add

O‘zbekistonning tashqi qarzi qanday o‘zgarmoqda

So‘nggi besh yilda mamlakatning tashqi qarzi 2,5 barobarga o‘sdi. Davlat qarzi ulushi kamaygan bo‘lsa-da, bank sektorining majburiyatlari rekord darajada ko‘paydi.

O‘zbekistonning tashqi qarzi qanday o‘zgarmoqda

Joriy yilning birinchi yarim yilligi yakuniga ko‘ra, O‘zbekistonning yalpi tashqi qarzi 72 milliard dollardan oshib ketdi. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich so‘nggi besh yil ichida 2,5 barobarga, pandemiyadan oldingi davrga nisbatan esa 3,4 barobarga oshgan.

qarz 2

2019 yil bilan taqqoslaganda, tashqi qarz tarkibida davlat qarzi yetakchilikni saqlab qolgan bo‘lsa-da, uning ulushi biroz kamaygan. Agar 2019 yilning birinchi yarmida davlat qarzi yalpi tashqi qarzning 46,7 foizini tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich 45,6 foizga tushgan. Moliyaviy sektorda qarz jalb qilish hajmining o‘sishi bu o‘zgarishning asosiy sababi sifatida qayd etilmoqda.

Bank sektorining norezidentlar oldidagi majburiyatlari 2019 yilga nisbatan 10 barobarga oshgan. Natijada bank sektorining yalpi tashqi qarzdagi ulushi 7,2 foizdan 21,5 foizga yetgan. Bu o‘sishda qisqa muddatli majburiyatlar katta ahamiyat kasb etgan — ular 38,7 barobarga ko‘payib, 3,3 milliard dollarga yetgan. Majburiyatlarning yarmi naqd pul va depozitlarga, qolgan qismi esa kreditlarga to‘g‘ri keladi.

Shu bilan birga, nomoliyaviy korxonalarning tashqi qarzi ancha past sur’atda o‘sgan. Bu sektordagi tashqi majburiyatlar 2,4 barobarga ortib, 23,8 milliard dollarni tashkil etdi. Ularning tarkibida qisqa muddatli majburiyatlar — asosan savdo krediti va avanslar — ulushi 2019 yildagi 4 foizdan 9,5 foizgacha ko‘tarilgan.

Mutaxassislar fikricha, tashqi qarzda bank sektori ulushining keskin ortishi moliya bozori faolligi o‘sganidan dalolat bersa-da, qisqa muddatli qarzlar ulushining ko‘payishi tashqi risklar xavfini ham oshirishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid

O‘zbekistonning tashqi qarzi qanday o‘zgarmoqda | Vaqt.uz