Energetika vaziri ishdan olindi, Odilxon qori qamaldi, Prezident bank rahbarlari faoliyatini tanqid qildi, $20 minglik bekatlarga e’tiroz — hafta dayjesti
O‘tayotgan hafta ichida O‘zbekistonda sodir bo‘lgan eng ahamiyatli va muhokamalarni keltirib chiqargan voqea-hodisalarni Vaqt.uz’da yana bir bor esga olamiz.
Ko‘p pul kerak-mi?, Rossiyada ishlang
Lukashenkoning bayonoti Andijondan Belarusga borgan o‘zbekistonliklar maosh kamligidan norozilik bildirganidan so‘ng yangradi.
Belarus yetakchisi iyul oyi boshida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan Minskda uchrashgan edi. O‘shanda Lukashenko o‘zbeklarni Belarusda yashash va ishlashga taklif qilgan.
Shundan so‘ng, Andijondan Belarusga qishloq xo‘jaligida ishlash uchun borgan 250 dan ortiq fuqaro maosh kamligidan norozi bo‘ldi. Taklif qilingan 500 dollar maoshni ular O‘zbekistonda ham topa olishlarini bildirdi.
Lukashenkoning ta’kidlashicha, kelishuvdan asosiy maqsad - go‘sht va so‘t mahsulotlari yetishtirib, ularni O‘zbekiston bozoriga yetkazishdir. Maosh ham aynan shu mahsuldorlik va ishlab chiqarish hajmiga qarab shakllanadi.
Prezidentning qo‘shimcha qilishicha, ko‘proq daromad olmoqchi bo‘lganlar Rossiyaning neft konlarida ishlagani ma’qul. Belarus esa xorijiy ishchilarga tibbiyot va ta’lim sohasida mahalliy fuqarolar bilan teng ijtimoiy kafolatlar beradi.
Shu fonda Prezident Shavkat Mirziyoyev ham xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyatini tanqid qilib, Belarusdagi O‘zbekiston elchisini lavozimidan ozod etdi. Bu esa xorijdagi fuqarolar manfaatlarini himoya qilish masalasi davlat e’tiborida qolayotganini ko‘rsatmoqda.
Odilxon qori qamaldi
Ijtimoiy tarmoqlarda «Odilxon qori» nomi bilan tanilgan sobiq imom Odilxon Ismoilov haqida bilsangiz kerak. Bu hafta uning qamoqqa olingani haqidagi xabar bilan boshlandi.
Odilxon Ismoilov 8 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov ma’lum qildi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Pop tuman sudida o‘tgan majlisda «Rayhon oilaviy milliy taomlari» ta’sischisi bo‘lgan Odilxon Ismoilov va yana 6 nafar shaxs aybli deb topildi. Ular Jinoyat kodeksining o‘zlashtirish yoki rastrata, mansab soxtakorligi hamda hujjatlarni soxtalashtirish kabi bir qator moddalari bilan jazolandi. Qolgan 6 nafar sudlanuvchiga ham jinoiy qilmishlaridan kelib chiqib, turli muddatlarga ozodlikdan mahrum qilish jazolari tayinlandi.
Sud hukmiga ko‘ra, jinoyat ishi doirasida yetkazilgan barcha moddiy zarar sudlanuvchilardan solidar tartibda undiriladi. Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning yanvarida hibsga olingan Odilxon qori muqaddam Toshkent shahridagi «Ko‘kcha» masjidi imomi va Shayxontohur tumani bosh imom-xatibi bo‘lib ishlagan.
Toshkentdagi «soyasiz» zamonaviy bekatlar
Bu hafta Toshkentdagi avtobus bekatlari atrofidagi bahslar yangi bosqichga chiqdi. Ijtimoiy tarmoqlarda narxi qariyb 20 ming dollarga baholangan zamonaviy bekatlar keskin muhokama qilinmoqda. Odamlar yangi bekatlarning noqulayligi va iqlim sharoitiga moslashtirilmaganidan norozi.
Masala yuzasidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ham rasmiy tekshiruv boshladi. Jamoatchilikni nafaqat loyiha qiymati, balki bekatlarning sifati, foydalanishga topshirilish muddati va amaliy qulayligi ham qiziqtirmoqda.
Tekshiruv davomida aniqlanishicha, Toshkent shahridagi 1 ming 785 ta avtobus bekatini yangilash loyihasi doirasida 2026 yilning may–iyun oylarida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan 120 ta bekat belgilangan muddatda foydalanishga topshirilmagan. Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, ayrim obyektlarda qurilish ishlari yakunlanmagan, qabul dalolatnomalari esa hali rasmiylashtirilmagan.
