. Shu bilan birga, qarz oluvchilarning 8 foizi avvalgi kreditlarini yopish uchun yangi qarz olganini bildirgan, 71 foizi esa keyingi olti oyda qo‘shimcha kredit olishni rejalashtirmayotganini aytgan.

Yarim yilda O‘zbekistonga 9,3 mlrd dollar pul o‘tkazildi — Markaziy bank

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yilning birinchi yarmida O‘zbekistonga xalqaro pul o‘tkazmalari orqali 9,3 mlrd dollar kelib tushgan. Shu davrda mamlakatdan 1,3 mlrd dollar chiqib ketgani natijasida pul o‘tkazmalari bo‘yicha 8 mlrd dollarlik ijobiy saldo shakllangan. Shuningdek, ichki valuta bozorida xorijiy valutaga bo‘lgan talab 32 mlrd dollarga, taklif esa 27,8 mlrd dollarga yetgan.

Hisobotda qayd etilishicha, aholi yanvar–iyun oylarida tijorat banklariga 12,3 mlrd dollar sotib, banklardan 6,8 mlrd dollar xarid qilgan. Natijada jismoniy shaxslar sotgan valuta hajmi xarid qilingan valutadan 5,5 mlrd dollarga ko‘p bo‘lgan. Markaziy bank bu ijobiy valuta saldosi ichki valuta bozorida xorijiy valuta taklifining asosiy manbalaridan biri bo‘lib qolayotganini ta’kidladi.

Toshkent — Samarqand pulli yo‘lini quradigan kompaniya nomi ma’lum qilindi

Toshkent — Samarqand o‘rtasidagi 2,2 mlrd dollarlik pulli avtomagistral qurilishi bo‘yicha xalqaro tenderda Xitoyning China Overseas Engineering Construction (COVEC) kompaniyasi g‘olib deb topildi. Uzunligi 282 kilometr bo‘lgan olti polosali yo‘l 2030 yilgacha bosqichma-bosqich foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

Loyiha doirasida 92 ta ko‘prik, 28 ta yo‘l o‘tkazgich va 60 ta tunnel turidagi o‘tish joyi quriladi. Yangi avtomagistral ishga tushgach, Toshkentdan Samarqandga safar vaqti 5 soatdan 2,5 soatgacha qisqaradi, yo‘lning o‘tkazuvchanlik quvvati esa kuniga 60–80 mingta avtomobilga yetadi. Loyihaning 85 foizi (1,857 mlrd dollar) Xitoy banklari tomonidan, qolgan qismi esa O‘zbekiston davlat budjeti hisobidan moliyalashtiriladi.

O‘zbekiston mintaqaviy xavfsizlik xavflari fonida tranzit savdosi uchun Xitoyga murojaat qilmoqda

Pakistan Today ma’lum qilishicha, O‘zbekiston va Pokiston ikki tomonlama tranzit yuklarining bir qismini Xitoy hududi orqali tashish bo‘yicha prinsipial kelishuvga erishgan. Yangi yo‘nalish Afg‘oniston va Eron orqali mavjud tranzit yo‘llaridagi xavfsizlik muammolari tufayli taklif etilgan bo‘lib, Pokistonning Sust quruq porti orqali Xitoy va Markaziy Osiyoni bog‘laydigan rasmiy tranzit yo‘lagi sifatida ishlashi kutilmoqda.

Nashrga ko‘ra, yangi yo‘lak O‘zbekistonga Pokiston dengiz portlariga chiqish imkoniyatini saqlab qolish, Pokistonga esa Markaziy Osiyo bozorlariga qo‘shimcha transport yo‘lini ochish imkonini beradi. Avval asosiy tranzit Afg‘oniston orqali amalga oshirilgan bo‘lsa, chegaralar yopilishi va xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat sabab savdoga jiddiy ta’sir ko‘rsatgan. Pokiston biznesi hisob-kitobicha, chegaralar yopilishi eksportchilarga har oy taxminan 177 mln dollar zarar yetkazmoqda.

Markaziy bank kartalarni ilovaga ulash va identifikatsiya bo‘yicha talablarni o‘zgartirishni taklif qildi

Markaziy bank bank ilovalarida foydalanuvchilarni identifikatsiya qilish va bank kartalarini ulash tartibini soddalashtiruvchi o‘zgarishlar loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi. Taklifga ko‘ra, ro‘yxatdan o‘tishda biometrik tekshiruv saqlanadi, ammo bank kartasini ilovaga ulashda yuzni skanerlash bekor qilinib, faqat OTP-kod orqali tasdiqlash yetarli bo‘ladi. Shuningdek, telefon raqami yaqin qarindosh nomida rasmiylashtirilgan bo‘lsa ham ro‘yxatdan o‘tishga ruxsat berilishi mumkin.

Loyihada yangi qurilmadan kirilganda bank kartalarini avtomatik uzib tashlash amaliyotidan voz kechish, P2P o‘tkazmalarda banklarga qo‘shimcha tasdiqlash talablarini mustaqil belgilash huquqini berish ham ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, firibgarlikka qarshi himoya mexanizmlari kuchaytirilib, shubhali operatsiyalar mezonlarini mustaqil belgilash va mablag‘ oluvchining ma’lumotlarini qisman yashirish taklif qilingan. Hujjat yuzasidan takliflar 1-avgustgacha qabul qilinadi.

Teglar

Mavzuga oid