Logo

Omonatlarga soliqdan keshbekni bekor qilishgacha: Fiskal muloqotda nimalar taklif qilindi?

Bugun 21:056 daqiqa

Bank omonatlariga 5 foizlik soliq joriy etish, 1 foizlik keshbekni bekor qilish, uglerod solig‘i, palma yog‘iga aksiz va minimal ish haqini oshirish: Fiskal tahlillar instituti 2027 yil uchun ilgari surgan eng muhim takliflarni Vaqt.uz bir maqolaga jamladi.

Omonatlarga soliqdan keshbekni bekor qilishgacha: Fiskal muloqotda nimalar taklif qilindi?

30-iyul kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Fiskal tahlillar instituti o‘tkazgan Fiskal muloqotda 2027 yil uchun soliq va budjet siyosatiga oid qator takliflar taqdim etildi.

Ular orasida soliq tizimi, subsidiyalar, ijtimoiy to‘lovlar va mehnat bozoriga taalluqli takliflar ham bor. Vaqt.uz muhokama qilingan asosiy takliflarni bir joyga jamladi.

Omonatlarga 5 foizlik soliq taklif qilindi

Fiskal tahlillar institutining eng ko‘p muhokama qilingan takliflaridan biri bank omonatlaridan olinadigan foiz daromadlarini soliqqa tortish bo‘ldi. Institutga ko‘ra, hozirgi kunda O‘zbekistonda passiv daromadlar ichida faqat bank omonatlaridan olinadigan foizlar soliqdan ozod qilingan.

Shu munosabat bilan institut bank depozitlaridan olinadigan daromadlarga dividendlar kabi 5 foizlik soliq joriy etishni taklif qildi. Taqdimotda keltirilgan hisob-kitoblarga ko‘ra, 2026 yil 1-may holatida jismoniy shaxslarning banklardagi omonatlari hajmi 170 trillion so‘mni tashkil etadi.

Markaziy bank ma’lumotlariga asosan, omonatlar bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi 16 foizni tashkil qilgan. Agar ushbu foiz daromadlari 5 foiz stavkada soliqqa tortilsa, davlat budjetiga qo‘shimcha 1,4 trillion so‘m tushum kelishi mumkin. Shuningdek, institut bu kabi amaliyot ko‘plab davlatlarda mavjudligini ta’kidladi.

Avvalroq, Vaqt.uz iqtisodchilarning xavotirlari, Markaziy bank munosabati va xalqaro tajribani tahlil qilgan edi.

1 foizlik keshbek bekor qilinishi mumkin

Taqdimotda eng bahsli masalalardan yana biri barcha uchun amal qilayotgan 1 foizlik keshbek tizimi bo‘ldi. Institut tahlillariga ko‘ra, mazkur mexanizm chek talab qilish madaniyatini shakllantirish vazifasini bajarib bo‘lgan, biroq davlat budjeti uchun xarajatlar yildan yilga oshib bormoqda.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, agar amaldagi tartib saqlansa, 2027 yilda 1 foizlik keshbek uchun 2,1 trillion so‘m ajratilishi kutilmoqda. Shu bois institut barcha uchun to‘lanadigan keshbekni bekor qilishni, Ijtimoiy reyestrga kiritilgan aholi uchun ayrim tovarlar bo‘yicha 12 foizlik keshbekni saqlab qolishni hamda uning o‘rniga qimmatbaho sovg‘alar o‘ynaladigan maqsadli lotereya tizimini joriy etishni taklif qildi.

Institutga ko‘ra, bu budjet xarajatlarini qariyb 20 barobar qisqartirish imkonini beradi.

Daromadga qarab soliq to‘lash tizimini joriy etish taklif qilindi

Institutning yana bir muhim taklifi jismoniy shaxslar daromad solig‘ini kelajakda progressiv tizim asosida hisoblashga o‘tish bilan bog‘liq bo‘ldi.

Taqdimotda ta’kidlanishicha, 2019 yildan buyon amal qilayotgan yagona 12 foizlik stavka o‘rta va uzoq muddatli istiqbolda qayta ko‘rib chiqilishi mumkin. Institut fikricha, yuqori daromadli fuqarolar ko‘proq, past daromadlilar esa kamroq soliq to‘laydigan tizim soliq adolatini kuchaytirishga xizmat qiladi.

