add

Erondagi noroziliklar: siyosat emas, kasodga uchragan iqtisodiyot omili

Kecha 16:325 daqiqa

Milliy valyutaning qadrsizlanishi va inflyatsiyaning jilovlab bo‘lmas darajada o‘sishi fonida, iqtisodiy inqiroz norozilik chiqishlarini mafkuraviy chegaralardan olib chiqib, tirikchilik uchun kurashga aylantirmoqda.

Erondagi noroziliklar: siyosat emas, kasodga uchragan iqtisodiyot omili

Shu hafta Tehron markazida o‘z do‘konlarini yopgan savdogarlar siyosiy bayonot berish maqsadini ko‘zlashmagan edi. Ular shunchaki achchiq haqiqatga — iqtisodiyotning to‘xtab qolganiga munosabat bildirishdi.

Rialning qadrsizlanishi va tinimsiz inflatsiya kundalik tijoratni deyarli imkonsiz qilib qo‘ydi. Narx belgilashning iloji yo‘q, mahsulot zaxirasini to‘ldirish qiyin, har qanday oddiy oldi-sotdi esa zarar keltirish xavfini tug‘dirmoqda. Bunday sharoitda norozilik mafkuraviy mazmunini yo‘qotib, yashab qolish masalasiga aylanadi. Ushbu holat 28-dekabr kuni yaqqol namoyon bo‘ldi.

valuta kursi pasayib, turg‘unlik chuqurlashgani sari, Jomhuri va Hofiz ko‘chalaridagi savdo rastalari, shuningdek, «Charsu» va «Alayeddin» kabi yirik savdo markazlari faoliyatini to‘xtatdi. Shush hududida ham shunday holat kuzatildi: mobil aloqa vositalari va metall bozorlaridagi tadbirkorlar iqtisodiy beqarorlik tufayli ishni davom ettirish mantiqsiz bo‘lib qolganini aytib, do‘konlarini butunlay yopib qo‘yishdi.

Dushanba kuniga kelib, noroziliklar ko‘lami kengayib, Istanbul maydonigacha yetib bordi. Bu shunchaki mahalliy tartibsizlik emas, balki iqtisodiy to‘yganlik darajasining keng qamrovli ifodasidir.

Buning sababi kundek ravshan: Eron valyutasi tarixiy past darajaga tushdi. Bir dollar qariyb 1 445 000 rialga chiqdi — holbuki bir kun avval u 1 370 000, bir oy oldin esa 1 140 000 atrofida edi. Tadbirkorlar uchun bunday o‘zgaruvchanlik nafaqat daromadning kamayishi, balki bozordagi barcha hisob-kitob va rejalarning barbod bo‘lishini anglatadi.

Namoyishlar davomida «Qo‘rqmang, biz birgamiz!» kabi tanish shiorlar yangradi. Bu shiorlar namoyishlarni siyosiy harakatga aylantirib yubormasa-da, odamlardagi ichki g‘azabning do‘konlardan ko‘chalarga toshib chiqqanini va yakka tartibdagi norozilik jamoaviy harakatga aylanganini ko‘rsatdi.

Muhtojlikdan tizimli inqirozgacha

Bu namoyishlar, eng avvalo, ishtirokchilar tarkibi bilan ahamiyatlidir. Bozor va kichik biznes vakillari hukumatga muxolif bo‘lgan chekka guruhlar emas, balki Eron ijtimoiy-iqtisodiy hayotining asosiy ustunlaridir. Tarixan ularning kayfiyati davlatdagi tizimli inqirozning asosiy ko‘rsatkichi bo‘lib kelgan.

Agar bu qatlam iqtisodiy faoliyatni to‘xtatsa, demak, muammo shunchaki qiyinchilik bosqichidan o‘tib, tizimning mutlaq ishdan chiqish bosqichiga yetgan. Eronning iqtisodiy dardi eski va surunkali: ko‘p yillik yuqori inflatsiya, aholi xarid qobiliyatining keskin pasayishi va sanksiyalar tufayli cheklangan o‘sish.

Shu bilan birga, rasmiylar budjet tanqisligi sababli ish haqini narxlar o‘sishiga mos ravishda oshira olmasliklarini tan olishmoqda. Oqibatda aholining turmush darajasi muntazam ravishda pasayib bormoqda. Iqtisodiy bosim endi faqat ma’lum guruhlarga ta’sir qilmaydi. Xodimlar, savdogarlar, nafaqaxo‘rlar va norasmiy sektorda band bo‘lganlar barchasi bir xil muammolarga duch kelmoqdalar: valuta beqarorligi, xarid qobiliyatining pasayishi va noaniq kelajak. Bu iqtisodiy bosim so‘nggi yillardagi avvalgi milliy tartibsizliklar bilan ham bog‘liq. Garchi bu norozilik namoyishlari bostirilgan bo‘lsa-da, asosiy muammolar hech qachon hal qilinmagan.