Mazkur loyiha dastlab tadbirkorlarning savdo shoxobchalari ogohlantirishsiz buzilgani sabab tanqid ostida qolgan edi. Keyinchalik esa yozning jazirama kunlarida soyasiz va yetarlicha himoya bermaydigan bekatlar yo‘lovchilarning noroziligini yanada kuchaytirdi. Ijtimoiy tarmoqlarda bekatlar tashqi ko‘rinishidan ko‘ra ularning funksionalligi va qulayligi ko‘proq muhokama qilindi.
Bekatlar narxi yuzasidan e’tirozlar ortidan Yo‘l harakatini tashkil etish markazi rasmiy izoh berib, e’lon qilingan mablag‘ faqat bekat paviloni uchun emas, balki kutish maydonlari, platformalar, piyodalar yo‘laklari, kommunikatsiya tarmoqlari va raqamli xizmatlarni ham o‘z ichiga olishini ma’lum qildi.
Shuningdek, Toshkent shahar hokimligi matbuot kotibiga ko‘ra, zamonaviy bekatlar davlat budjeti emas, balki elektron auksionda g‘olib bo‘lgan tadbirkor mablag‘lari hisobidan qurilmoqda. Ayni paytda jamoatchilik Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tekshiruvi yakunlarini kutmoqda.
Toshtemirov haqidagi ma’lumotlar «Interpol»dan olib tashlandi
Behzod Musayevni marmar go‘sht yeb, $150 ming dollarlik mashinani o‘zlashtirishda ayblayotgan Migratsiya agentligining Janubiy Koreyadagi sobiq vakolatxonasi rahbari Azizbek Toshtemirovning ismi Interpolning ommaga ochiq qizil ro‘yxatida ko‘rinmay qoldi. Hozircha uning xalqaro qidiruvdan chiqarilgani haqida rasmiy ma’lumot berilmagan.
Mutaxassislarning fikricha, shaxs haqidagi ma’lumotlar ochiq ro‘yxatdan olib tashlangan bo‘lishi mumkin, biroq Interpolning ichki bazasidagi holati noma’lumligicha qolmoqda.
Vaqt.uz bu borada aniq ma’lumot olish maqsadida Ichki ishlar vazirining matbuot kotibi bilan bog‘lanishga urindi, ammo qo‘ng‘iroqlar javobsiz qoldi.
Migratsiya agentligining sobiq xodimi Toshtemirov 2025 yil may oyida firibgarlikda ayblanib, xalqaro qidiruvga berilgan edi. Bunga qadar Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Janubiy Koreyaga ishga yuborish bilan bog‘liq 90 million dollardan ortiq korrupsiya holatlari fosh etilganini ma’lum qilgan.
Qidiruvga berilganidan so‘ng Toshtemirov o‘zining «Koreya24 soat» kanali orqali bayonotlar e’lon qilib, o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni rad etib, Migratsiya agentligining amaldagi va sobiq rahbarlarini korrupsiya, tovlamachilik hamda tizimdagi qonunbuzarliklarda ayblagan edi. Shuningdek, u 90 million dollarlik korrupsiya sxemasi ham aynan Musayev bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini ta’kidlagan.
Uning bu iddaolari bo‘yicha Migratsiya agentligiga yuborilgan so‘rovlarga hozircha rasmiy javob berilmagan.
O‘zbekiston iqtisodiyoti yarim yilda 8,5 foizga o‘sdi
Yakunlanayotgan hafta O‘zbekiston iqtisodiyotidagi o‘sish sur’atlari bo‘yicha yangi ko‘rsatkichlar e’lon qilindi. Jahon bozorlarida noaniqliklar va global iqtisodiy bosimlar saqlanib qolayotgan bir paytda, mamlakat iqtisodiyotida yil boshidan buyon barqaror o‘sish qayd etilgani ma’lum qilindi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yilning dastlabki osti oyida O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti 8,5 foizga oshgan. Bu davrda sanoat ishlab chiqarishi 8 foizga, xizmatlar sohasi 16,9 foizga, qurilish 13,8 foizga, qishloq xo‘jaligi esa 4,7 foizga o‘sgan.
Shuningdek, iqtisodiyotga jalb qilingan investitsiyalar hajmi 28 milliard dollarni, eksport hajmi esa 14,4 milliard dollarni tashkil etgan. Xalqaro moliyaviy maydonda ham O‘zbekiston pozitsiyasi mustahkamlanib, Fitch Ratings va Moody’s agentliklari mamlakatning suveren kredit reytingini oshirdi.
Shu bilan birga, davlat rahbari mavjud natijalar bilan cheklanib qolmaslik kerakligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 40 million aholining farovonligini oshirish uchun iqtisodiyot yiliga kamida 9–10 foiz sur’atda o‘sishi zarur.
