“Vaqt o‘tib Yevropa ham qo‘shilishga majbur bo‘ladi” – siyosatshunos “Tinchlik kengashi” va O‘zbekistonning unga a’zoligi haqida

26.02.2026 | 14:153 daqiqa

“Fikr vaqti” dasturining navbatdagi sonida AQSH prezidenti Donald Tramp asos solgan “Tinchlik kengashi” va O‘zbekistonning unga a’zoligi masalasida ham so‘z bordi. Dastur davomida siyosatshunos Bektosh Berdiyevning ta’kidlashicha, ayni vaqtda G‘azoni tiklash bo‘yicha yangi kengashdan boshqa tuzilmaning o‘zi yo‘q.

“Vaqt o‘tib Yevropa ham qo‘shilishga majbur bo‘ladi” – siyosatshunos “Tinchlik kengashi” va O‘zbekistonning unga a’zoligi haqida

O‘zbekiston va Qozog‘iston Tinchlik kengashi imkoniyatlarini juda erta baholamayaptimi?

Bektosh Berdiyevga ko‘ra, “Tinchlik kengashi” hozir juda balandparvoz gaplar bilan maqtaladimi yo yerga uriladimi, uni baribir aniq prognozlar orqali baholash qiyin.

“Bu, birinchidan. Ikkinchidan, AQSHday mamlakat va ayniqsa Donald Tramp tomonidan ilgari surilayotgan bu tashabbus keyingi uch yil davomida juda katta yutuqlarga erishishi ham mumkin. Agar kengash o‘zini amaliyotda isbotlay olsa, bu tuzilma bundan keyin ham faoliyat yuritib ketishi mumkin. Yoki Donald Trampdan keyin kelgan prezident ham uning ishini davom ettirishi mumkin. Bu haqda hozirdan nimadir deyish qiyin”, – dedi u.

Yevropaning Tramp tashkil qilgan kengashga a’zo bo‘lishni istamayotgani haqida

Siyosatshunos dastur davomida bu masalada ham o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

“Fikrimcha, Donald Tramp Yevropani kengashga jalb qilaman, deya o‘lib turgani ham yo‘q. Chunki Tramp istasa, Yevropadagi aksar mamlakatni majburlab ham a’zo qila oladi. Unda buning uchun iqtisodiy, siyosiy va boshqa mexanizmlar bor, albatta. Lekin Donald Tramp hozircha Yevropa davlatlari bilan ishlamoqchi emas. Lekin bu Yevropa kelajakda ham tashkilotdan chetda qoladi, degani emas. Mana, ko‘rasiz, hali Polsha va Boltiqbo‘yi mamlakatlari bor va ular, masalan, AQSH bilan o‘ta yaqin munosabatda. Va hatto, masalan, Viktor Orban va Vengriya bor. Menimcha, Vengriya ham bu tuzilmadan chetda qolmasligi mumkin. Chunki Yevropa bu faqat Fransiya, Germaniya yoki Buyuk Britaniya emas. Barcha masalada til topishavermaydi. Kecha Ukrainaga 90 milliard yevro ajratish jarayonini ko‘ryapmiz-ku, Viktor Orban, masalan, unga “veto” qo‘yib turibdi. Xuddi shunday, demak, Yevropa mamlakatlari ham keyinchalik, masalan, oradan olti oy o‘tar, bir yil o‘tar, bunga qo‘shilishi mumkin.

Yoki Yevropa mamlakatlarining bugun Falastinga nisbatan munosabati qanday? Ha, uni qo‘llab-quvvatlamoqchi, ijobiy yordam qilmoqchi, hatto Falastin davlatini tan olganlari ham bor. Lekin qaysi mexanizm orqali qiladi? Qanday qilib qo‘llash mumkin? Mana, bu jihatlarda ular baribir Amerika Qo‘shma Shtatlarining, qo‘shtirnoq ichida aytganda, qosh-qovog‘i yoki siyosatiga qaraydi”, – dedi Berdiyev.

“Puli bor mamlakatlar ko‘p, lekin ular nima qila olyapti?”

Tahlilchining fikricha, real vaziyat jihatidan bugun qanchalik katta mablag‘lar bo‘lmasin, G‘azodagi qayta qurish, tinchlik o‘rnatish AQSH ishtirokisiz bo‘lmaydi.

“Endi qarang, arab davlatlarining, masalan, Qatar, Saudiya Arabistoni, Kuvaytning milliardlab puli bor. Lekin ular ham bugun nima qilishni bilmay turibdi. Lekin Amerika Qo‘shma Shtatlarining siyosiy irodasi bo‘lmasa, bular uncha-muncha davlatga pul ham tika olmaydi, investitsiya qilib ham kirita olmaydi. Ular qarab turadi: Amerika Qo‘shma Shtatlari, masalan, sanksiya joriy qilgan mamlakatlarga umuman yaqinlasha olmaydi. Erkin emas bu borada. Dunyo mamlakatlari Amerika Qo‘shma Shtatlaridan erkin emas. Xuddi shunday, G‘azo masalasida ham.

Mana, 2023 yildan beri deyarli uch yil o‘tdi. Lekin Amerika ishtirokisiz hech kim hech narsa qilolgani yo‘q va qilolmaydi ham. “Tinchlik kengashi”ni Donald Tramp qilib berdi bularga. Marhamat, pul tikinglar. Ana endi pul topilyapti. Ungacha pul bor edi, lekin sarflash uchun mexanizm yo‘q edi. Isroilni tiyib turishga ham hech kimning qudrati yetmaydi, to Amerika Qo‘shma Shtatlari aralashmas ekan. Shu nuqtai nazardan, u deymizmi, bu deymizmi, “Tinchlik kengashi”dan boshqa tuzilmaning o‘zi yo‘q. Bundan boshqa tashabbusning, normal tashabbusning o‘zi yo‘q. Shuning uchun ham loyiha musulmon mamlakatlari tomonidan jiddiy qo‘llab-quvvatlanmoqda. Va, menimcha, kelajakda Yevropa ham, to‘g‘ridan-to‘g‘ri a’zo bo‘lmasa-da, har qalay shu tuzilma orqali ishlash istagini bildirsa kerak”, – dedi siyosatshunos Bektosh Berdiyev.

Dasturni to‘liq holda ushbu havola orqali tomosha qilishingiz mumkin.

 

Teglar

Ilyos Safarov

Ilyos SafarovMaqolalar soni: 68

Barchasi

Mavzuga oid