O‘zbekiston shaxsiy ma’lumotlarni himoya qiluvchi davlatlar ro‘yxatini tasdiqladi
Ro‘yxatga 49 ta davlat kiritilgan bo‘lib, endi ushbu davlatlarga shaxsga doir va egasizlantirilgan ma’lumotlarni xalqaro axborot tizimlari orqali qo‘shimcha ruxsatsiz hamda vakolatli organ — Migratsiya va personallashtirish departamentini xabardor qilmasdan uzatish mumkin bo‘ladi.
© Ijtimoiy tarmoqlarO‘zbekistonda shaxsga doir ma’lumotlarni transchegaraviy uzatish bo‘yicha yangi tartib joriy etildi. Vazirlar Mahkamasi shaxsga doir ma’lumotlar bir xil darajada himoya qilinishini ta’minlovchi 49 ta davlat ro‘yxatini тасдиқлади. Hujjat «Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida»gi qonun asosida qabul qilingan bo‘lib, xalqaro ma’lumot almashinuvida yagona yondashuvni belgilaydi.
Yangi tartibga ko‘ra, mazkur ro‘yxatga kiritilgan davlatlarga xalqaro shartnomalar asosida ishlovchi axborot tizimlari orqali shaxsga doir va egasizlantirilgan ma’lumotlarni vakolatli davlat organidan qo‘shimcha ruxsat olmasdan hamda uni oldindan xabardor qilmasdan uzatish mumkin. Shu bilan birga, operatorlar ma’lumotlar tarqalib ketishining oldini olish uchun zarur huquqiy, tashkiliy va texnik choralarni ko‘rishi shart.
Ro‘yxatga quyidagi davlatlar kiritilgan:
Avstriya
Andorra
Argentina
Belgiya
Bolgariya
Braziliya
Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi
Vengriya
Germaniya
Gernsi (Britaniya toji yurisdiksiyasi ostidagi hudud)
Gonkong (Xitoy Xalq Respublikasining maxsus ma’muriy hududi)
Gretsiya
Daniya
Jersi (Britaniya toji yurisdiksiyasi ostidagi hudud)
Irlandiya
Ispaniya
Islandiya
Isroil
Italiya
Kanada
Kipr
Koreya Respublikasi
Latviya
Litva
Lixtenshteyn
Luksemburg
Malta
Men oroli (Britaniya toji yurisdiksiyasi ostidagi hudud)
Niderlandiya
Norvegiya
Polsha
Portugaliya
Rossiya
Ruminiya
Singapur
Slovakiya
Sloveniya
AQSH
Urugvay
Farer orollari (Daniya Qirolligi tarkibidagi avtonom hudud)
Finlyandiya
Fransiya
Xorvatiya
Chex Respublikasi
Shveysariya
Shvetsiya
Estoniya
Yangi Zelandiya
Yaponiya
Qo‘shimcha talablar joriy etildi
Ro‘yxatga kiritilmagan davlatlarga shaxsga doir ma’lumotlarni uzatish esa faqat operator yoki ma’lumotlar bazasi mulkdori Migratsiya va personallashtirish departamenti belgilaydigan huquqiy, tashkiliy hamda texnik talablarni bajargan taqdirdagina amalga oshiriladi.
Qarorga muvofiq, agar transchegaraviy uzatish jarayonida shaxsga doir ma’lumotlar tarqalib ketgani aniqlansa, operator bu haqda 24 soat ichida Migratsiya va personallashtirish departamentini xabardor qilishi shart. Shuningdek, 72 soat ichida hodisaning sabablari va uning oqibatlarini bartaraf etish uchun ko‘rilgan choralar haqida batafsil ma’lumot taqdim etishi lozim.
Shu bilan birga, ro‘yxatga davlatlarni kiritish yoki undan chiqarish bo‘yicha takliflarni tayyorlash vazifasi ham mazkur departamentga yuklatildi. Idora bir hafta ichida tasdiqlangan ro‘yxatni rasmiy saytida e’lon qilishi kerak.
Xalqaro integratsiya rejasi
Qarorga muvofiq, Tashqi ishlar vazirligi uch oy ichida O‘zbekistonning 1981 yilda Strasburgda qabul qilingan shaxsga doir ma’lumotlarni avtomatlashtirilgan tarzda qayta ishlashda jismoniy shaxslarni himoya qilish to‘g‘risidagi konvensiyaga qo‘shilishi yuzasidan takliflar ishlab chiqadi. Shuningdek, mamlakatni boshqa davlatlarning ma’lumotlar himoyasi ta’minlangan davlatlar ro‘yxatlariga kiritish masalasi ham ko‘rib chiqiladi.
Bundan tashqari, IIV Raqamli texnologiyalar vazirligi, DXX va Istiqbolli loyihalar milliy agentligi bilan hamkorlikda uch oy ichida ro‘yxatga kirmagan davlatlarga ma’lumot uzatishda qo‘llaniladigan standart shartnomaviy shartlar hamda majburiy korporativ qoidalarga qo‘yiladigan talablarni tasdiqlaydi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil mart oyida Prezident tomonidan «Shaxsiy ma’lumotlar to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartishlar imzolangan edi. Unga ko‘ra, xavfsizlik talablariga rioya qilingan holda shaxsiy ma’lumotlarga O‘zbekistondan tashqarida ham ishlov berishga ruxsat berildi.
Biroq biometrik va genetik ma’lumotlar, shuningdek O‘zbekistondagi telekommunikatsiya operatorlari abonentlariga oid ma’lumotlar mamlakat hududida majburiy saqlanishi shart. Qolgan turdagi shaxsiy ma’lumotlarni esa belgilangan talablarga rioya qilingan va tegishli davlat yetarli himoya darajasiga ega deb e’tirof etilgan taqdirda, xorijda saqlash hamda qayta ishlash mumkin.