Biroq muhokama davomida institut vakillari bu hozircha faqat konseptual taklif ekanini ta’kidladi. Progressiv soliq bo‘yicha aniq stavkalar va uni joriy etish muddati hali belgilanmagan.

Uglerod solig‘i joriy etilishi mumkin

Fiskal tahlillar instituti O‘zbekistonda yirik sanoat korxonalari uchun uglerod solig‘ini bosqichma-bosqich joriy etishni taklif qildi. Institut bunga tayyorgarlik 2027 yilda boshlanishi, 2028 yildan esa issiqxona gazlarini ko‘p chiqaradigan korxonalar ushbu soliqni to‘lashni boshlashi mumkinligini bildirdi.

Taklifga ko‘ra, dastlab korxonalarning issiqxona gazlari chiqindilari hisobga olinadi, soliq bazasi va stavkalari ishlab chiqiladi. Keyinchalik esa ushbu soliq bosqichma-bosqich kengaytirib boriladi. Institut vakillarining ta’kidlashicha, asosiy maqsad budjetga ko‘proq mablag‘ yig‘ish emas, balki korxonalarni atmosferaga chiqarilayotgan zararli gazlarni kamaytirishga rag‘batlantirishdan iborat.

Palma yog‘iga aksiz solig‘i taklif qilindi

Institut yana bir bahsli taklif sifatida palma yog‘iga 10 foizlik aksiz solig‘i joriy etishni ilgari surdi. Taqdimotda aytilishicha, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti palma yog‘ini to‘yingan yog‘lar miqdori yuqori bo‘lgan mahsulot sifatida baholaydi.

Institut hisob-kitoblariga ko‘ra, 2025 yilda O‘zbekiston qariyb 12,8 ming tonna palma yog‘i import qilgan. Agar unga 10 foizlik aksiz solig‘i joriy etilsa, davlat budjetiga qo‘shimcha 22 milliard so‘m tushishi mumkin. Shu bilan birga, institut bu taklifning asosiy maqsadi budjet daromadini oshirish emas, balki palma yog‘i iste’molini kamaytirish va aholi salomatligini himoya qilish ekanini ta’kidladi.

Alkogol mahsulotlari uchun aksizni oshirish taklif etildi

Institut alkogol mahsulotlari uchun aksiz solig‘i stavkasini ham oshirishni taklif qildi. Unga ko‘ra, amaldagi 48 ming so‘mlik stavkani 70 ming so‘mga yetkazish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, etil spirti uchun aksiz stavkasini ham oshirish va mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun QQSdagi kabi hisobga olish mexanizmini joriy etish taklif qilindi. Institutning fikricha, bu bir tomondan Jahon savdo tashkiloti talablari bilan uyg‘unlashsa, ikkinchi tomondan mahalliy ishlab chiqaruvchilarning soliq yukini kamaytirib, import mahsulotlari bilan raqobatini kuchaytirishga xizmat qiladi.

Issiqlik va transport subsidiyalarini qayta ko‘rib chiqish taklif etildi

Institut davlat budjetidan ajratilayotgan issiqlik va jamoat transporti subsidiyalarini ham qayta ko‘rib chiqishni taklif qildi.

Taklifga ko‘ra, issiqlik ta’minotida subsidiya barcha iste’molchilarga bir xil berilishi o‘rniga, ehtiyojmand oilalarga manzilli yordam shakliga o‘tkazilishi kerak. Shuningdek, 60 kvadrat metrgacha bo‘lgan uylar uchun amaldagi imtiyozlarni saqlab qolish, undan katta maydonga ega uy-joylar uchun esa bosqichma-bosqich to‘liq tarifni joriy etish tavsiya etildi.

Jamoat transportida esa subsidiyalarni yo‘lovchilar oqimi va xizmat sifati bilan bog‘lash, past yo‘lovchili yo‘nalishlarni optimallashtirish hamda bo‘shaydigan mablag‘larni hududlarda transport tizimini rivojlantirishga yo‘naltirish taklif qilindi.

Banklar uchun foyda solig‘ini kamaytirib, ayrim xizmatlarga QQS joriy etish taklif qilindi

Fiskal tahlillar instituti banklar, mobil aloqa operatorlari, polietilen granulalari ishlab chiqaruvchilari hamda bozor va savdo majmualari uchun amaldagi 20 foizlik foyda solig‘i stavkasini 15 foizga tushirishni taklif qildi.

