Logo

Bank va to‘lov xizmatlari bo‘yicha fuqarolarga 69 mln so‘mdan ortiq pul qaytarildi

Bugun 16:102 daqiqa

«Cross Pay» orqali bank kartalaridan yechilgan jami 30 mln 820 ming so‘m qaytarib berildi. Qashqadaryoda «Universalbank»ning Qarshi filiali Rossiyadan yuborilgan pul o‘tkazmasini ikki oy davomida egasiga bermagan. «Agrobank»ning talabi esa bankka moliyaviy jarima qo‘llashga sabab bo‘ldi.

Bank va to‘lov xizmatlari bo‘yicha fuqarolarga 69 mln so‘mdan ortiq pul qaytarildi © vaqt.uz

Raqobat qo‘mitasi bank, to‘lov va sug‘urta xizmatlari bo‘yicha fuqarolar hamda tadbirkorlardan kelgan murojaatlarni o‘rgandi. Ayrim fuqarolarga kartasidan yechilgan yoki bankda ushlanib qolgan pullar qaytarildi. Sug‘urta bo‘yicha murojaatlardan birida to‘lov muddati tuzatildi, boshqasida esa sug‘urta tovoni to‘landi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.

«Cross Pay» AJ faoliyati yuzasidan qo‘mitaga ikki fuqaro murojaat qilgan. Ulardan biri kartasidan 25,2 mln so‘m noqonuniy yechilganini bildirib, pulni qaytarishda yordam so‘ragan. Murojaat ko‘rib chiqilgach, unga mablag‘ naqd shaklda berildi. Ikkinchi fuqaroning kartasidan yechilgan 5 mln 620 ming so‘m esa o‘sha kartaga qaytarildi.

Qashqadaryoda «Universalbank»ning Qarshi filiali Rossiyadan yuborilgan pul o‘tkazmasini ikki oy davomida egasiga bermagan. Qo‘mitaning hududiy boshqarmasi aralashganidan so‘ng fuqaro 37 mln so‘mdan ortiq mablag‘ini to‘liq qaytarib oldi.

Olmaliqda bir fuqaroning «TBC Bank» ilovasi orqali yuborgan 2 mln so‘mlik o‘tkazmasi texnik sababga ko‘ra bekor qilingan, ammo pul kartasiga qaytmagan. Murojaat o‘rganilgach, mablag‘ uning kartasiga qaytarildi.

Sug‘urta bo‘yicha murojaatlar

Qoraqalpog‘istonda «Agrobank»ning Beruniy filiali 2024–2025-yillarda beshta fermer xo‘jaligiga kredit ajratgan. Filial fermerlardan kreditni qaytara olmaslik xavfini faqat «My Insurance» kompaniyasida sug‘urtalashni talab qilgan. Maxsus komissiya buni «Raqobat to‘g‘risida»gi qonunning 19-moddasi buzilishi deb topgan. Nukus tumanlararo iqtisodiy sudi qonunning 42-moddasiga asosan bankka moliyaviy jarima qo‘llash bo‘yicha qo‘mita tomonidan kiritilgan da’vo arizasini qanoatlantirgan.

Jizzaxda bir fuqaro «Agrobank»ning «Open» ilovasi orqali mahsulotni muddatli to‘lovga olgan. U 12 oy davomida jami 6,5 mln so‘m to‘lashi kerak edi. Biroq fuqaroga xabar berilmasdan sug‘urta uch yilga rasmiylashtirilgan va qo‘shimcha to‘lovlar qo‘shilgan. Hududiy boshqarma aralashuvidan keyin sug‘urta to‘lovi muddati tuzatildi.

Navoiyda «Milliy bank»dan avtokredit olib mashina sotib olgan fuqaro yo‘l-transport hodisasidan keyin «Gross Sug‘urta Kompaniyasi»ga murojaat qilgan. Sug‘urta tovonini olish masalasi hal bo‘lmagach, u Raqobat qo‘mitasi bilan bog‘langan. Shundan so‘ng kompaniya qariyb 7,5 mln so‘mlik tovonni avtokredit qarzini qoplash uchun tegishli hisobvaraqqa o‘tkazdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qashqadaryoda bankomatdan pul yechishga yordam berish bahonasida fuqarolarning pullarini o‘g‘irlagan shaxslar qo‘lga olingandi.

Teglar

Mavzuga oid