Logo

O‘zbekistonda kapital bozori uchun yangi qonun loyihasi ishlab chiqildi

Bugun 17:004 daqiqa

Loyiha 16 bob va 123 moddadan iborat bo‘lib, unda opsion, svop, fyuchers, forvard va sukuk kabi yangi moliyaviy vositalarni joriy etish, 2030 yilgacha fond bozoriga 10 trln so‘m investitsiya jalb qilish va investorlarga ayrim soliq imtiyozlarini berish ko‘zda tutilmoqda.

O‘zbekistonda kapital bozori uchun yangi qonun loyihasi ishlab chiqildi

O‘zbekistonda kapital bozorini zamonaviy moliyaviy vositalar va xalqaro standartlar asosida rivojlantirishga qaratilgan «Kapital bozori to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Bu haqda 12-avgust kuni Istiqbolli loyihalar milliy agentligida loyihaga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ma’lum qilindi, deb xabar bermoqda Vaqt.uz muxbiri.

Qonun loyihasi 16 bob va 123 moddadan iborat. U 2015 yildagi «Qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risida»gi qonun normalarini zamonaviy bozor talablari asosida qayta tayyorlangan.

Loyiha Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki, BMT Taraqqiyot dasturi, Qimmatli qog‘ozlar komissiyalari bo‘yicha xalqaro tashkilot (IOSCO), AQSH Savdo vazirligi hamda AQSH Qimmatli qog‘ozlar va birjalar komissiyasi (SEC) bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan.

Kapital bozoriga yangi moliyaviy vositalar kiritiladi

Qonun loyihasida kapital bozorida foydalanish mumkin bo‘lgan moliyaviy vositalar doirasini kengaytirish taklif etilmoqda.

Jumladan, opsion, svop, fyuchers, forvard va narxlar farqi shartnomalari, shuningdek, qoplangan obligatsiyalar, sekyuritizatsiyalangan obligatsiyalar, barqaror rivojlanish obligatsiyalari va islom moliyasi tamoyillariga muvofiq sukuk qimmatli qog‘ozlarini chiqarish va muomalaga kiritishning huquqiy mexanizmlari belgilanmoqda.

Kapital bozorini tartibga solish boshqarmasi boshlig‘i Saulat Toreshovning ta’kidlashicha, yangi vositalar investorlarga risklarni boshqarish va investitsiya portfelini diversifikatsiya qilish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar beradi.

Zamonaviy moliyaviy vositalarni joriy etish orqali 2030 yilga qadar fond bozoriga 10 trln so‘m miqdorida investitsiya jalb qilish rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, uzoq muddatli institutsional va xususiy investorlarni jalb qilish uchun ayrim soliq imtiyozlari ham taklif etilmoqda. Xususan, ayrim investitsiya fondlari daromadlari, qoplangan va sekyuritizatsiyalangan obligatsiyalar bo‘yicha ayrim operatsiyalarni soliqqa tortishdan ozod qilish, shuningdek, 2038 yilgacha xo‘jalik jamiyatlari obligatsiyalari va sukuk qimmatli qog‘ozlari bo‘yicha ayrim daromadlarga soliq imtiyozlari berish ko‘zda tutilgan.

ILMA

Sukuk uchun alohida huquqiy mexanizm yaratiladi

Qonun loyihasida islom moliyasi tamoyillariga muvofiq sukuk qimmatli qog‘ozlarini joriy etilib, unda sukukning huquqiy xususiyatlari, ularni chiqarish va muomalaga kiritish mexanizmlari belgilab beriladi. Shuningdek, sukukning asosiy turlari — sherikchilik, ijara, savdo va agentlik sukuklari huquqiy jihatdan tartibga solinadi.

Investorlar huquqini himoya qilish uchun sukuk egalari vakili instituti hamda sukuk operatsiyalarining islom moliyasi standartlariga muvofiqligini tasdiqlash mexanizmini joriy etish taklif etilmoqda.

Kapital bozori infratuzilmasi o‘zgaradi

Loyihada bozorning professional infratuzilmasini xalqaro standartlarga moslashtirishga ham katta e’tibor berilgan.

Jumladan:

●     kastodian faoliyatini litsenziyalash;

●     reyting agentliklari, boshqaruv kompaniyalari va investitsiya faoliyatini amalga oshiruvchi fondlar faoliyatini ruxsatnoma asosida tartibga solish;

●     markaziy kontragent institutini joriy etish;

●     o‘zini o‘zi tartibga soluvchi tashkilotlar institutini tashkil etish;

●     obligatsiya egalari vakili institutini joriy qilish;

●     investorlarni, jumladan, «malakali investorlar»ni toifalash;

●     Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysining vakolatlarini kengaytirish nazarda tutilmoqda.

Agentlik vakillarining ta’kidlashicha, bu o‘zgarishlar kapital bozori infratuzilmasini xalqaro standartlarga moslashtirish, xorijiy investorlar uchun bozorning shaffofligi va ishonchliligini oshirishga xizmat qilishi kerak.

Regulyatorning vakolatlari kengaytiriladi

Qonun loyihasida kapital bozorini davlat tomonidan tartibga solish va nazorat qilish tizimini IOSCO standartlariga muvofiqlashtirish ham nazarda tutilgan.

Vakolatli organning nazorat vakolatlarini kengaytirish, qonunbuzarliklar aniqlangan hollarda moliyaviy sanksiyalarni mustaqil qo‘llash, shuningdek qonunda belgilangan hollarda bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarni olish imkoniyatini yaratish taklif etilmoqda.

Bu choralar kapital bozoridagi qoidabuzarliklarning oldini olish va ularga o‘z vaqtida chora ko‘rish samaradorligini oshirishga qaratilgan.

Xalqaro kapital bozorlariga chiqishga yo‘l ochiladi

Yangi qonun loyihasida O‘zbekiston hududida xalqaro moliya institutlarining obligatsiyalarini chiqarish imkoniyatini qonunchilik darajasida mustahkamlash taklif etilmoqda.

Shuningdek, mahalliy kompaniyalarning xorijiy kapital bozorlariga chiqishi uchun huquqiy shart-sharoitlar yaratiladi.

Agentlik hisob-kitoblariga ko‘ra, kapital bozoridagi o‘sish yangi qonunchilik bazasiga bo‘lgan ehtiyojni kuchaytirgan. Aksiyalar emissiyasi hajmi 2023 yildagi 189,7 trln so‘mdan 2025 yilda 265,1 trln so‘mga, 2026 yil 1-iyul holatiga esa 269,4 trln so‘mga yetgan.

Korporativ obligatsiyalar emissiyasi ham 2023 yildagi 1,06 trln so‘mdan 2025 yilda 3,93 trln so‘mga oshgan. 2026 yil 1-iyul holatiga bu ko‘rsatkich 7 trln so‘mdan oshgan.

Fond birjasidagi umumiy savdolar hajmi esa 2023 yildagi 2,9 trln so‘mdan 2025 yil yakunida 17,6 trln so‘mga yetgan. Ya’ni qariyb olti barobar o‘sish qayd etilgan.

Teglar

Mavzuga oid

O‘zbekistonda kapital bozori uchun yangi qonun loyihasi ishlab chiqildi | Vaqt.uz