Institut vakillarining ta’kidlashicha, aksariyat davlatlarda foyda solig‘i barcha korxonalar uchun yagona stavkada qo‘llaniladi. Shu sababli ayrim tarmoqlar uchun oshirilgan stavkani saqlab qolish soliq tizimidagi adolat va raqobat tamoyillariga to‘liq mos kelmaydi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu taklif amalga oshirilsa, davlat budjeti foyda solig‘i hisobidan 859 milliard so‘m daromaddan mahrum bo‘ladi. Institut bu yo‘qotishni banklarning ayrim komissiya xizmatlarini qo‘shilgan qiymat solig‘iga (QQS) tortish orqali qoplashni taklif qildi.

Xususan, bank kartalarini yuritish, hisobvaraqlarni yuritish, kassa xizmatlari, valuta ayirboshlash bo‘yicha komissiyalar hamda bank kartalari operatsiyalarini protsessing qilish xizmatlarini QQSga tortish taklif etildi. Institut fikricha, bunday amaliyot ko‘plab davlatlarda allaqachon qo‘llaniladi.

O‘zini o‘zi band qilganlar uchun ijtimoiy badalni 4,5 barobarga oshirish taklif qilindi

Fiskal tahlillar instituti o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar va yakka tartibdagi tadbirkorlar (YTT) uchun ijtimoiy to‘lovlar tizimini o‘zgartirishni taklif qildi.

Institut ma’lumotiga ko‘ra, hozirda YTTlar har oy 1 BHM miqdorida ijtimoiy soliq to‘laydi. Sentyabrdan boshlab bu oyiga 440 ming so‘mni, yiliga esa 5,28 mln so‘mni tashkil etadi.

O‘zini o‘zi band qilganlar esa mehnat staji hisoblanishi uchun yiliga bir marta 1 BHM, ya’ni 440 ming so‘m to‘laydi. Natijada ikki toifa to‘laydigan badallar o‘rtasida 12 barobar farq yuzaga kelgan.

Shu sababli institut ijtimoiy badallarni hisoblash tartibini o‘zgartirishni taklif qildi. Unga ko‘ra, badallar bazaviy hisoblash miqdori (BHM) emas, mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori (MHTEK) asosida hisoblanadi. Bu holda oylik badal 163,2 ming so‘mni tashkil etadi.

Institut vakillarining aytishicha, yangi tizim birdaniga emas, bosqichma-bosqich joriy etilishi rejalashtirilgan. Dastlab oylik to‘lov 50 ming so‘m atrofida belgilanib, keyinchalik bosqichma-bosqich 163,2 ming so‘mgacha oshirilishi mumkin. Hozircha bu faqat taklif bo‘lib, yakuniy qaror qabul qilinmagan.

Minimal ish haqini bosqichma-bosqich oshirish taklif qilindi

Fiskal tahlillar instituti 2030 yilgacha mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorini (MHTEK) mamlakatdagi median ish haqining 40 foizigacha yetkazishni taklif qildi.

Institut vakillarining aytishicha, bu o‘zgarish bir yo‘la emas, balki bosqichma-bosqich amalga oshirilishi kerak. Dastlab tizim qurilish, savdo va umumiy ovqatlanish kabi ayrim sohalarda sinov tariqasida joriy etilishi, keyinchalik esa boshqa tarmoqlarga ham kengaytirilishi mumkin.

Taklif mualliflari bu yondashuv eng kam ish haqi miqdorini iqtisodiyotdagi haqiqiy ish haqlari darajasiga yaqinlashtirish va xodimlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur takliflarning barchasi hozircha Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Fiskal tahlillar instituti tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar hisoblanadi. Ular hukumatning qabul qilingan qarori emas.

Takliflar davlat organlari, ekspertlar hamjamiyati va jamoatchilik ishtirokida muhokama qilinishi kutilmoqda. Ularning qaysi biri amalga oshirilishi, qaysi biri esa qayta ishlanishi yoki rad etilishi bo‘yicha yakuniy qarorlar keyingi bosqichlarda qabul qilinadi.

Teglar

Mahliyo Hamidova

Mahliyo HamidovaMaqolalar soni: 177

Barchasi

Mavzuga oid