Logo

«Noldan» quriladigan energetika tizimi, «Tashabbusli budjet» bo‘yicha ogohlantirilgan blogerlar va eskrou tizimi sabab oshishi mumkin bo‘lgan uylar — 28-iyul dayjesti

Bugun 22:203 daqiqa

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

«Noldan» quriladigan energetika tizimi, «Tashabbusli budjet» bo‘yicha ogohlantirilgan blogerlar va eskrou tizimi sabab oshishi mumkin bo‘lgan uylar — 28-iyul dayjesti

Raqobat qo‘mitasi «Tashabbusli budjet» bo‘yicha blogerlarni ogohlantirdi

Raqobat qo‘mitasi fuqarolarni «Tashabbusli budjet» loyihasida ovoz berish evaziga pul va’da qilayotgan norasmiy Telegram-botlar va reklamalarga ishonmaslikka chaqirdi. Qo‘mitaga ko‘ra, loyihada ovoz berish mutlaqo ixtiyoriy bo‘lib, buning uchun hech qanday to‘lov undirilmaydi va moddiy rag‘batlantirish berilmaydi.

O‘rganishlar davomida ayrim blogerlar norasmiy botlarni targ‘ib qilgani aniqlangan. Ularga ogohlantirish berilgan va qonunchilikka zid reklamalar olib tashlangan. Qo‘mita ovoz berish faqat «Ochiq budjet» portali, uning mobil ilovalari va rasmiy Telegram-boti orqali amalga oshirilishini eslatib, fuqarolarni faqat rasmiy manbalardan foydalanishga chaqirdi.

O‘zbekistonda Saudiya Arabistoni ishtirokida ko‘p tarmoqli shifoxona quriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni sog‘liqni saqlash vaziri Fahad bin Abdulrahmon al-Jalajil boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasida sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, jumladan, O‘zbekistonda Saudiya ishtirokida ko‘p tarmoqli shifoxona qurish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Tomonlar tibbiyotni raqamlashtirish, farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish, kadrlar tayyorlash va soha infratuzilmasini modernizatsiya qilish masalalarini ham muhokama qildi. Uchrashuv yakunida ushbu loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma «yo‘l xaritasi» ishlab chiqishga kelishildi.

O‘zbekiston energetika tizimini «noldan qurish» rejalashtirilmoqda

Prezident rahbarligidagi yig‘ilishda energetika sohasini tubdan isloh qilish bo‘yicha yangi vazifalar belgilandi. Yangi energetika vaziri Sherzod Xodjayev uch oy ichida elektr va gaz infratuzilmasini to‘liq tahlil qilib, tarmoqlarni modernizatsiya qilish, texnik yo‘qotishlarni kamaytirish, raqamlashtirish va bozor mexanizmlarini keng joriy etish bo‘yicha yangi dastur tayyorlanishini ma’lum qildi.

«Hududiy elektr tarmoqlari»ning yangi rahbari Sardor Isaqulov esa mamlakat energetika tizimini amalda «noldan qurish» vazifasi qo‘yilganini aytdi. Shuningdek, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlikni sentabrgacha yakunlash, elektr uzilishlarini kamaytirish, boshqaruvni to‘liq raqamlashtirish va kadrlar tayyorlash tizimini yangilash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Eskrou tizimi uy-joy narxini oshirishi mumkin — Adliya vazirligi

Oliy Majlisda muhokama qilinayotgan qonun loyihasiga ko‘ra, ko‘p kvartirali uylar qurilishida eskrou hisobvaraqlari joriy etiladi. Yangi tizimda xaridorlarning mablag‘i qurilish yakunlanmaguncha bankda saqlanadi. Adliya vazirligiga ko‘ra, bu fuqarolar mablag‘ini himoya qiladi, ammo developerlar aylanma mablag‘ uchun bank kreditlarini jalb qilishiga to‘g‘ri kelishi sabab uy-joy narxi oshishi ehtimoli mavjud.

Qonun loyihasini tayyorlash jarayonida tahlil qilingan 129 ta shartnomaning 84 foizida kafolat muddati, 51 foizida esa obyekt o‘z vaqtida topshirilmasa, quruvchining javobgarligi belgilanmagani aniqlangan. Mualliflar fikricha, eskrou tizimi aynan shunday huquqiy xavflarni kamaytirish va ulushdorlar mablag‘ini himoya qilishga xizmat qiladi.

Shveysariya sudi «Lombard Odier» bankini O‘zbekistonga oid ish bo‘yicha jarimaga tortdi

Shveysariya sudi «Lombard Odier» xususiy bankini pul yuvishning oldini olish bo‘yicha yetarli chora ko‘rmagani uchun 3 million Shveysariya franki jarimaga tortdi hamda 400 million frankdan ortiq mablag‘ va aktivlarni musodara qilishga qaror qildi. Bankning sobiq hisob menejeriga esa 24 oylik shartli qamoq jazosi tayinlandi. Ish Gulnora Karimova bilan bog‘liq mablag‘larni yuvish sxemasi yuzasidan olib borilgan.

Shu bilan birga, Shveysariya sudi Gulnora Karimovaga nisbatan ishni to‘xtatdi. Sud bu qarorni uni Shveysariyaga olib kelish imkoni yo‘qligi va da’vo muddati tugashi bilan izohladi. Karimova O‘zbekistonda korrupsiya va boshqa jinoyatlar bo‘yicha bir nechta hukmlar asosida jazo o‘tamoqda.

Teglar

Mavzuga oid