Qirg‘iziston kalyanxonalarni litsenziyalash orqali budjet daromadlarini oshirishni rejalashtirmoqda

Jamoat joylarida kalyan chekish taqiqlangan bo‘lsa-da, sohadagi biznes amalda faol ishlamoqda. Shu bois Qirg‘iziston rasmiylari uni litsenziyalash va davlat nazoratiga olish masalasini ko‘rib chiqmoqda.

Qirg‘iziston kalyanxonalarni litsenziyalash orqali budjet daromadlarini oshirishni rejalashtirmoqda © stroistyle

Qirg‘izistonda kalyan biznesini legallashtirish rejalashtirilmoqda. Tegishli qonun loyihasi qabul qilinsa, kalyan muassasalari uchun yillik litsenziya qiymati taxminan 150 ming somni (taxminan 1715 dollar) tashkil etishi mumkin. Bu haqda Jogorku Keneshning mehnat, ijtimoiy ta’minot, migratsiya, ayollar va oila masalalari bo‘yicha qo‘mitasi yig‘ilishida ma’lum qilindi
Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgi vaqtda muassasalarda bir dona kalyanning o‘rtacha narxi 1,4–1,8 ming somni tashkil etadi. Bu mablag‘ning taxminan 40 foizi xarajatlarga sarflanadi. Bunda ijara haqi hisobga olinmagan.

Ayni paytda jamoat joylarida kalyan chekish rasman taqiqlangan. Biroq ushbu biznes amalda keng ko‘lamda noqonuniy faoliyat yuritmoqda. Birgina Bishkek shahrining o‘zida internet qidiruv tizimlari orqali kamida 33 ta ixtisoslashtirilgan kalyan muassasasini topish mumkin. Bunga oddiy barlar, tungi klublar va qahvaxonalar kirmaydi.

Tashabbuskorlarning ta’kidlashicha, amaldagi taqiqlar va jarimalar kutilgan samarani bermayapti.
2024-yilning to‘qqiz oyi davomida ushbu qonunbuzarliklar uchun jami 5,8 million som atrofida jarima solingan. 2024-yil noyabridan 2025-yil noyabrigacha esa 55 ta ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan bo‘lib, ularning 48 tasi yuridik shaxslarga nisbatan tuzilgan. Bu holatlarda 2,4 million somlik jarimalar belgilangan.

Qirg‘iziston Iqtisodiyot va tijorat vazirligi ma’lum qilishicha, tadbirkorlar jarimalarning 96 foizdan ortig‘ini sudsiz va ixtiyoriy ravishda to‘lab kelmoqda hamda bu xarajatlarni oddiy biznes xarajatlari qatoriga qo‘shib yubormoqda.

«Bu jazo choralari tiyib turish vazifasini bajarmayotganini ko‘rsatadi. Natijada budjet daromadlardan mahrum bo‘lmoqda, halol biznes yashirin sektorga o‘tmoqda va nazorat organlarida korrupsiya xavfi ortib bormoqda», – deyiladi vazirlik izohida.

Yangi qonun loyihasi bilan, BAA va Germaniya tajribasiga o‘xshash tarzda, to‘liq taqiqlardan voz kechish taklif qilinmoqda. Hujjat ma’qullansa, kalyan chekishga faqat maxsus litsenziya olgan muassasalarda ruxsat beriladi. Bunday muassasalar kuchli ventilyatsiya tizimlarini o‘rnatishi, qat’iy sanitariya va yong‘in xavfsizligi talablarini bajarishi hamda yagona ochiq davlat reyestriga kiritilishi shart bo‘ladi.

Qirg‘izistonda kalyan muassasalarini yashirin iqtisodiyotdan chiqarish rejalashtirilmoqda

Iqtisodiyot va tijorat vaziri o‘rinbosari Benazir Nurlanovaning so‘zlariga ko‘ra, qonun loyihasining asosiy maqsadi kalyan muassasalari faoliyatini huquqiy jihatdan tartibga solish, ularni yashirin sektordan chiqarish, davlat nazoratini kuchaytirish, korrupsiya xavflarini kamaytirish va respublika budjetiga qo‘shimcha daromad manbalarini yaratish bilan birga fuqarolar salomatligini himoya qilishdan iborat.

Nurlanovaning ta’kidlashicha, amaldagi qonunchilikka ko‘ra, jamoat joylarida tamaki mahsulotlari, jumladan kalyan chekish taqiqlangan. Biroq ma’muriy javobgarlik choralari qo‘llanilishiga qaramasdan, kalyan muassasalari faoliyati amalda keng tarqalgan noqonuniy shaklda davom etmoqda.

Uning fikricha, bu vaziyat budjet tushumlarining yo‘qolishiga, halol ishlayotgan tadbirkorlarning ham yashirin sektorga o‘tishiga va nazorat organlarida korrupsiya xavflarining ortishiga olib kelmoqda.

Qonun loyihasi bilan:
kalyan chekishga faqat litsenziyalangan ixtisoslashtirilgan muassasalarda ruxsat berish;
kalyan xizmatlarini litsenziyalanadigan faoliyat turlari ro‘yxatiga kiritish;

binolar uchun alohida zallar, ventilyatsiya tizimlari va sanitariya me’yorlari bo‘yicha talablar joriy etish;
kalyan muassasalarining majburiy davlat reyestrini tashkil qilish taklif etilmoqda.

Qirg‘iziston hukumati fikricha, taqiqlash siyosati o‘rniga litsenziyalash va nazorat qilish mexanizmi mazkur sohani qonuniy maydonga chiqarish, sanitariya xavfsizligini oshirish hamda budjet daromadlarini ko‘paytirishga xizmat qilishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid