Logo

Moliya markazlari kredit olishni arzonlashtiradi — Mark Beer

Bugun 19:043 daqiqa

Metis instituti hammuassisi Mark Beyerning aytishicha, moliya markazlari qarz olish xarajatlarini o‘rtacha 2 foizga kamaytiradi. Bu esa O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun qo‘shimcha 1 milliard dollarlik moliyaviy turtki berishi mumkin. Soha yuqori maoshli ish o‘rinlari bilan kelajak avlod uchun ham foydali bo‘lishi aytilmoqda.

Moliya markazlari kredit olishni arzonlashtiradi — Mark Beer

Toshkent xalqaro investitsiya forumida Toshkentda yaratilishi reja qilinayotgan xalqaro moliya markazining O‘zbekiston iqtisodiyotiga ta’siri haqida so‘z bordi.

Unda OBE (Britancha unvon), Metis instituti hammuassisi va raisi Mark Beyer hamda “Frankfurt Main Finance” boshqaruvchi direktori va katta maslahatchisi Xubertus Vet O‘zbekiston uchun, uning kelajagi uchun Toshkent xalqaro moliya markazi muhim ekanini ta’kidladi.

«Moliya markazida yaratilgan har bir ish o‘rni kelajakda 5,5 ta qo‘shimcha ish o‘rnini yaratadi. Bu iqtisodiy tizimdagi eng yaxshi ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi. Shu sababli moliya markazlari iqtisodiy rivojlanishda kuchli vositalardan biriga aylana oladi», — deydi Xubertus Vet.

Mark Beyer family office’lar boshqaruvidagi boyliklar va texnologiyaga asoslangan raqamli aktivlarni ko‘chib yuruvchi qushlarga qiyoslab, geosiyosiy vaziyat ta’sirida ular qo‘ngan «daraxt»ning qimirlay boshlaganini, shu sabab kapital yangi va xavfsizroq «uy» izlayotganini aytdi. Uning fikricha, aynan shunday sharoitda moliyaviy markazlar investorlar uchun eng jozibador manzilga aylanish uchun raqobat olib bormoqda.

«Hukumat ularning bir qismini Toshkentga qo‘ndirishi kerak. Family office’lar tomonidan boshqariladigan boylik hajmi taxminan 3 trillion dollardan oshadi. Raqamli aktivlar esa taxminan 60 trillion dollarni tashkil qiladi. Umumiy 63 trillion dollarlik kapitalning hammasi emas, ayrimlari o‘ziga yangi «uy» qidirmoqda. Agar Toshkent bu mablag‘ning 1 foizini jalb qiladigan bo‘lsa, bu mamlakat hozirgi iqtisodiyotining 3,5 barobari degani», — deya tushuntirdi ekspert.

Mutaxassis 1 foiz reallikdan uzoq raqam emasligini, Dubay xalqaro moliya markazi taxminan 10 yildan biroz ko‘proq vaqt ichida 700 mlrd dollarlik kapitalni jalb qilganini qayd etdi. U Toshkent uchun hatto 1 foizning 1 foizi ham katta natija bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.

Mark Beyerning fikriga ko‘ra, moliya markazlari bozordagi qarz olish va pulning narxini taxminan 2 foizga arzonlashtiradi. Bu esa iqtisodiyot uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri katta yordam bo‘lib xizmat qiladi.

«Banklar 53 mlrd dollar atrofida qarz bermoqda. Foiz stavkalari ancha baland. 2 foizni olib tashlasak, bu iqtisodiyot uchun qo‘shimcha 1 mlrd dollarlik moliyaviy turtki bo‘lib xizmat qiladi. Moliya markazlari iqtisodiy o‘sishni taxminan 0,5 foizga o‘sishiga yordam beradi», — deydi u.

Ekspert moliya markazini yaratishga ketadigan sarmoya o‘zini bir necha yuz barobarga qaytarishini, uning foydasi kelajak avlod uchun yaratiladigan imkoniyatlarda ham ko‘rinishini aytdi.

«O‘g‘lim ham shu zalda o‘tiribdi. Hozir u universitetda tahsil oladi. O‘zbekistonda yuz berayotgan o‘zgarishlar haqida eshitgach, men bilan birga kelib, bularni o‘z ko‘zi bilan ko‘rishni istadi. Moliya markazlari faqat bugungi iqtisodiy natijalar haqida emas, balki yoshlarimiz va farzandlarimizning kelajagi haqida hamdir. Bu yerda ular uchun yuqori malaka talab qiladigan, yaxshi maoshli ish o‘rinlari yaratiladi», — dedi Beyer.

Ma’lumot uchun, Toshkent xalqaro moliya markazida moliya kompaniyalari uchun alohida soliq va huquqiy rejim joriy etilmoqda. Ishtirokchilar 2076-yilgacha ayrim soliqlardan ozod qilinadi, tijorat munosabatlari esa Angliya va Uels umumiy huquqi asosida tartibga solinadi.

Moliya markazi qanday tartibda ishlashi, nimalar reja qilinayotgani haqida Vaqt.uz tahlilida o‘qish mumkin.

Teglar

Mavzuga oid