add

«Qashshoqlar janggi: Rossiya Ukraina urushida kimlarni qurbon qilmoqda?

29.11.2025 | 16:4210222 daqiqa

BBC hisobotida Rossiyaning Ukrainadagi tasdiqlangan yo‘qotishlari 152 mingdan oshgani, eng ko‘p halok bo‘lganlar kambag‘al va chekka hududlar aholisi ekani ma’lum bo‘ldi.

«Qashshoqlar janggi: Rossiya Ukraina urushida kimlarni qurbon qilmoqda?

Ukrainaga qarshi urush boshlanganidan beri Rossiya armiyasining tasdiqlangan yo‘qotishlari 152 142 nafarga yetdi. Bu haqda BBC ochiq manbalar asosida tayyorlagan tahliliy hisobotida ma’lum qilindi. Hisobot faqat Rossiya fuqarolarini qamrab oldi, ayirmachi «DXR» va «LXR» tarkibidagi yo‘qotishlar statistikaga kiritilmagan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, eng ko‘p qurbonlar Boshqirdistonda qayd etilgan — 7643 kishi. Ikkinchi o‘rinda Tatariston (6599), uchinchi o‘rinda esa Sverdlovsk oblasti (5386) turibdi. Solishtirish uchun, aholisi 13 milliondan ortiq bo‘lgan Moskvada 4520 nafar, Chechenistonda esa 372 harbiy halok bo‘lgan.

Tahlilchilar ta’kidlashicha, halok bo‘lganlarning 67 foizi aholisi 100 ming kishidan kam bo‘lgan qishloq va kichik shaharlar aholisidir. Demograf Aleksey Raksha buni iqtisodiy sharoit bilan bog‘laydi: qoloq hududlarda harbiy xizmat barqaror daromadga ega bo‘lishning sanoqli usullaridan biriga aylangan. Shu sababli frontdagi asosiy yo‘qotishlar aynan kam daromadli hududlar zimmasiga tushmoqda.

Britaniya razvedkasi iyun oyida Rossiyaning umumiy yo‘qotishlarini — halok bo‘lganlar va yaralanganlar bilan birga — taxminan bir million kishi deb baholagan. Ulardan 250 mingga yaqini halok bo‘lgan bo‘lishi mumkinligi aytilgan. London manbalari qaytmas yo‘qotishlarni (o‘lganlar, bedarak yo‘qolganlar, og‘ir yaralanganlar) 400–500 ming kishi atrofida baholagan.

2025 yilda yo‘qotishlar keskin oshgani qayd etilgan. AQSH davlat kotibi Marko Rubio ma’lumotiga ko‘ra, yilning dastlabki yarmida Rossiya 100 mingga yaqin harbiydan ayrilgan. Prezident Donald Tramp esa avgust oyidagi bayonotida 2025 yil boshidan beri Rossiya 112 mingdan ortiq harbiyni, Ukraina esa taxminan 8 ming nafar qurbon berganini ma’lum qilgan.

Teglar

Mavzuga oid