Logo

Toshkent xalqaro moliya markazi global indeksga kiritilishi mumkin — ekspert

Bugun 19:245 daqiqa

Geosiyosiy keskinliklar va global xavflar sharoitida diversifikatsiya moliya institutlari uchun strategik zaruratga aylanmoqda. Xalqaro ekspert Xubertus Vatning fikricha, bu O‘zbekiston va Toshkent xalqaro moliya markazi uchun yangi imkoniyatlar ochishi mumkin.

Toshkent xalqaro moliya markazi global indeksga kiritilishi mumkin — ekspert

22-oktabr kuni Xorijiy investorlar kengashi doirasida Toshkent xalqaro moliya markazini (TXMM) tashkil etish bo‘yicha ishchi guruh yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda Vaqt.uz muxbiri.

Yig‘ilishda investorlar oldida turgan amaliy to‘siqlar, yangi loyihalarni amalga oshirish va mavjud faoliyatni kengaytirish uchun zarur shart-sharoitlar muhokama qilindi.

Xorijiy investorlar kengashi kotibiyati rahbari Aziz G‘ofurov yig‘ilishda markazni tashkil etish maqsadlari va ishchi guruhning bundagi o‘rniga izoh berdi.

«Maqsadimiz shunchaki yana bir xalqaro moliya markazini tashkil etish emas. Biz investorlar amalda foydalanadigan moliya markazini yaratmoqchimiz», — dedi G‘ofurov.

Ishchi guruh esa markaz strategiyasi va ixtisoslashuvini ishlab chiqishdan tortib, moliyaviy mahsulotlar, xizmatlar va zarur infratuzilmani shakllantirishgacha bo‘lgan jarayonlarda ishtirok etadi.

Investorlar ehtiyojlari asosiy mezon bo‘ladi

G‘ofurovning so‘zlariga ko‘ra, investorlarning takliflari umumlashtirilib, amaliy tavsiyalar shaklida tegishli davlat organlari va TXMM loyiha jamoasiga taqdim etiladi. Ushbu jarayon bir martalik maslahatlashuv bilan cheklanmaydi. Kelgusida ishchi guruh yig‘ilishlari va maqsadli muhokamalarni davom ettirish rejalashtirilgan.

Investorlar markaz ekotizimini shakllantirishda moliyaviy mahsulotlarni ishlab chiqish, xalqaro tajriba bilan o‘rtoqlashish va hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish orqali ham qatnashishi mumkin.

IMG_20261022_151437

TXMMni rivojlantirishda uchta ustuvor yo‘nalish

«JP Morgan» kompaniyasining O‘zbekistondagi ijrochi direktori va ishchi guruh hamraisi Boboxon Abdullayev markazni rivojlantirish O‘zbekistonning mintaqaviy va global moliyaviy tizimdagi o‘rnini mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi.

Uning fikricha, buning uchun yangi institut tashkil etishning o‘zi yetarli emas. Puxta huquqiy baza, samarali institutsional mexanizmlar va manfaatdor tomonlarning muvofiqlashtirilgan faoliyati zarur.

«Demak, bugungi vazifamiz — maqsad va niyatlardan amaliy ijroga o‘tish», — dedi Abdullayev.

U ishchi guruh faoliyatining uchta asosiy yo‘nalishini qayd etdi:

Birinchisi — investorlar bilan muloqot qilish, ularning ehtiyojlari va investitsiyalarga to‘sqinlik qilayotgan omillarni aniqlash;

Ikkinchisi — shakllangan xalqaro moliya markazlarining institutsional modellari, huquqiy asoslari va moliyaviy infratuzilmasini o‘rganish;

Uchinchisi esa TXMMning raqobat ustunliklarini aniqlash, ixtisoslashuv yo‘nalishlari va ustuvor moliyaviy mahsulotlarni belgilashdan iborat.

O‘zbekiston xalqaro investorlar e’tiborida

Yig‘ilishda Xalqaro moliya markazlari Jahon alyansi raisi o‘rinbosari Hubertus Vat ham so‘z chiqdi.

Vatning fikricha, mamlakatdagi iqtisodiy o‘sish, keng ko‘lamli islohotlar va O‘zbekistonning strategik ahamiyati ortib borayotgani xalqaro moliya institutlari hamda bozor ishtirokchilari e’tiborini tortmoqda. Shuningdek, mamlakatning birja listingi, amalga oshirilayotgan islohotlar va Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish bo‘yicha ishlab chiqilayotgan mexanizmlar ham xalqaro miqyosda ijobiy baholangan.

IMG_20261022_151449

U bunga misol sifatida Bangkokda SWIFT direktorlar kengashining yaqinda tayinlangan a’zosi bilan suhbatlashganini keltirdi. Uning aytishicha, suhbatdoshi O‘zbekistonga tashrif buyurish va mamlakatning SWIFT global to‘lov tizimiga integratsiyasini yanada kuchaytirishga qiziqish bildirgan.

«O‘zbekiston endi nima uchun xalqaro e’tiborga loyiq ekanini tushuntirib o‘tirishi shart emas. Endi bu e’tiborni hamkorlik, investitsiyalar va institutsional sheriklikka aylantirish kerak», — dedi Jahon alyansi raisi o‘rinbosari.

Vat, shuningdek, Toshkent xalqaro moliya markazi Z/Yen tomonidan tuziladigan Global moliya markazlari indeksiga kiritilish arafasida ekanini bildirdi. Uning fikricha, bu Toshkentning xalqaro moliya hamjamiyatidagi o‘rnini mustahkamlash va shaharni global moliyaviy markazlar qatorida tanitish uchun imkoniyat yaratadi.

Xalqaro moliya bozorida yana bir muhim tendensiya — barqarorlikni ta’minlash va faoliyatni diversifikatsiya qilishga e’tibor kuchaymoqda. Vatning aytishicha, avval moliya institutlari uchun samaradorlik, xarajatlarni kamaytirish va o‘sish asosiy maqsad bo‘lgan bo‘lsa, bugun geosiyosiy keskinliklar, texnologiyalarga qaramlik, xavflarning bir joyda to‘planishi va operatsiyalar uzluksizligini ta’minlash zarurati strategik qarorlarga tobora ko‘proq ta’sir qilmoqda.

«Diversifikatsiya endi shunchaki investitsiya strategiyasi emas, balki operatsion zaruratga aylanmoqda», — dedi u.

Vatning fikricha, bu O‘zbekiston uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Toshkent xalqaro moliya institutlarining o‘rta ofis operatsiyalari, biznes uzluksizligini ta’minlash, zaxira operatsiyalari, autsorsing va boshqa yordamchi faoliyat turlari uchun muqobil manzilga aylanishi mumkin. Bunda mamlakatning yosh ishchi kүchi, raqobatbardosh xarajatlari, yaxshilanayotgan infratuzilmasi va islohotlarga yo‘naltirilgan siyosati ustunlik berishi mumkin.

Vat xalqaro moliya bozorlarida mamlakatning mavqei va indekslardagi o‘rni ham muhimligini ta’kidladi. U Indoneziya misolini keltirib, mamlakatning MSCI indekslaridan chiqarilishi mumkinligi haqidagi xabarlar va xavotirlar fonida o‘nlab milliard dollarlik aktivlar mamlakatdan chiqib ketganini qayd etdi.

«Iqtisodiyot ko‘lami va o‘sishning o‘zi moliya markazining raqobatbardosh deb tan olinishini kafolatlamaydi», — deb tushuntiradi Xalqaro moliya markazlari vakili.

U TXMMga O‘zbekistonni xalqaro indekslarda chegara bozorlar segmentidan rivojlanayotgan bozorlar segmentiga olib chiqishga qaratilgan puxta strategiya ishlab chiqishni tavsiya qildi. Bunday yondashuv xalqaro investorlar ishonchini mustahkamlash va mamlakatga katta hajmdagi kapitalni jalb qilish imkoniyatlarini kengaytirishi mumkin.

«Imkoniyatlar oynasi ochiq. O‘zbekiston xalqaro e’tibor markazida. Endi Toshkentni ham global moliya xaritasiga kiritish vaqti keldi», — deya xulosa qildi Vat.

Eslatib o‘tamiz, 25-iyuldan kuchga kirgan qonun bilan Toshkent xalqaro moliya markazi uchun alohida huquqiy rejim joriy etilgan. Markaz ishtirokchilari 2076-yilgacha soliq imtiyozlaridan foydalanishi, kapitalni cheklovlarsiz olib chiqishi hamda ingliz huquqi asosida faoliyat yuritishi mumkin bo‘ladi.

Sentyabr oyida prezident farmoni bilan Saida Mirziyoyeva amaldagi lavozimini saqlagan holda Toshkent xalqaro moliya markazi boshqaruvchisi etib tayinlangandi.

Vaqt.uz avvalroq kimlar markaz ishtirokchisi bo‘la olishi va imtiyozlardan foydalana olishi haqidagi maqolani e’lon qilgandi.

Teglar

Maftuna Yaxshilikova

Maftuna YaxshilikovaMaqolalar soni: 217

Barchasi

Mavzuga oid