add

Jizzaxda 10-Xalqaro Talabalar simpoziumi boshlandi

Bugun 20:052062

Jizzax davlat pedagogika universitetida 15-noyabr kuni «Tadqiqotchilik va kreativ sa’y-harakatlarni qo‘llaymiz» mavzusidagi talabalar simpoziumi ish boshladi.

Jizzaxda 10-Xalqaro Talabalar simpoziumi boshlandi

10-Xalqaro Talabalar simpoziumi 17-noyabr — Xalqaro talabalar kuniga bag‘ishlanib, yoshlarning ilmiy izlanishlari, ijodiy ishlari va global hamkorlikdagi ishtirokini rag‘batlantiradi. Simpozium Jizzax davlat pedagogika universiteti, Ipak yo‘li tadqiqot akademiyasi hamda qator mahalliy va xalqaro ta’lim muassasalari hamkorligida tashkil etilmoqda.

JDPU rektori Maqsudjon Yuldashev tadbirni ochar ekan, uni talabalar va oliy ta’lim kelajagi uchun muhim platforma sifatida ta’rifladi.

Jizzax 02

«Bu tadbir bilim, ijodkorlik va izlanish ruhini nishonlaydigan, talabalarimiz va O‘zbekistonning oliy ta’limi kelajagini belgilaydigan muhim voqeadir” – deb ta’kidladi Maqsudjon Yuldashev.

Ipak yo‘li tadqiqot akademiyasi ijrochi direktori Azamat Akbarov esa yoshlarning bugungi tadqiqotlari kelajakda jamiyatga foyda keltirishini ta’kidladi.

Jizzax 04

«bugungi izlanishlaringiz ertangi kunda jamiyat ravnaqiga, insonlar hayotini yaxshilashga va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi», — dedi u.

Simpoziumning o‘tgan yillar tarixiga nazar solsak, u 2013–2016 yillarda Yevropada, 2018 yilda Qozog‘istonda, 2021–2023 yillarda esa Samarqandda o‘tkazilgan. 2024–2025 yillarda Jizzax simpoziumga mezbonlik qilmoqda. U doimiy ravishda onlayn va oflayn formatlarda tashkil etiladi.

Jizzax 03

Bu yilgi tadbirda Bangladesh, BAA, Eron, Hindiston, Italiya, Jazoir, Ozarboyjon, Qozog‘iston, Serbiya, Turkiya, Ukraina, Xitoy va O‘zbekistondan 250 nafarga yaqin talabalar qatnashmoqda. Forumning o‘ziga xos tomonlaridan biri — to‘liq ingliz tilida o‘tkaziladigan Markaziy Osiyodagi kam sonli talabalar simpoziumlaridan biri ekani.

Jizzax 05

Tadbirda turli mamlakatlarning universitet rahbarlari, vazirliklar va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi. Simpoziumning asosiy maqsadlari — talabalar tadqiqotlarini qo‘llab-quvvatlash, xalqaro akademik hamkorlikni kuchaytirish, va yoshlarning tanqidiy fikrlash hamda ijodiy ko‘nikmalarini rivojlantirishdan iborat.

Mavzuga oid

Jizzaxda 10-Xalqaro Talabalar simpoziumi boshlandi | Vaqt.uz