Iqtisodiy o‘sish bo‘yicha ijobiy ko‘rsatkichlar qayd etilayotgan bo‘lsa-da, global bozorlardagi beqarorlik va xalqaro savdodagi o‘zgarishlar kelgusidagi iqtisodiy siyosat uchun asosiy sinovlardan biri bo‘lib qolmoqda.
«Prava»ni imtihonsiz olib berishni va’da qilgan shaxs ushlandi
So‘nggi yillarda avtomaktab va imtihon tizimidagi islohotlarga qaramay, fuqarolarning ishonchidan foydalanib, «imtihonsiz prava» olib berishni va’da qilayotgan firibgarlar hanuz uchrab turibdi. Mutasaddilar esa bunday holatlarga ishonmaslik va barcha xizmatlardan faqat qonuniy tartibda foydalanishga chaqirmoqda.
Andijon viloyati Ichki ishlar boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, 1979 yilda tug‘ilgan fuqaro bir ayolning ishonchiga kirib, Asaka tumanidagi avtotest markazida ishlovchi tanishlari orqali uni nazariy va amaliy imtihonlardan o‘tkazib, haydovchilik guvohnomasini olib berishini va’da qilgan. Buning evaziga esa 800 AQSH dollari talab qilgan.
Tezkor tadbir davomida gumonlanuvchi so‘ralgan pulning 500 AQSH dollarini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.
Holat yuzasidan firibgarlik hamda pora berishga dalolat qilish moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar fuqarolarni haydovchilik guvohnomasini noqonuniy yo‘l bilan olib berishni va’da qilayotgan shaxslarga ishonmaslikka chaqirdi.
Samarqandda YPX xodimi urib yuborgan piyoda vafot etdi
Yo‘l patrul xizmati xodimi boshqaruvidagi xizmat avtotransporti piyodani urib yuborgani oqibatida bir kishi halok bo‘ldi. Kuzatuv kameralarida aks etgan hodisa ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinib, xizmat transporti ishtirokidagi avariyalar va yo‘l harakati xavfsizligi masalalarini yana kun tartibiga olib chiqdi.
Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, hodisa 21-iyul kuni soat taxminan 18:15 larda Samarqand shahri Shabbod ko‘chasida sodir bo‘lgan. Xizmat vazifasini bajarayotgan YPX xodimi o‘ziga biriktirilgan Tracker rusmli patrul avtotransportini boshqarib ketayotgan vaqtda yo‘lni kesib o‘tayotgan 1951 yilda tug‘ilgan ayolni urib yuborgan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, piyoda yo‘lning belgilanmagan qismidan harakatlanayotgan bo‘lgan. Biroq zarba oqibatida u olgan og‘ir tan jarohatlari sabab voqea joyining o‘zida vafot etgan.
Hodisa yuzasidan Samarqand shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari boshlangan. Hozirda voqeaning barcha tafsilotlari, jumladan, haydovchining harakatlari, xizmat avtotransportining harakat tezligi hamda yo‘l-transport hodisasiga sabab bo‘lgan omillar o‘rganilmoqda.
Prezident banklar rahbarlari faoliyatiga qat’iy e’tiroz
O‘tayotgan hafta iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlash masalasi muhokama qilindi. 21-iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida yilning birinchi yarmi yakunlari va yil oxirigacha amalga oshiriladigan ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev hududlar, bank tizimi va tadbirkorlik muhitidagi mavjud muammolarni tanqidiy tahlil qilib, ayrim rahbarlar faoliyatiga nisbatan keskin choralar ko‘rilishini ma’lum qildi.
Xususan, ortiqcha olti oy yakunlari bo‘yicha ayrim tuman va shaharlarda sanoat hamda eksport ko‘rsatkichlari pasaygani qayd etildi. Shu sababli 17 nafar tuman va shahar hokimining lavozimga loyiqligi qayta ko‘rib chiqilishi topshirildi. Yig‘ilishda ayrim hududlarda ishlab chiqarish va eksport bo‘yicha belgilangan rejalar bajarilmagani tanqid qilindi. Agar yilning to‘qqiz oyi yakuniga qadar ijobiy natijalar bo‘lmasa, viloyat hokimlarining mas’ul o‘rinbosarlariga nisbatan ham choralar ko‘rilishi belgilandi.
Shuningdek, davlat rahbari bank tizimi faoliyatiga ham baho berdi. Markaziy bank hududiy rahbarlari va davlat banklari filiallari ishida mahallalardagi amaliy natijalar yetarli emasligi ta’kidlandi. Kelgusi үch oy davomida aniq natija ko‘rsatgan rahbarlar o‘z lavozimida qolishi, samaradorligi past bo‘lganlar esa ishdan olinishi mumkin.
Teglar






