O‘zbekistonda «muhim to‘lov tashkiloti» tushunchasi joriy etilmoqda

Bugun 12:252 daqiqa

Senat ma’qullagan qonunga ko‘ra, bozordagi yirik o‘yinchilar alohida toifaga ajratilib, ularga nisbatan kuchaytirilgan nazorat joriy etiladi.

O‘zbekistonda «muhim to‘lov tashkiloti» tushunchasi joriy etilmoqda © senat.uz

O‘zbekiston qonunchiligiga muhim to‘lov tashkiloti tushunchasi kiritilyapti va qo‘shimcha talablar belgilanmoqda. Bu bugun, 8-aprel kuni Senatning yalpi majlisida muhokama qilingan va senatorlar tomonidan ma’qullangan «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlari faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonunda belgilanmoqda.

«To‘lov tizimlarimizda bozor oxirgi paytlarda rivojlandi. Asosan mana shu startaplar, fintex kompaniyalar orqali rivojlanyapti. Kichik-kichik startaplardan keyinchalik yirik-yirik to‘lov tashkilotlariga aylanyapti ko‘p tashkilotlarimiz. Umumiy bozorni tahlil qiladigan bo‘lsak, uchtadan beshtagacha eng yirik to‘lov tashkilotlarimiz bozorda 80 foiz atrofidagi xizmatlarni qamrab olyapti. Shu nuqtai nazardan, biz to‘lov tashkilotlarini ikki xil kategoriyaga bo‘lyapmiz. Buni riskka asoslangan nazoratni joriy qilish maqsadida mutanosib nazorat deymiz, ya’ni yiriklariga nisbatan talablar qattiqroq bo‘ladi, kichiklariga nisbatan talablar yumshoqroq», – deya qonunchilikka kiritilayotgan o‘zgarishlarni tushuntirdi Markaziy bank raisi o‘rinbosari Sanjar Nosirov.

Muhim to‘lov tashkilotlariga alohida talablar bo‘ladi

Uning aytishicha, to‘lov bozorida risklarni kamaytirish uchun teng talablar qo‘yilsa, kichikroq tashkilotlar, ya’ni startaplar talablarni bajarishga qiynalib qoladi. Shu nuqtai nazardan muhim to‘lov tashkilotlariga alohida talablar bo‘lishi belgilanmoqda.

To‘lov xizmatini ko‘rsatadigan tashkilot mijozlar bazasi hisobga olinadi, qayta ishlanadigan tranzaksiyalar hajmi, summasi hisobga olinadi, uning bozordagi ulushi hamda moliyaviy ko‘rsatkichlarini hisobga olib, Markaziy bank muhim to‘lov tashkilotiga ajratib oladi va buni mutanosib nazorat qiladi.

«Bu barqaror rivojlanishga olib keladi. Birinchidan, kichik to‘lov tashkilotlariga nisbatan shu bozorga kirish uchun shartlar sal yengilroq. Bozorda faoliyat yuritish yengilroq bo‘lganligi uchun kichik tashkilotlarda ham yirikroqqa aylanishga imkoniyat bo‘ladi. Yirik tashkilotlarni qat’iyroq nazorat qilganimiz orqali esa nafaqat rivojlanish, balki barqaror rivojlanish bo‘ladi degan fikrdamiz», – dedi Sanjar Nosirov.

Ma’lumot uchun, bugungi kunda to‘lov xizmatlari bozorida 44 ta to‘lov tashkilotlari faoliyat ko‘rsatyapti va ular tomonidan 333 trillion so‘mlik to‘lovlar o‘tkazilganligi qayd qilingan. Amaldagi tartibga ko‘ra, barcha to‘lov tashkilotlari teng shartlar asosida faoliyat ko‘rsatadi va Markaziy bank buni muvofiqlashtiradi va teng talablar bilan ularga talablarni belgilaydi. Yangi qonun 7¹-moddasi bilan to‘ldirilmoqda va 10-, 11-moddalar orqali muhim to‘lov tashkiloti tushunchasi kiritilyapti.

Teglar

Mavzuga oid