Logo

Oktyabr oyida banklarda depozitlar miqdori qarib 13 trln so‘mga oshdi

Bugun 13:242 daqiqa

O‘sishning asosiy qismi yuridik shaxslar hisobiga to‘g‘ri keldi. Depozitlar o‘sishi bo‘yicha «O‘zsanoatqurilishbank» va «Kapitalbank» yetakchilik qildi. Shuningdek, «Asakabank», «Anorbank» va «Biznesni rivojlantirish banki»da esa depozitlar kamaydi.

Oktyabr oyida banklarda depozitlar miqdori qarib 13 trln so‘mga oshdi © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

Oktyabr oyida tijorat banklarining depozit bazasi 12,8 trln so‘mga (2,5 foiz) oshib, 513,8 trln so‘mga yetgan. Bu haqda Markaziy bank ma’lumotlarida ma’lum qilindi.

O‘sishning asosiy qismi yuridik shaxslar hisobiga bo‘lgan. Ularning depozitlari 309,4 trln so‘mdan 318,9 trln so‘mga (3,1 foiz) oshgan va bu umumiy o‘sishning qariyb to‘rtdan uch qismini tashkil etgan. Jismoniy shaxslar omonatlari esa 191,6 trln so‘mdan 194,9 trln so‘mga (1,7 foiz) oshgan, ularning umumiy depozitlardagi ulushi 38,2 foizdan 37,9 foizga tushgan.

Davlat ulushi bor banklar bilan nodavlat banklar o‘rtasidagi farq ham ko‘zga tashlanadi. Davlat ulushi bor to‘qqizta bankda depozitlar 1,5 foizga o‘sib, 255,2 trln so‘mga yetgan. Qolgan banklarda esa bu ko‘rsatkich 3,6 foizga oshib, 258,6 trln so‘mni tashkil etgan. Natijada davlat ulushli banklarning tizimdagi hissasi 50,2 foizdan 49,7 foizga tushgan.

35 ta bankdan 24 tasida depozitlar oshgan. Mutlaq o‘sish bo‘yicha «O‘zsanoatqurilishbank» birinchi o‘rinda: unda depozitlar 2,85 trln so‘mga (7,6 foiz) ko‘paygan, shundan 2,729 trln so‘mi yuridik shaxslarga to‘g‘ri keladi. Ikkinchi o‘rinda 1,818 trln so‘mlik o‘sish bilan «Kapitalbank» turibdi. Foiz hisobida esa «Asia Alliance Bank» 18,6 foiz bilan yetakchi bo‘lgan.

Ayrim banklarda esa omonatlar kamaygan. «Asakabank»da depozitlar 594 mlrd so‘mga (2,7 foiz), «Anorbank»da 523 mlrd so‘mga (3,4 foiz), «Biznesni rivojlantirish banki»da 404 mlrd so‘mga (2,4 foiz) qisqargan. «Anorbank»da jismoniy shaxslar omonatlari 119 mlrd so‘mga oshgan, yuridik shaxslar depozitlari esa 642 mlrd so‘mga kamaygan.

Depozitlar hajmi bo‘yicha «O‘zmilliybank» 59,3 trln so‘m bilan yetakchilikni saqlab qolgan, bu tizimdagi depozitlarning taxminan 11,5 foizini tashkil etadi. Keyingi o‘rinlarda «Kapitalbank» (53,3 trln so‘m) va «Agrobank» (45,2 trln so‘m) joylashgan. Eng yirik o‘nta bank orasida «Asakabank» va «Aloqabank»da depozitlar kamaygan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq oktabr oyida qaysi banklarda muammoli kreditlar ko‘paygani haqida xabar berilgandi.

Teglar

Mavzuga oid