Noroziliklarni jilovlash — muammoning asl yechimi degani emas. Ochiq noroziliklarni bostirishga qaratilgan choralar milliy valyutani barqarorlashtirishga, aholining xarid qobiliyatini tiklashga yoki kundalik iqtisodiy hayotga bo‘lgan ishonchni qaytarishga qodir emas.

Bunday tor doiradagi imkoniyatlar hukumat uchun variantlarni kamaytirib yubormoqda. Agar iqtisodiy beqarorlik davom etsa, namoyishlar katta ehtimol bilan yana qaytalanadi — ammo endi ular yagona umumilliy harakat emas, balki alohida tarmoqlardagi ketma-ket portlashlar ko‘rinishida bo‘ladi. Har bir namoyishni alohida nazorat qilish mumkindir, lekin ularning umumiy miqdori davlat boshqaruvi uchun xarajat va bosimni keskin oshirib yuboradi.

Tashqi omillar

Ichki bosim kuchayganda, davlatlar ko‘pincha xalq noroziligini tashqi kuchlarga yo‘naltirishga urinadilar — diqqatni tashqi tahdidlarga qaratib, sodir bo‘layotgan voqealarda chet el agentlarini ayblaydilar. Eron holatida bu mantiq juda muhim, chunki mamlakat iqtisodiyotining oyoqqa turishi bevosita tashqi sharoitlarga bog‘liq.

Tashqi bosim Eronning iqtisodiy imkoniyatlarini sezilarli darajada cheklab qo‘ydi. Sentyabr oyi oxirida Yevropa Ittifoqi BMT Xavfsizlik Kengashining Eron yadro dasturi bo‘yicha cheklovlari qayta tiklangani sababli keng ko‘lamli iqtisodiy va moliyaviy sanksiyalarni yana joriy qildi.

Bu qadamlar neft eksportiga cheklovlarni qaytardi, Eron Markaziy banki va yirik tijorat banklari aktivlarini muzlatib qo‘ydi, shuningdek, mamlakatning Yevropa moliyaviy va savdo tarmoqlariga chiqishini yanada chekladi. Shu bilan birga, AQSH Eronning energetika, moliya, kemasozlik va sanoat tarmoqlariga qarshi keng qamrovli sanksiyalarni qo‘llashda davom etmoqda.

Bu cheklovlarning barchasi xorijiy valuta oqimini kamaytirdi, savdo va investitsiyalarni chekladi va Eronning xalqaro bank tizimlaridan uzilishiga olib keldi. Uzoq yillik inflatsiya va turg‘unlikdan zaiflashgan iqtisodiyot uchun bunday bosim kichik biznes va uy xo‘jaliklari uchun og‘ir yuk bo‘lib tushdi.

Rasmiy Tehronning nutqida bu holat allaqachon sezilmoqda. Eron rahbariyati iqtisodiy qiyinchiliklarni ichki boshqaruvdagi xatolar emas, balki tashqi to‘qnashuvlarning natijasi sifatida taqdim etmoqda. Sanksiyalar va turmush darajasining pasayishi «iqtisodiy urush» elementlari sifatida ta’riflanmoqda.

Strategik tanlov qarshisida

Bunday sharoitda rahbariyat strategik tanlov oldida turibdi:

— Tashqi muloqot: Birinchi navbatda AQSH bilan sanksiyalarni yumshatish va iqtisodiy kanallarni tiklash bo‘yicha kelishuvga erishish. Neft daromadlari va xalqaro moliya tizimiga yo‘l ochilmasdan turib, iqtisodiyotni barqarorlashtirishning imkoni yo‘q.

— Ichki jilovlash: Prezident Mas’ud Pezeshkian namoyishchilarning «qonuniy talablarini» tan olib, aholining xarid qobiliyatini himoya qilishga va’da berdi.

Biroq, boshqa davlat institutlari qattiqroq pozitsiyada. Eron Inqilobiy Gvardiyasi (SEPAH) namoyishlarning ikkinchi kunidayoq «fitna» va «tartibsizliklar»ga qarshi keskin chora ko‘rilishidan ogohlantirdi. Sud tizimi ham iqtisodiyotga putur yetkazuvchilarga nisbatan huquqiy choralar ko‘rishini bildirdi.

Bugun Eron ko‘chalariga chiqayotgan odamlar tizimning eng zaif nuqtasi — iqtisodiyotni kun tartibiga qo‘ymoqdalar. Agar vaziyat yaxshilanmasa, iqtisodiy zaminda boshlangan namoyishlar vaqt o‘tishi bilan o‘z ohangini o‘zgartirib, davlat boshqaruvi va siyosiy tizimga oid kengroq talablarga aylanib ketishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid